Xotin-qizlar ta’limini rivojlantirish uchun qo’shimcha mablag’lar ajratiladigan bo’ldi

1-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ayollarning jamiyatdagi o’rnini mustahkamlash yuzasidan videoselektr bo’lib o’tdi. Biz videoselektrda ayollar ta’limiga oid ko’tarilgan muhim masalalar to’plamini tayyorladik.

2022-2026-yillarga mo’ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo’llab-quvvatlash milliy dasturi ishlab chiqiladi. Dastur doirasida, poytaxtimizda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochiladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Buning uchun, joriy yilda banklarga 1 trillion 800 milliard so‘m, kelgusi besh yilda 8 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Yana bir yangilik: kelgusi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, otasi yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lanadi.

Jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Monomarkazlar va oliygohlar qoshida Malakani baholash markazlarini tashkil etish, ayollarni talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

2022-2024 yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinishi belgilandi. Uning ijrosiga jami 8 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ayollar uchun tadbirkorlik kurslari tashkil etiladi, imtiyozli kreditlar beriladi.