Toshkent viloyatida Agrar universiteti talabasi vafot etdi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida 12 aprel kuni 21 yoshli yigit sport klubida vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 22:15 da Yangiyo‘l tumanida yashagan, Toshkent davlat agrar universitetining 2-bosqich talabasi Yangiyo‘l shahri tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga olib kelingan.

Marhum talabaning Yangiyo‘l shahri «Ramadan» MFYda joylashgan sport klubida sog‘lig‘i yomonlashib qolgan va shu yerning o‘zida vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, uning o‘limi o‘tkir yurak yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqqani va marhumda tan jarohatlari yo’q ekanligi qayd etildi.

Holat yuzasidan Yangiyo‘l shahri prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.