Talabalar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha “Coca-Cola talabalar kubogi” turniri o‘tkaziladi

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, OʻFA va OʻzPFL “Coca-Cola” kompaniyasi bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Biz – yangi O‘zbekiston yoshlarimiz” shiori ostida mini-futbol boʻyicha “Coca-Cola Student Cup” turniri tashkil etiladi.

Turnirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 116 ta oliygohlar o‘z jamoalari bilan ishtirok etadi.

Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab jamoalar viloyat bosqichida ishtirok etadi. Viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 13 ta jamoa Talabalar kubogining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Poytaxtdagi 42 ta oliy o‘quv yurti jamoalari yana 3 ta finalga yoʻllanma uchun kurash olib boradi.

Viloyat bosqichi musobaqalari 13–21-may kunlariga belgilangan.