Xabar qilinishicha, fuqaro huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilib, o‘qishga kirishi uchun jiyanining hujjatlarini topshirish tartibi bilan tanishib yurgan vaqtida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Sirtqi bo‘lim boshlig‘i bilan tanishib qolgan. Ushbu shaxs uning ishonchiga kirib, jiyanini dizayn fakultetiga o‘qishga joylashtirib qo‘yishini aytib, evaziga 5000 dollar miqdorida pul talab qilgan.
Arizaga asosan 1 iyul kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida X.V. ariza muallifidan talab qilgan 5000 dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.