Abduqodir Toshqulov talabalar bilan bokalda choy ichdi

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent davlat texnika universitetining 54-talabalar turar-joyini borib koʻrdi.

Oʻrganish davomida umumiy sigʻimi 446 oʻringa moʻljallangan yotoqxonadagi sharoit – yaqinda kapital taʼmirdan chiqarilgan,  zamonaviy jihozlangan, bir soʻz bilan aytganda obod holga keltirilgan yotoqxonadan talabalar qay tarzda foydalanayotgani hamda boʻsh vaqtlarida nimalar bilan band va mashgʻul ekanliklari koʻzdan kechirildi.

Koʻzdan kechirish jarayonida binoda internet tezligi yetarli emasligi, sport zal yo’qligiga, shuningdek, talabalar darsliklar bilan toʻliq taʼminlanmagani, badiiy adabiyotlar tanqisligi, dars tayyorlashga moʻljallangan xonalarda gilam va yoritgich yetishmasligi, maʼnaviyat xonasidan deyarli foydalanmaslik holatiga guvoh boʻlindi.  

Vazir barchasi oʻgʻil bolalardan iborat mazkur yotoqxona talabalari bilan samimiy suhbatda boʻldi. Suhbat davomida bugun ulardan kutilayotgan narsa, avvalo, oʻzlari yashayotgan hamda taʼlim-tarbiya olayotgan maskanlarini hurmat qilishlari va oʻz uylaridek tutishlari, undan keyin oldilariga qoʻygan maqsad sari faqat va faqat oldinga harakatda boʻlishlari zarurligini oʻqtirdi.

– Yaxshi mutaxassis kadr boʻlishingiz uchun  oʻz ustingizda muntazam ishlashingiz, koʻproq mehnat qilishingiz lozim. Bu, albatta, ertaga oʻz mevasini beradi.  – deydi A.Toshqulov