O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi bilan 2023/2024-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi (granti) parametrlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra:
– bakalavr kunduzgi ta’lim shakliga – 34 860 nafar;
– magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 8 923 nafar grant o‘rinlari ajratildi.
Shunga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan:
– umumiy davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari tuman (shahar) kesimida;
– hamda ta’lim tillari bo‘yicha taqsimoti 20-iyunga qadar tasdiqlanib, e’lon qilinadi.
Shuningdek, davlat OTMlariga to‘lov-kontrakt asosidagi kvotalar esa:
– tizimida OTMlar bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishgan holda;
– moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlari Kuzatuv kengashlari tomonidan 20-iyunga qadar tasdiqlanadi.