Profilaktika inspektorlari OTMga oʻqishga imtihonlarsiz qabul qilinishi mumkin

“Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yoʻnalishdagi bilimlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–23-son, 30.11.2021-y.) qabul qilindi

Qarorga koʻra, 2022/2023 oʻquv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilinadi:

– Jamoat xavfsizligi universitetiga;

– Toshkent davlat yuridik universitetiga;

– yurisprudensiya sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlgan boshqa davlat OTMga (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti bundan mustasno).

Bunda profilaktika (katta) inspektorlariga oʻqishga tavsiyanomalar berish uchun komissiya tashkil etilib, nomzodlar test imtihonlaridan oʻtkaziladi.

Tavsiyanomalar OTM oʻrtasida teng taqsimlanadi.

Oʻqishga qabul qilish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablagʻlari respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlab beriladi.

Tavsiyanomaga ega profilaktika (katta) inspektorlari OTMning sirtqi taʼlim shakliga qabul parametrlaridan tashqari oʻqishga qabul qilinadi.

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-maygacha 100 nafar profilaktika (katta) inspektorlariga tavsiyanoma berilishi nazarda tutilgan. 

Tavsiyanoma asosida OTMda sirtqi taʼlim shaklida oʻqigan bitiruvchilarga ichki ishlar organlarida kamida 5 yil xizmat oʻtab berish majburiyati yuklatiladi.