«Потребитель Бухара» 19-sonli maktabning so‘nggi qo‘ng‘irog‘ida sodir bo‘lgan voqeani izohladi

25-may kuni Buxoro shahridagi 19-umumtaʼlim maktabida so‘nggi qo‘ng‘iroq chog‘ida 11-sinf o‘quvchisi unga faxriy yorliq berilmaganidan g‘azablanib maktab direktorining ustiga suv quydi.

Ichki ishlar xodimlari o‘quvchining qilmishini o‘rganar ekan, “Потребитель Бухара” voqeaga shunday izoh berdi:

«Voqea joyidan olingan bir nechta videolarni diqqat bilan tomosha qilib, ushbu maktabning bir nechta ota-onalari va o‘quvchilaridan intervyu olib, odamlarning barcha sharhlarini o‘rganib chiqqandan so‘ng, ota-onalar, maktab maʼmuriyati va shahar eʼtiborini taʼlim muassasasida uzoq davom etgan manfaatlar to‘qnashuvga qaratmoqchimiz: maktab direktori rusiyzabon sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalariga nisbatan noxolis munosabatda bo‘lgan, millatchilik bayonotlariga yo‘l qo‘ygan.

Hatto so‘nggi qo‘ng‘iroqda ham o‘zbek sinf o‘quvchilari to‘liq qatnashishgan.

Taʼlim tizimi va tegishli idoralar direktorning xatti-harakati va gaplari qanday oqibatlarga olib kelganiga eʼtibor qaratishi lozim. Tabiiyki, onasi kasal bo‘lib, tez yordam mashinasi olib ketib, shunday qilgan o‘quvchini taʼqib qilishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Qolaversa, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayramida imtihonlarda yiqitish hamda diplom bermaslik bilan o‘quvchilarni qo‘rqitish shunchaki ularning ustidan kulish va o‘ta nopedagogiklikdir.

«Потребитель Бухара» bu holatni oxirigacha yoritishdan tiyildi, biroq noto‘g‘ri maʼlumotlar tarqalayotganini ko‘rib, haqiqatni yetkazishga qaror qildi.

Gap nafaqat haqiqatda, balki respublikamizda hamisha bag‘rikenglik hukm surgan, barcha millat va elat vakillari istisnosiz tinch-totuv, do‘stlik, o‘zaro hurmat-ehtiromda yashab kelganidadir. Ayniqsa, taʼlim muassasalarida bunday millatchilik ko‘rinishlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.