26-29 oktyabr kunlari Nobel festivali o’tkaziladi

2021-yil 26–29-oktyabr kunlari «Kelajak – bugun» mavzusiga bagʻishlangan Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy-maʼrifiy tadbir – Nobel festivali oʻtkaziladi. Ozarbayjon, Qozogʻiston, Oʻzbekiston studiyalaridan butun dunyo uchun jahon ilm-fan, biznes yulduzlari va innovatorlari bilan suhbat va maʼruzalarning ochiq translyatsiyasi oʻtkaziladi.

Joriy yilda Yuval Noy Harari – jahon tarixchisi va «Sapiens: Insoniyatning qisqacha tarixi» bestseller kitobi muallifi, Jeyn Gudoll – taniqli tabiat himoyachisi va BMT Tinchlik elchisi, Jonatan Medved – Isroil startaplarining otasi, Garrik Xilleman – kriptovalyutalar boʻyicha jahon eksperti va boshqalar Markaziy Osiyo yoshlari uchun nutq soʻzlaydilar. Ular bilan birgalikda dunyoning eng nufuzli universitetlari, xususan, London iqtisodiyot maktabi, MIT, Kaliforniya universiteti, London Imperial kolleji, Vashington universiteti professorlari, shuningdek, Microsoft, Google, SAP, Chevron, Coca-Cola kabi yirik xalqaro korporatsiyalar rahbarlari va yetakchi mutaxassislari festivalda ishtirok etadi.

III Nobel festivali doirasida Nobel Fest hamkorlari boʻlgan universitetlar uchun maxsus innovatsiya, kimyo, fizika, kosmologiya, iqtisodiyot, taʼlim va texnologiya yoʻnalishlari boʻyicha Nobel mukofoti laureatlarining anʼanaviy maʼruzalar ketma-ketligi oʻtkaziladi.

Nobel laureatlaridan ma’ruzalarning o‘tkazilishi oliygohlar uchun Nobel laureatining eksklyuziv ma’ruzasini tinglash, taniqli laureatni universitet maʼruzachisi sifatida kiritish va jahon reytinglarida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun noyob imkoniyatdir. Ziyo Forum ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish fondi tadbirning O‘zbekistondagi tashkilotchi-hamkori bo‘ldi.