Rossiyaning Iqtisodiyot oliy maktabi O’zbekiston OTMlariga kuchli TOP-1000 talikka kirishga yordam beradi

Joriy yilning 17-noyabr kuni Rossiyaning Iqtisodiyot oliy maktabi kampusida Taʼlim inspeksiyasi mutaxassislari va mamlakatimiz OTMlari rektorlari uchun “Oliy taʼlim muassasalari xalqaro raqobatdoshligini oshirish” boʻyicha davra suhbati tashkil etildi.

Unda Rossiya Federatsiyasi tomonidan milliy oliy taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan “5–100” loyihasi va uning davomi sifatida yaqinda boshlangan “Prioritet – 2030” loyihalari muhokama qilindi.

Maʼlumki, oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlanish konsepsiyasida 10 ta oliy taʼlim muassasalarini xalqaro institutsional reytinglarda (THE, QS, ARWU) kuchli 1000 talikka kiritish maqsad qilib belgilangan.

OTMlarning xalqaro darajadagi akademik va ilmiy-tadqiqot ustunligini yaratish aniq rivojlanish strategiyasiga va salohiyatga ega boʻlgan OTMlar uchun moliyaviy resurslarni maqsadli mobilizatsiya qilishni talab qiladi.

Rossiya ham aynan shu yoʻldan bordi. THE reyting agentligining 2022-yil reytingida Rossiya uchun rekord natija qayd etildi: Rossiyaning 60 OTMlari top-1000 talikdan oʻrin egalladi.

Iqtisodiyot oliy maktabi ham “5-100” dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etib, xalqaro institutsional reytinglarda 305+ oʻrinlarni, xalqaro soha reytinglarida 45+ oʻrinlarni va yosh universitetlar reytingida 31-oʻrinni egallagan.

Seminar yakunida Rossiyaning Iqtisodiyot oliy maktabi vakillari Taʼlim inspeksiyasiga oʻzbek oliy taʼlim muassasalarining xalqaro darajadagi kadrlar tayyorlash va ilmiy raqobatdoshligini oshirish boʻyicha “Taʼlimda yuksalish – 2030” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmak berishini maʼlum qildi.