“Olima ayollar” tanlovi eʼlon qilindi

Tanlovning asosiy maqsadi – respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-taʼlim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlarning yangi gʻoya va ishlanmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar natijalari boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning mavjud muammolari, real ehtiyojlari hamda hududiy muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy hajmdor mahsulotlar va innovatsion texnologiyalarni yaratishdan iborat.

Vazirlik huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Olima ayollar” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanloviga quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha arizalar qabul qilinadi:

  • Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik;
  • Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari;
  • Biologiya fanlari;
  • Biotexnologiya fanlari;
  • Filologiya va ijtimoiy fanlar;
  • Huquq fanlari;
  • Iqtisod fanlari;
  • Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiya;
  • Matematika, fizika va mexanika fanlari;
  • Pedagogika va psixologiya fanlari;
  • Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari;
  • Tarix va arxeologiya fanlari;
  • Texnika fanlari;
  • Tibbiyot fanlari;
  • Veterinariya va chorvachilik yo‘nalishi;
  • Farmakologiya va farmasevtika fanlari;
  • Yer to‘g‘risidagi fanlar.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar www.grant.mininnovation.uz – davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi orqali
2023-yilning 5-mayiga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Tanlov shartlari:

  • Loyiha ijrochilarining tarkibi faqatgina xotin-qizlardan iborat boʻlishi, ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi, shuningdek ilmiy jamoada yosh olimalar, iqtidorli talaba va magistrantlar ishtirok etishi lozim;
  • Tanlovda ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarida hamda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda ishlayotgan ilmiy darajaga ega xotin-qizlar ishtirok etishi mumkin.