OʻzMU talabalaridan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash aksiyasi

Ishtirokchilar seksizm, oiladagi zo‘ravonlik va ayollar huquqlariga bag‘ishlangan plakatlar namoyishini oʻtkazdi.

25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kunida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari ayollarni qo‘llab-quvvatlash boʻyicha aksiya tashkil qildilar.

Ishtirokchilar qoʻllarida toʻq sariq rangli sharchalar va bilaklarida esa toʻq sariq lentalar bogʻlab olgan edi.  Ma’lumki, toʻq sariq rang xalqaro hamjamiyat tomonidan ayollarning zo‘ravonliksiz porloq kelajagiga umid ramzi sifatida tanlangan.

Universitet binosida zo‘ravonlik qurbonlarining suratlari va Jinoyat kodeksi moddalaridan parchalar to‘q sariq lentalar bilan osib qo‘yildi. Talabalar koʻplab mamlakatlarda qabul qilingan «Menga yordam kerak» va «Oiladagi zo’ravonlik» mazmunidagi belgilarni osishgan.

«Seksizm, mizoginiya, fohishalarni uyaltirish, taʼqib qilish, zoʻravonlik, jabrlanuvchilarni ayblash, menspleying, ksenofobiya – biz bulardan charchadik. Hammasi oʻtib ketadi, bu NORMAL HOLAT deb jim turishdan, chidashdan charchadik. Biz qoʻrqishni, uyatni, yashirishni va yopillshni xohlamaymiz. Biz, shunchaki, oʻzimiz boʻlishni, nima kiyish, nima qilish, oʻylash, aytishni oʻzimiz tanlashni xohlaymiz» – deya fleshmob ishtirokchilari Internetda maʼlum qildilar.