Оʻzbekiston va Polsha universitetlari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

26 aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Oʻzbekiston va Polshada oliy taʼlimni rivojlantirish strategiyalari” mavzusiga bagʻishlangan Oʻzbekiston-Polsha oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston tomonidan 30 tadan ortiq oliy taʼlim muassasalari rektorlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Polsha tomondan Taʼlim va fan vaziri Pshemislav Charnek, Polshaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Radoslav Gruk, Polsha oliy taʼlim muassasalari rektorlar Kengashi prezidenti Arkadius Mezyuk va 10 dan ziyod oliy taʼlim muassasasi rektorlari oʻz maʼruzalari bilan qatnashishdi.

Maʼruzalarda Polshaning yetakchi universitetlari tajribasi asosida Oʻzbekiston oliygohlarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish boʻyicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, xalqaro va milliy ekspertlarning ilmiy gʻoyalar hamda ilmiy-amaliy tajriba almashinuvi platformasini yaratish hamda erishilgan natijalarni keng jamoatchilikka tarqatish kabi masalalar oʻrin oldi.

Konferensiya ikki seksiyadan iborat boʻlib, ularda Oʻzbekiston va Polsha oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik platformalarini yoʻlga qoʻyish masalalariga bagʻishlandi.