Innovatsion rivojlanish vazirligi xotin-qizlar o‘rtasida tanlov e’lon qiladi

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlarni mamlakatimiz ilm-faniga keng jalb etish, ilm-fan va ta’limning turli yo‘nalishlarida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning yangi g‘oya va ishlanmalarini, innovatsion, amaliy-innovatsion loyihalari natijalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-87-son qarori asosida tashkil etildi. 5.2-bandda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar doirasida Oila va xotin-qizlar masalalari davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi «Ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan tashkil etildi. Jarayon 133-sonli qaror talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar www.grant.mininnovation.uz – davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi orqali 2022-yilning 2-mayiga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.