Toshkent arxitektura-qurilish instituti Toshkent arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, u muhandislik, arxitektura, qurilish hamda qurilish materiallari texnologiyalari yo‘nalishlariga ixtisoslashtirildi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, madaniy meros ob’ektlarini tiklash, dizayn, arxitektura, qurilish, urbanizatsiya va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirildi.
Shuningdek, ushbu universitetlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazildi.
Universitetlarda o‘quv jarayonlari davlat, ingliz va boshqa xorijiy tillarda kredit-modul tizimi asosida olib boriladi hamda ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshirishga yo‘naltirilgan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi.
Yuqori kurs talabalari va magistrantlar ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qilinadi hamda ular respublika hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish loyihalariga jalb etiladi.
Universitetlarga ilmiy daraja va unvonlar beruvchi Ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini tasdiqlash huquqi beriladi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab Universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Universitetlar tuzilmasida Strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor lavozimi joriy etiladi.
2023-yil 1-martga qadar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini xalqaro ta’lim va kasb klassifikatorlariga muvofiq maqbullashtiriladi.
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Texnopark, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Inkubatsiya markazi tashkil etiladi.