Garvard universiteti bilan hamkorlikda O’zbekistonda tibbiy genetika markazi tashkil etiladi

Mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari dunyodagi eng nufuzli va eng qadimgi universitetlardan biri – Garvard universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o’tkazdilar.

Uchrashuv davomida ushbu universitet bilan keng ko’lamli hamkorlik bo’yicha qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Garvard Genomika markazi bilan tibbiy genetika bo’yicha kelishuv mamlakatimizda ushbu yo’nalishni tizimli yo’lga qo’yish uchun muhim asos bo’lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu hamkorlik mamlakatimizda tibbiy genetika markazini tashkil etish va uni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, Garvard universitetida o’zbek mutaxassislarini qayta tayyorlash va tayyorlashni nazarda tutadi.

Shuningdek, sog’liqni saqlash tizimi rahbarlarini o’qitish, tibbiy genetika sohasidagi mutaxassislarni ularning malakasini oshirish orqali trener sifatida tayyorlash, Garvard universiteti va mamlakatimiz ixtisoslashtirilgan oliy o’quv yurtlari, ixtisoslashtirilgan markazlar o’rtasida tibbiy ta’lim sohasida hamkorlikni yo’lga qo’yish, ilmiy aloqalarni kengaytirish rejalashtirilgan.

O’z navbatida, amerikalik hamkorlarimiz Toshkent tibbiyot akademiyasi biotexnologiya markazining genetik ilmiy laboratoriyasi negizida hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.