Endilikda ish tajribasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar oliygohlarga imtihonsiz kirishlari mumkin

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, kamida 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz kirishlari mumkin bo‘ladi. Taʼlim olgandan keyin ular yana 5 yil tanlagan yoʻnalish boʻyicha ishlashlari kerak boʻladi.

Qarorda yakka tartibdagi kvotalarni taqsimlash, yakka tartibda test sinovlarini o‘tkazish tartibi, shuningdek, ish stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarning yo‘nalishi belgilab berilgan.

Dasturda ishtirok etish uchun Xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasidan tavsiyanoma olish kerak bo‘ladi. Buning uchun yashash joyidagi tuman bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qilish kerak boʻladi. Arizalar har yili 1-maydan 1-iyungacha qabul qilinadi.

Tavsiyanoma bir marta berilib, 3 yil davomida amal qiladi. U bilan xotin-qizlar O‘zbekistondagi bakalavriat oliy o‘quv yurtlarining ta’lim yo‘nalishiga kirishlari mumkin bo‘ladi. Shu oʻrinda, qaror oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, xorijiy va nodavlat tashkilotlarga taʼsir koʻrsatmaydi.