Buxoro muhandislik-texnologiya institutida 4 milliard so‘mga yaqin moliyaviy kamchiliklar aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan institutda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida moliyaviy hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha kamchiliklar, byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish, ish haqi va stipendiyalarni noto‘g‘ri to‘lash, davlat xaridlarida qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, institut rektori N.Barakayevga institutga xodimlarni ishga olish jarayonida tanishlari va qarindoshlarini qabul qilishda, jumladan, o‘zining yaqin va uzoq qarindoshlarini ishga qabul qilish va lavozimga tayinlashda ijtimoiy adolat mezonlari buzilgani toʻgʻrisida ayblovlar qoʻyildi. Agentlikka institut xodimlaridan shikoyatlar kelib tushdi.

“Bu murojaatlarga koʻra N.Barakayev turmush o‘rtog‘i Nodira Ibrohimovani katta o‘qituvchi, singlisining qizi Rayxon Veliyevani ish yurituvchi dispetcher, kelinining qizi Umida Sharipovani uslubchi o‘rinbosari, kuyovi Ilhom Bafoevni bosh auditor etib tayinlagan. Shuningdek, Bafoevning maoshi 200 foizga oshirilgani maʼlum qilingan.

Agentlik tomonidan mazkur murojaatlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga yuborilganiga qaramay, bu masalalar o‘rganish ishlari boshlanguniga qadar hal etilmagan. Natijada bu holatlar shikoyatchilarning haqli e’tirozlariga va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi”, — deyiladi agentlik xabarida.

Murojaat asosida institutda olib borilgan o‘rganishlar natijasida 4 milliard so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. To‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ham korrupsiyaning sabablari va shartlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish boʻyicha tavsiyalar berildi.