toshkent davlat iqtisodiyot universiteti


XX asr boshlarida Markaziy Osiyo hududida – O‘zbekitonda uchta tijorat bilim yurti savdo-sanoat firmalari va banklar uchun mutaxassislar tayyorlab bergan. Rasman oliy maqomli iqtisodchilarni tayyorlash 1918-yil 12-may Turkiston davlat universitetining tashkil etilishidan boshlangan. Bu universitetning tarkibidagi Jamiyatshunoslik va Iqtisodiyot fakulteti Markaziy Osiyo uchun oliy ma’lumotli iqtisodchilarni muntazam ravishda tayyorlay boshlagan.

1931-yil 15-fevralda Toshkentda iqtisodchi xodimlar tayyorlovchi Rejaviy institut tashkil etilgan. Davr o‘tib, bu oliy o‘quv yurti avvaliga Xalq xo‘jaligi instituti, keyinroq Tijorat-kooperativ instituti deb nomlandi.

Iqtisodchi mutaxassislarga talab ortib borayotganligini hisobga olib, 1931-yil 13-avgustda Turkiston davlat universitetining Iqtisodiyot va Jamiyatshunoslik fakultetlari bazasida O‘rta Osiyo moliya-iqtisodiyot institutitashkil etildi, natijada O‘rta Osiyo respublikalarining moliya-kredit tizimlari uchun xodimlar tayyorlab beruvchi Toshkent Moliya-iqtisodiyot instituti vujudga keldi. Uning oldiga O‘rta Osiyo uchun moliya-kredit va hisoblash tizimlari bo‘yicha oliy toifali mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yilgan edi. Bu O‘zbekistonda iqtisodchi xodimlar tayyorlashning birinchi davri edi. 1931 yilning 1 sentyabrida istitutda birinchi qo‘ng‘iroq chalinib, mashg‘ulotlar universitet uchun mo‘ljallangan avvalgi eski binoda boshlandi. Institutga kirish u paytlarda Arpa-poya ko‘chasi tomonidan edi. A.S. Xoliqov rektor (u paytlarda direktor) lavozimiga tayinlandi (1931–1934 yy.).

Asosan hozirgi TDIUning shakllanishi va rivojlanish davrini O‘zbekistonning mustaqillikni qo‘lga kiritishi va o‘tayotgan davrning har bir yilini ahamiyat jihatidan tariximizning o‘n yilligiga, hatto asrlarga tenglashtirish mumkin desak mubolag‘a bo‘lmaydi, degan edi birinchi Prezidentimiz.

O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgungacha bo‘lgan uning shakllanish davri (1931–1991 yy.).
TDIUning mustaqillik yillaridagi rivojlanish davri (1991-yildan keyingi yillar).
O‘rta Osiyo Moliya-iqtisodiyot instituti hozirgi TDIUning kurtagi, asosi va dastlabki ko‘rinishi edi. U o‘zining shakllanish va rivojlanish bosqichlarida tashvishli, ziddiyatli, murakkab va shon-sharaflarga to‘la yo‘lni bosib o‘tdi. Uning faoliyati zamon talablariga to‘liq javob bera oladigan, kelajakni oldindan ko‘ra bila oladigan oliy malakali iqtisodchi mutaxassislar tayyorlashga va iqtisod ilmini yanada yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishga qaratilgan edi.

Hozirgi davr mutaxassisi o‘z sohasining bilimdoni, jismonan sog‘lom, tarbiyali hamda har tomonlama yuksak rivojlangan bo‘lishi lozim. Bu vazifalarni to‘g‘ri va ijobiy hal qilishda, universitetning shakllanishi va rivojlanishida o‘quv-uslubiy va ta’lim-tarbiyaviy ishlar alohida ahamiyat kasb etdi. Shuning uchun ham bu davrga kelib universitet rahbariyati ushbu masalalarga jiddiy talab qo‘ya boshladi. O‘quv-uslubiy ishlarni ilmiylik asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi va bu yo‘nalishdagi boshqaruv tuzilishining yuqori darajalarga ko‘tarilishi esa o‘z navbatida malakali mutaxassislarni sifatli, salohiyatli etib tayyorlash ishlari tobora takomillashib bordi.

Istiqlol yillarida davr, zamon talabi, iqtisodiyotning muhim va alohida ahamiyatli rivojlanayotgan yo‘nalishlariga muvofiq yangi kafedralar ham tashkil topdi. 1989-yil aprelda “Marketing” va “Tashqi iqtisodiy faoliyat”, 1990-yil mart oyida “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kabi kafedralar barpo etildi. 1996 yilda “Tashqi iqtisodiy faoliyatda buxgalteriya hisobi va audit” hamda “Audit” kafedralari tashkil etildi. 1997-yilda “Qimmatbaho qog‘ozlar, sug‘urta ishi va fond birjalari” kafedrasi, shu yilning may oyida esa “Menejment” kafedrasi tashkil topdi. 1990-yilda “Savdo menejmenti” va “Xalqaro turizm iqtisodiyoti”, “Ijtimoiy psixologiya” kafedralari 1998 yil avgust oyida qayta tashkil etildi. 1997-yil “Pedagogika” va “Xalqaro biznes” kafedralari tuzildi. Xuddi shu yili “Tashqi iqtisodiy faoliyatni muqobillashtirish va bojxona ishi” kafedrasi, 1999-yilning yanvar oyida “Xalqaro moliya va bank ishi”, oktyabr oyida esa “Turizm marketingi”, “Turizm servisi”, “Turizm menejmenti” kafedralari yuzaga keldi. Shu kabi kafedralar negizida 1990-yil avgust oyida 7 ta kafedrani o‘z ichiga oluvchi “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakulteti tashkil etildi. 1995-yil dekabr oyida 5 kafedrani o‘z ichiga oluvchi “Xalqaro turizm” fakulteti tashkil topdi.

Universitet zamon bilan hamnafas, kundan-kunga kengayib bormoqda. Yangidan-yangi fakultet, kafedra, laboratoriya o‘quv markazlari, ixtisoslashgan tarmoq kengashlari za monaviy talablarga muvofiq tarzda tashkil topib bordi.

1997—1998-o‘quv yilidan boshlab esa universitetimizda jahonning yetakchi universitetlari tajribalari asosida magistratura tashkil etildi.

Bozor iqtisodiyotiga o‘tish va iqtisodiy munosabatlarni shakllantirish sharoitida bir tomondan, ilmiy xodimlarni ko‘paytirish, ikkinchi tomondan, yangi mutaxassislik fanlari bo‘yicha ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash masalalari qo‘yildi. Universitetda aspirantura, doktorantura yo‘li bilan ilmiy xodimlarni tayyorlash imkoniyatlari chetdan kelgan ilmiy xodimlar hisobiga ham kengaydi.


Universitetda hozirgi paytda respublikada xizmat ko‘rsatgan ko‘plab olimlar mehnat qilib kelmoqda. Ular jumlasiga 2 ta akademik, 2 ta xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, 10 ta xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, 5 ta xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, xizmat ko‘rsatgan sportchi va 12 ta O‘zR Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlangan mutaxassislar kiradi.

Keyingi yillarda universitet kutubxonasi yangi o‘quv adabiyotlar bilan to‘la boyitilgan ma’naviy, ma’rifiy va madaniy markaziga aylandi. Unga Axborot-resurs markazi mavqyei berildi. Axborot-resurs markazi respublika bo‘yicha iqtisodiyot o‘quv adabiyot fondlari ichida yetakchi o‘ringa ega. Uning yangi binosida 7 ta o‘quv xonalari, 3 ta kitob bera oladigan bo‘lim, 10 ta kitob saqlash xonalari mavjud. Ularning barchasi uch qavatli axborot-resurs markazi majmuasida joylashgan.

Kutubxonada jahonning turli mamlakatlaridan keltirilgan ingliz, fransuz, nemis, arab, turk va boshqa xorijiy tillardagi adabiyotlar to‘planganligi muhim ahamiyatga molikdir. Bu talabalarimizga jahon iqtisodiyotida bo‘layotgan barcha yangilik va o‘zgarishlardan voqif bo‘lish imkoniyatini yaratmoqda. Kutubxonani boyitishda PERDCA, «evrosiyo», SOROS, AKSELS va turli Xalqaro tashkilotlar o‘z hissalarini qo‘shganlar. Kutubxona zahirasida yuz mingga yaqin kitob mavjud Axborot-resurs markaziga universitetning yuzdan ziyod professor-o‘qituvchisi va 500 dan ortiq talaba-yoshlar tashrif buyuradi hamda adabiyot va axborot manbalaridan foydalanadi. Shuningdek, Axborot-resurs markazida mavjud Internet tarmog‘i orqali axborot manbalarini izlaydi, mashg‘ulotlarga tayyorlanadi.

TDIU Axborot-resurs markazi respublika OO‘Yulari ichida eng boy fondga ega bo‘lgan kutubxonalardan biridir. Markaz fondida bir mln. nusxada kitoblar saqlanadi va 140 nomdagi gazeta va jurnallar muntazam yangilanib turadi.

Bugun universitetimizda 530 ga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda. Ularning 3 tasi O‘zR FAning akademigi, 95 tasi fan doktori va professorlar, 240 tasi fan nomzodi va dotsentlardir. Universitetda 5 ta fakultet, Magistratura bo‘limi va 24 ta kafedra faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

TDIU 1931-yildan to shu davrgacha 100 mingdan ortiq yuqori malakali iqtisodchi kadrlar tayyorlagan, ular sevimli respublikamizda va undan tashqarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqdalar. Respublikamizning mustaqillik davrida, u bozor iqtisodiyoti sharoitiga mos quyidagi tizim yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlab keldi: iqtisodiyot, moliya, bank ishi, soliqlar va soliqqa tortish, sug‘urta ishi, loyihalarni moliyalashtirish, qimmatli qog‘ozlar va fondlar birjasi, statistika, iqtisodda axborotlar tizimi, menejment, marketing, tashqi iqtisodiy faoliyat, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, biznesni boshqarish, bojxona ishi, kasbiy pedagogik tayyorgarlik va boshqalar.

Darhaqiqat, bunday OTM respublikamizda yetarli darajada. Iqtisodiyot sohasida esa TDIUning mavqyei, nufuzi ayniqsa yuqoriligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham TDIU iqtisodiyot sohasining menejment, marketing, biznes iqtisodiyoti, turizm kabi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha, tayanch OO‘Yu deb tan olingan. Bunday sharafli vazifani ado etishda TDIUga nihoyatda katta mas’uliyat ham yukladi.

TDIU o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida ko‘plab malakali kadrlarni tarbiyalab el-yurt xizmatiga safarbar etdi. Universtetimizni tugatib ketgan mutaxassis kadrlarning aksariyati mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida mehnat qilib kelmoqdalar. Ularning ko‘pchiligi el-yur manfaati yo‘lida fidoyilik bilin o‘z kasb mahoratlarini namoyon etib kelganligi uchun har yili hukumatimiz tomonidan turli orden va medallar bilan mukofotlanib borilmoqda.