Urazbayev Mansur

  • 26 yosh
  • Startap loyihalar muallifi
  • Pediatr
  • Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
  • Bolalar sog‘lom va barkamol bo‘lishi uchun xizmat qiladi
NIMA BILAN SHUG‘ULLANADI?

Mansur o‘z jamoasi bilan Lalu.uz loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bu startap loyiha yosh onalarga homiladorlik paytidagi yaxshi yordamchi ilova sifatida xizmat ko‘rsatmoqda. IT-Park tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Students Cup” tanlovining ikkinchi to‘lqinida “Lalu. uz” startap loyihasi bilan 3-o‘ringa sazovor bo‘lgan. 2015-yilda Avitsenna.uz loyihasi orqali “Milliy internet tanlovi”da “Tibbiyot sohasidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyasi bo‘yicha 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

PEDIATR BO‘LISHGA QANDAY QAROR QILGAN?

Kelajakni bunyod qilishda sog‘lom va bilimli bolalarga tayaniladi. Mansur loyihasi orqali jamiyatimizdagi barcha bolalarning to‘laqonli rivojlanishi, o‘zini namoyon qilishi uchun eng muhim omillardan biri bo‘lgan salomatligini yosh onalarga bilim ulashish orqali ta’minlaydi. Farzandlar salomatligiga mas’ul bo‘lgan ota-onalarga bilim va ko‘nikmalar o‘rgatib, mas’uliyatli hamda bilimli ota-onalarni ko‘paytirish orqali jamiyatimizga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

QANDAY QIYINCHILIKLARGA UCHRAGAN?

Mansurning so‘zlariga ko‘ra, uni ijoddan, harakatdan cheklaydigan, ba’zida to‘xtashga olib keladigan ayrim fikr-qarashlardan o‘zini olib qochib yoki uzoqroq tutib, startaplar olamiga sho‘ng‘igan. Hayotda bag‘rikenglik yetishmaydi, deb hisoblaydi. Tajribasidan kelib chiqqan holda, jamiyat a’zolari tomonidan normal qabul qilinadigan steriotiplardan o‘zini maksimal himoya qilishni yoshligidanoq o‘rganishi kerakligini o‘ziga tavsiya qilgan bo‘lar edi.

KELAJAKDAGI MAQSADLARI

Mansurning maqsadlari – tibbiyot sohasida startap loyihalar yaratish va boshqarish bo‘yicha professionallikka erish. Va shu yo‘lda bir qancha startap loyihalarni yaratib, ba’zida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, tajriba orttirib, shaxsan rivojlanib kelmoqda

Eng ko‘p ortiqcha baho berilgan narsalar?
Moddiyat

Past baho berilganlar-chi?
Qadriyat

Do‘stlaringiz sizga qanday ta’rif bergan bo‘lishardi?
O‘z olamida yashaydigan Xayolparast

Hayotdagi shioringiz qanday?
Oddiylikka intil