Tursunova Dilnozaxon

  • 23 yosh
  • Magistr
  • Kimyogar
  • Toshkent kimyo-texnologiya instituti
  • Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi
NIMA BILAN SHUG‘ULLANADI?

Dilnozaxon kimyogar. Ilm-fan hamisha yangi g‘oya va innovatsiyalarni yaratishga turtki bo‘ladi. Shuning uchun u ushbu fanni mukammal o‘rganish orqali kelajakda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib, o‘z bilimlarini yosh avlodga bermoqchi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida chet el davlatlaridan kirib kelayotgan xomashyolarni lokalizatsiya qilish orqali uning olayotgan bilimlari jamiyatga foyda keltiradi.

KIMYOCHI BO‘LISHGA QANDAY QAROR QILGAN?

Kimyo uning uchun yoshligidan juda qiziq fan bo‘lgan, chunki tirik organizmning har bir kuni kimyoviy jarayonlarga boydir. Masalan, biz iste’mol qilayotgan oziqovqat mahsulotlaridan tortib kundalik ehtiyojlarimizning har biri kimyo bilan uzviy bog‘liqdir.

Dilnozaxonning 30 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan va O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi tomonidan 4 ta guvohnomani qo‘lga kiritgan. 2019-yilda “Yil talabasi” va “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III Respublika ko‘rik tanlovida 1-o‘rin sohibasi bo‘lgan.

QANDAY QIYINCHILIKLARGA UCHRAGAN?

Sabr, mehnat, kuchli iroda va harakat insonni hamisha yuksaltiradi. Hayot hamisha kurashlardan, ilm esa mashaqqatlardan iborat. Muhimi ortga qaytmaslik, deb hisoblaydi Dilnozaxon.

Uning fikricha, qizlarning ta’lim olishi borasida ko‘plab negativ qarashlar mavjud. U aynan shu muhitdan chiqa olganini o‘z hayotidagi eng katta tashabbus deb biladi. Texnika sohasida qizlarning kamligi ham unda ko‘proq ustida ishlash uchun kuch bergan. Liderlik qobilyatini esa ilmni targ‘ib qilish orqali ko‘rsatishga hamisha intilgan.

KELAJAKDAGI MAQSADLARI

Dilnozaxonning kelgusidasi maqsadlari – yurtimizdagi siyosiy jarayonlar va jamoatchilikga befarq bo‘lmagan yoshlardan biri bo‘lish, shuningdek, olima ayollar safida bo‘lish. Rejalari esa, ilmiy ishlar bilan shug‘ullanib, akademik darajasiga yetgunga qadar intilishdan iborat. Jamiyatda ham, oilada ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan lider ayollardan biri bo‘lish ezgu maqsadidir.

Eng ko‘p ortiqcha baho berilgan narsalar?
Sizning shaxsiy hislatlaringiz

Past baho berilganlar-chi?
Sizning imkoniyatlaringiz

Do‘stlaringiz sizga qanday ta’rif bergan bo‘lishardi?
Irodali qiz

Hayotdagi shioringiz qanday?
Omad taslim bo‘lmagan insonga, alabatta, kulib boqadi!

Instagram sahifasi: @dilnoza_isroiljonovna