Rahimberdiyeva Farangis

  • 21 yosh
  • Bakalavr
  • Bloger, model, san’atkor
  • Toshkent shahridagi Amity universiteti
  • Uchta oliy o‘quv muassasalariga talaba sifatida qabul qilingan. Cental Asia’s Got Talent loyihasida O‘zbekiston vakili bo‘lgan
NIMA BILAN SHUG‘ULLANADI?

Farangis ko‘p sohada tajribaga ega. Musiqa bilan shug‘ullanadi. Kuylaydi, ashula yaratadi, Respublika va Xalqaro loyihalarga qatnashib o‘z kuchini sinaydi. Davlat tadbirlarida faol qatnashadi. Shuningdek, u moda olamida dizaynerlar bilan birgalikda model sifatida faoliyat yuritadi. Farangis Instagram tarmog‘ida bloger, yigirma uch mingta obunachilariga o‘z faoliyati haqida so‘zlab, motivatsiya berishga harakat qiladi.

SAN’ATKOR BO‘LISHGA QANDAY QAROR QILGAN?

Musiqa bu ilohiy narsaligini, o‘zining sahnadagi chiqishlari, kuylagan qo‘shiqlarini tinglab odamlar motivatsiya olishini bilib, Farangis san’atkor bo‘lishga qaror qilgan. “Hozir yoki hech qachon” qo‘shig‘ida kuylaganidek, hech narsa imkonsiz emasligini, harakat qilsa, inson hamma narsaga erisha olishi, bir paytning o‘zida o‘ziga yoqqan bir necha yo‘nalishda ham faoliyat yurgiza olishini va jamiyatda qizlar ham o‘qib, o‘rganib katta yutuqlarga erisha olishini ko‘rsatish uchun bu yo‘lni tanlagan.

QANDAY QIYINCHILIKLARGA UCHRAGAN?

Kichkinaligidan doimo izlanishda bo‘lgan, bir paytning o‘zida ham davlat maktabi ham musiqa maktabida o‘qib, ko‘chada bolalar bilan o‘ynashga ham vaqti qolmagan paytlar bo‘lgan. O‘yin- kulgularni kamaytirib, irodani charxlab, izlanib, sabrli bo‘lib, doimo harakatda bo‘lgan. Hayotda pozitiv insonlar yetishmaydi, deb hisoblaydi. Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lganligi bois, erta yoshda o‘zini yetakchiligini his qilgan. Unda katta mas’uliyat borligini, singillari unga qarab harakat qilishini doimo his qilib kelgan.

KELAJAKDAGI MAQSADLARI

Farangisning maqsadi – musiqa olamida yetakchi ijodkor bo‘lib yetishishdir. Katta sahnani zabt etib, dunyo bo‘ylab iste’dodli yoshlar bilan raqobatlashishni orzu qiladi.

Eng ko‘p ortiqcha baho berilgan narsalar?
Ijtimoiy tarmoqlar, birovning fikri, moda

Past baho berilganlar-chi?
Ko‘z yoshlar, his-tuyg‘ular, ona

Do‘stlaringiz sizga qanday ta’rif bergan bo‘lishardi?
Chaqqon, harakatchan, mas’uliyatli

Hayotdagi shioringiz qanday?
O‘limdan boshqa barcha narsaning imkoni bor

Instagram sahifasi: @gissa