Kuvatova Gulbonu

  • 25 yosh
  • Bakalavr
  • IT sohasidagi o‘qituvchi
  • O‘zbekiston Milliy universiteti
  • “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori
NIMA BILAN SHUG‘ULLANADI?

Gulbonu Navoiy viloyati Konimex tumanidagi “Lider” yoshlar markazi rahbari. Uning tashkiloti 140 mln so‘m miqdorida grant sovrindori bo‘lgan. 2021-yilning dekabr oyida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Turkiyada o‘tkazilgan “Yosh siyosatchi ayollar akademiyasi“da hamda Gruziyada o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo yosh liderlar akademiyasi” tomonidan tashkil etilgan “study-tour”da O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan.

IT-USTOZ BO‘LISHGA QANDAY QAROR QILGAN?

Gulbonuning tanlagan kasbi eng olis hududlardagi iqtidorlarni kashf qiladi, qishloq va ovullarda yashayotgan yoshlarga kasb-hunar o‘rgatadi. Shu bois u bu kasbni tanlashga va shu yo‘nalishda rivojlanishga qaror qilgan. Navoiy viloyati Konimex tumanida birorta ham davlat mukofotini olgan yoshlar yo‘q bo‘lgan. 2019-yilning mart oyida Gulbonu tuman tarixida birinchi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindoriga aylangan. Hozirgi kunda Navoiy viloyatida eng yosh nodavlat notijorat tashkilot rahbari. Tashkilotini ochganiga 9 oy bo‘ldi va yil yakunida jami 140 mln so‘m grant yutib olishga muvaffaq bo‘lgan.

QANDAY QIYINCHILIKLARGA UCHRAGAN?

Juda kam daromad va atrofdagilarning unga nisbatan ishonchsizligi kabi qiyinchiliklarga duch kelgan. Shunda u o‘ziga hayot formulasini joriy qilgan va shu asosida harakat qilmoqda: AKT+xorijiy til=zamonaviy kadr. Gulbonu IT sohasida yetakchilardan biri bo‘lishni orzu qiladi. Agar hamma narsasi bo‘lsa, savobli ishlarni yana ham ko‘proq qilishga va juda ko‘p shogirdlar tayyorlashga harakat qilgan bo‘lar edi. Shuningdek, chekka hududlardagi maktab bolalari uchun bepul IT-markazlari qurib berardi.

KELAJAKDAGI MAQSADLARI

Uning bo‘lg‘usi maqsadlari – xalqaro grantlarni qo‘lga kiritib, respublika miqyosida ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va magistraturani xalqaro OTM da o‘qib kelib, oliy ta’lim tizimiga yangicha yondoshuvlarni tadbiq etish.

Eng ko‘p ortiqcha baho berilgan narsalar?
Ijtimoiy tarmoqlar

Past baho berilganlar-chi?
Ekologiya va hayvonot olami

Do‘stlaringiz sizga qanday ta’rif bergan bo‘lishardi?
Tavakkalchi, lider va optimist

Hayotdagi shioringiz qanday?
Kamroq o‘ylan – tavakkal qil, mag‘lub bo‘lsang – tajriba, g‘olib bo‘lsang – g‘alaba!

Instagram sahifasi: @gulbonukuvatova