«Ziyo forum» mamlakatimizda talaba-yoshlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan xalqaro tuzilma hisoblanadi. Jamg’arma so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tashabbusi bilan yo ‘lga qo’yilgan loyihalar doirasida tashkil etilgan. 2017-yil 30- iyun Yoshlar kunida Yoshlar Ittifoqi tashkil etilgan bo‘lsa, uning qoshida 30ga yaqin yoshlar nodavlat notijorat tashkilotlar tashkil etilgan edi. 2019-yilda esa eng faol yoshlar qatlami bo‘lgan talabalarga “fokus”ni qaratgan, kreativ, zamonaviy fikrlaydigan yoshlarni yuzaga chiqarish, ularni iste’dodini qo’llab-quvvatlash maqsadida “Ziyo Forum” tashkil etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida fond tomonidan talaba-yoshlar, o‘quvchilar uchun samarali ishlar yo‘lga qo’yilgan. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Jamg‘arma faoliyati haqida Yoshlar ishlari agentligi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova bilan suhbatlashdik.
— «Ziyo forum» yoshlar orasida qanchalik ommalashdi? Tashkilot talabalarni ergashtira oldimi?
— O‘tgan besh yil davomida “Ziyo Forum” yoshlar suyanadigan, ishonadigan imijini shakllantira oldi. Forum qisqa vaqt ichida talabalar ichiga kirib bora oldi, yoshlarni ergashtira oldi. Talabalar juda faol qatlam, ular katta kuchga ega. Tarixda ham tub burilish yasagan voqeliklar aynan talabalar tomonidan amalga oshirilgan. Mana shunday faol qatlamni ortidan ergashtira olish uchun bilimli, o‘ziga ishongan, kreativ g‘oyalari bor yoshlarni bir joyga jamlay oladigan jamoa kerak edi. Ziyo forumda ana shunday jamoa ham shakllangan.
— Ziyo forum» Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda qanday loyihalarni amalga oshirdi?
— 2022—yilda Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgandan keyin, ko‘plab loyihalarni amalga oshirdi. Ulardan oxirgi ikkita loyihani aytib o’tmoqchiman. Fond bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilari va talaba yoshlar uchun “Ziyolilar” almanaxini o‘tkazdi. Almanax talaba o‘quvchilar orasida keng ommalashib, qiziquvchilarning soni yildan-yilga ortdi. Top 100 talabalarni bir joyga jamlagan almanax – mamlakatimiz kadrlar zaxirasini shakllantirishga, xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan talabalar uchrashuvida ham “Ziyolilar almanaxi” Top 100likka kiritilgan talabalar jalb etildi. Ular uchrashuvda o‘zlarini yorqin g‘oyalari bilan faol ishtirok etishdi. Yana bir hamkorlikdagi loyiha orqali maktab oquvchilarining loyihalarini yuzaga chiqaruvchi almanax yaratildi. Bunda Fond Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda ish olib bordi. Ko‘plab iqtidorli o‘quvchilar kashf etildi.
— «Ziyo forum» ilm-fan va ta’lim tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi faoliyatini kelgusida qanday tasavvur qilasiz?
— Doimiy ravishda “Ziyo Forum” iqtidorli yoshlar uchun minbar yaratib kelmoqda. Turli podkastlar va turli soha mutaxassislari bilan yoshlarni muloqotlarini tashkil etib kelmoqda. Biz “Ziyo forum”da Yoshlar ishlari agentligini strategik hamkorini, xalqaro tashkilotlar bilan yoshlarni birlashtiruvchi muhim bir ko’prikni ko‘ramiz. Tashkilot ziyoli yoshlarni birlashtirib, Prezidentimiz belgilab bergan muhim vazifalarni bajarishda strategik kuch bo‘lib xizmat qiladi.
— «Ziyo forum»ga tilaklaringiz
Besh yil davomida forum o‘zini yoshlar suyanadigan, ishonadigan imijini shakllantira oldi. Salmoqli loyihalari bor. Tilagim, kelajakda loyihalar masshtabi yanada kengaysin, ko‘lami yanada ortsin! Fondning 10, 20, 50 yilligini nishonlash nasib qilsin. “Ziyo Forum”da juda kuchli, kreativ fikrlaydigan, bilimli jamoa yig‘ilgan. Ularga kelgusi ishlarida omad tilayman!