Zamonaviy slenglar

«Rosayam ketvorgan narsa ekanmi?», «Takoy kiyingan», «qizlarni crashi»… va hokazo…

Bu so’zlar va iboralarni ko’cha-ko’yda bir marta bo’lsa ham eshitgansiz, to’g’rimi? Endi shu «takoy»ni o’zbekchada ayting-chi? Ma’nosi qanday bo’larkin? Bu kabi iboralar bugun leksikonimizga shu qadar o’rnashib qolganki, ularni o’zbekcha variantini izlashning hojati yo’q, shundoq ham ular barchaga tushunarli bo’lib ulgurgan.

Shu o’rinda savol tug’iladi: «Ular tilimizga qanday kirib kelgan va nimalarga xizmat qiladi?»

Adabiy bo’lmagan nutqning bu ko’rinishi ingliz tilidagi «Slang»lar yoki o’zbek tilidagi «jargon» va «argo» so’zlari kabidir. Ular o’smirlar, yoshlar hamda ma’lum bir guruh, soha vakillari orasida tushunarli bo’ladi. Shunday qilib, Slenglar zamonaviy tilda yashovchi so’zlar bo’lib, adabiy tilda foydalanish uchun nomaqbul deb hisoblanadi. Shuningdek, slenglarning ko’p so’zlari va iboralari keng ommaga tushunarsiz bo’ladi. Chunki, aksariyat slenglar ko’chma ma’noda qo’llaniladi va ular ko’pincha chet tillaridan, ularning dialekt va jargonlaridan o’zlashtirilgan bo’ladi.

“Xo’sh, slenglarni asosan yoshlar orasida keng ommalashgan deb aytish to’g’rimi yoki bundan mustasnolar ham bormi?” degan savolga yoshlardan quyidagicha javob oldik:

Salima Xasanova 21 yosh

«O’zim ham ruscha, inglizcha va o’zbekcha so’zlarni qo’shib gapiraman. Ularning qo’llanishigan hech qanday qarshiligim yo’q. Muhimi, «сображения»ni yetkazib berish»

Muhlisa Bobonazarova

«Bilmadim, endi yoqmaydi-yu, lekin, o’zim ham ba’zida ishlatib qo’yaman. Chunki, rus «patok» da o’qiyman. So’z ma’nosini yetkazib berishga xizmat qilmasligi ham mumkin, katta ehtimol bilan, nega bilasizmi? Bir tilni buzib, boshqa til bilan aralashtirib, xunuk qilib ishlatishadi. Buni chetdan kuzatganda naqadar yomon holat»

Jahongir Abdullayev 22 yosh

«Bu bilan mentalitetimiz buzilib qolayotgani yo’q. Yoshlar xohlaganicha slenglardan foydalanishi mumkin. Muhimi insoniylik va asosiysi esa «so’kmasa» bo’ldi. O’zim ham sohamga doir slenglardan foydalanaman. Masalan, Comp, kopirayter, loptop, SMM, IT kabilarni juda ko’p ishlataman va sof adabiy tilda gapirishga harakat qilaman.

Yuqorida fikrlar xilma-xilligini kuzatar ekanmiz, Jahongir Abdullayevning «muhimi so’kmasa bo’ldi» degan so’zlari diqqatimizni tortdi. Rostan ham yoshlar qo’llayotgan mazkur yangi terminlarni ma’nosini anglagan holda ishlatisharmikin?

Bizga ma’lum bo’lgan ayrim zamonaviy terminlarga izoh keltirishga harakat qilamiz:

Stukach-chaqimchi;

Paxan-harip;

Sirkach-masxaraboz;

Vozdux-stipendiya (Talabalar orasidagi jargon);

Daxshat-o’ta darajada;

Sindirding-qoyil qilib bajarding;

G’isht-xunuk (Qizlar orasidagi jargon);

Uxlatdi-aldadi;

Risovka – ko’z-ko’z qilish;

User-foydalanuvchi;

Shu bilan birgalikda bugun «Molodyojni slenglar» degan atama ham paydo bo’lgan:

«Rofl»-( online suhbat madaniyatining bir turi. Agar u katta harflar bilan yozilsa «Qo’pol baqirma» degan ma’noni ifodalaydi);

«Krinj»- (jirkanch, ijtimoiy tarmoqlardagi jirkanch videolarga nisbatan ishlatiladi);

«Vibe»-(sigaret, elektron bug’li sigaret);

«Abyuzer»-(zo’ravon, abyuz esa zo’ravonlikni ifodalaydi. Shuningdek, u psixologik tazyiqni ham anglatadi)

Yuqoridagi atamalar lug’atda boshqa ma’noda va yoshlar orasida boshqa ma’noda qo’llaniladi. Yoshlar tilidan ishlatilayotgan mazkur slenglar qanday paydo bo’lmoqda degan savolga aksariyat yurtdoshlarimiz «Ijtimoiy tarmoqlar orqali» degan javob berishdi. Bu xususda Instagram tarmog’ida minglab obunachilarga ega bo’lgan va yoshlarbop kontent-videolar joylaydigan bloger bilan suhbatlashdik va javob oldik.

Dudoshboy (bloger)

– «Molodyojni slenglar» haqida Instagram tarmog’ida storiz joylagandingiz va Abyuzer haqida storizda qiz va yigit haqida gapirgansiz. Aslida abyuzer bu zo‘ravonlikni anglatadigan termin. Yoshlar bilib bilmay ishlayotgan slenglar «o‘zini ko‘rsatish» yoki moda emasmi?

– Nega bilib-bilmay ishlatayotgan bo’ladi? Abyuzing – bu faqat jismoniy zo’ravonlik emas. Abyuz deganda psixologik bosim ham nazarda tutiladi. Ko’pincha abyuz so’zi bola va qiz munosabatlarida uchragani uchun shu ma’noda gapiriladi.

– Slenglarni ishlatilishiga sabab lug‘at boyligining kamligi deb qarash o‘rinlimi? Mentalitetga uning salbiy ta‘siri bormi, sizningcha?

– Mentalitet so’zi ham termin. Agar buni ham salbiy ta’siri bor, deganimizda, siz hozir mentalitet so’zini sof o’zbek tilida qandaydir qilib uzun so’zlar bilan tushuntirib berishingiz kerak bo’lardi.

Hamma narsani mentalitetimizga ta’siri bor desak, unda barcha dunyo yangiliklaridan yopilib olib, eski o’zbek tilida gaplashishimizga to’g’ri kelardi. Slenglar menimcha, har doim bo’lib kelgan, ular bo’lmasa til ham rivojlanmaydi, nazarimda. Yuqorida aytib o’tganimday, sizning “15 qatorlik” maqolangiz 30-40 qator ham bo’lib ketishi mumkin edi.

– Bu kabi slenglar aynan bloger yoki vinerlar orasida ko‘p ishlatilishi haqida nima deya olasiz?

– Blogerlar ham odam, boshqa insonlarga o’xshab slenglarni ishlatishadi. Buning yomon tarafi yo’q. Uning ustiga bloggerlik internetda yuritiladigan kasb. Har doim yangiliklardan xabardor bo’lib, uni ommaga yetkazish vazifalaridan biri.

E’tibor qaratadigan bo’lsak, ayrim terminlarda ma’no ko’chish bilan birga salbiy bo’yoq ham aks etadi. Nega yoshlar o’zlariga bunday «maska»ni ravo ko’rishayotganiga mutaxassislar quyidagicha javob berishadi:

O’smirlar orasida nutqning jargonlar bilan boyitilishiga ularning

-katta yoshdagidek ko’rinishga intilishi;

-boshqalarning e’tiborini jalb qilish;

-lug’atning yetishmasligi;

-yomon xulq-atvorni ko’rsatish kabi sabablar mavjud ekan.

Shu o’rinda «Vatan»ni yoqib olmang, “Nima o’zbek tilida bunday so’z va iboralar yo’qmi?”, deydiganlar ham topiladi.

-Yo’q nega endi bo’lmasin. Bor albatta.

Faqat o’zbek tilida ishlatiladigan iboralar yoki so’z-gaplar ma’noni kuchaytirish, badiiylikni oshirish, hissiy bo’yoq berish kabi maqsadlarga xizmat qiladi. O’zimizning iboralar qo’pol eshitilsa-da ulardagi ma’no yomon emas. Masalan:

«Ilonning yog’ini yalagan» iborasi – ayyor, makkorga nisbatan badiiylikni aks ettiradi.

Aytmoqchimizki, bu yerda farq – lug’atning yetishmasligida emas, aksincha, lug’at boyligida. Qaysi jargonni ishlatish esa yoshlarning o’ziga havola!

Muallif: Anabibi Ro‘zmetova