Har yili oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari yakunlanishi bilanoq talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish ishlari boshlanadi. Hujjat ishlari yakunlangach, talaba yo‘llanmadagi xonasiga joylashish vaqtida TTJ ichki-tartib qoidasi bilan batafsil tanishtiriladi va imzolanadi.
Mana o‘qish boshlanganiga ham 4 oy bo‘ldi. Hademay kuzgi semestr ham tugab, bahorgi semestr boshlanadi. Kunlar ancha sovidi tabiiyki, yotoqxonalarda issiqlik tizimi va maishiy texnikalardan foydalanishga talab yanada ko‘payadi. Shu sababli, O‘zbekiston Milliy Universitetining talabalar turar joyidagi talabalardan “Avlod Media”ga maishiy texnikalar nosozligi bo‘yicha murojaatlar kelib tushmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim yotoqxonalarda talabalar foydalanayotgan maishiy texnikalar: kir moshina, gaz plitalar nosoz yoki buzilganligi haqida xabar berildi.
Nosoz texnikalarni tuzatishni so‘rash maqsadida talabalar komendant va qorovullarga murojaat qilganda, ularga buzilgan texnikalarni to‘g‘rilash uchun “O‘zlaringiz pul to‘laysizlar”, “Yil boshida yangi edi, buzildimi unda yangi olasizlar” kabi gaplar aytilgan.
Masalaning yana bir tomoni shundaki, o‘quv yili boshida yangi holatdagi texnikalarni mana 4 oydirki, faqatgina talabalar ishlatadi. Talabalar bilan suhbatimiz jarayonida ular, “Ayrim kichik kurs talabalari hali kir moshinani qanaqa ishlatishni bilmaydi, kiyimlarini yuvgach suvini oqizmaydi, hatto ba’zilari kiyim yuviladigan joyiga krossovka va boshqa qalin oyoq kiyimlarni ham solib yuvishadi” – deya javob berdi.
Bu yerda texnikaning buzilishida talabalar aybdor biroq, asosiy muammo uni “Tuzatish uchun talabadan pul talab qilinishi qanchalik o‘rinli?” degan mavzuga borib taqaladi. Biz bu vaziyatni ichki-tartib qoidalar nizomidan kelib chiqqan holda o‘rganishga qaror qildik.
Bu savolga qonuniy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, har bir talabalar turar joyi to‘g‘risidagi nizomning turar joyida yashovchilarning huquq va majburiyatlarida ta’kidlanganidek, “Foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan jihoz, mebel va boshqa mulklarni ta’mirlash, yangilash hamda maishiy xizmatlardan foydalanishda yuzaga kelgan kamchiliklari bartaraf etishni so‘rab rahbariyatga murojaat qilish” degan bandi mavjud. Demak, talaba buzilgan maishiy texnika uchun hech qanday to‘lov qilish majburiyati belgilanmagan.
O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Barchinoy Yo‘ldosheva
“Yotoqxonadagi buzilgan maishiy texnikalar uchun talabalardan pul yigʻish notoʻgʻri deb oʻylayman. Chunki talabalar yotoqxonada yashash uchun toʻlov qilishadi. Yashash maishiy texnikalardan foydalanishni ham oʻz ichiga oladi. Maishiy texnikalar yil boshida bir necha oylar uchun qilingan toʻlovdan tuzatilishi kerak deb oʻylayman”