Farzandining mandat natijalari e’lon qilingan kundan boshlab ota-onalar o‘g‘il-qizini talabalar yotoqxonasiga joylashtirish harakatiga tushib qolishadi. To‘g‘rida, axir talabalar yotoqxonasida nomiga monand faqat talabalar turishadi. Ham universitetga yaqin, ham borib kelishga qulay, ham kursdoshlar yoki tengqurlar bilan birga dars tayyorlashadi. Buning afzalligi ham shunda. Qolaversa, yotoqxonada doimo nazorat qiluvchi pedagog xodimlar bor. Xullas, farzandini har tomonlama “xavfsiz”ligini o‘ylagan ota-ona uchun YOTOQXONA yaxshi variant.
Aslida ham shundaymi? Talabalarni yotoqxonada nimalar kutayotgan bo‘ladi? Ayni shu mazmunda o‘tkazilgan so‘rovnoma orqali savollarimizga javob topishga harakat qilamiz. Haqiqatdan ham “Yotoqxonada turmagan talaba – talaba emas”mi?
Bunga 2 yildan buyon talabalar yotoqxonasi yashab kelayotgan O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Muhlisa Bobonazarova quyidagicha javob berdi:
Xorijiy filologiya fakulteti 2-bosqich talabasiman. O‘tgan yildan beri yotoqxonada turaman. Sharoitlar juda yaxshi, menga yoqadi. Bayramlar, turli qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lib turadi.
Bu yerda kursdoshlar bilan vaqt maroqli o‘tadi. Ayniqsa, kvartirada turadigan kursdoshlarimiz bizga havas qilishadi. Ertalab darsga chiqish va kechqurun belgilangan vaqtda yotoqxonaga yetib kelguncha bo‘ladigan shoshib yurishlarning ham zavqi o‘zgacha!
Qavatdoshlar bilan bo‘ladigan tug‘ilgan kun bazmlari bir so‘z bilan aytganda juda ajoyib. Xonadoshlar bilan munosbatlarga kelsak, juda yaxshi. Qaysidir qiz kechiksa, darrov xavotirlanib telefon qilamiz. Hatto o‘tgan yili birga turgan xonadoshlarim bilan ham opa-singildek bo‘lib ketganmiz”.
Bu fikrlardan keyin yigitlarda vaziyat qandayligi bilan qiziqdik va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi Ravshan Komiljonovdan shunday javob oldik:
Gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish yo‘nalishi” 2-bosqich talabasiman. Ikkinchi yil ham yotoqxonada turyapman. Sharoitlar yaxshi, kursdoshlarimiz bilan tez-tez yig‘ilib turamiz.
Bu yerga kelgach, ovqat pishirishni o‘rgandim. Ba’zida qozon tagini “oldirib” qo‘ygan kunlarimiz ham bo‘lgan.
Yotoqxonamizda faqat o‘g‘il bolalar turishadi va biz tozalikka rioya qilamiz. Oshxona, qavatdagi saranjomlik va xonalar ozodaligiga o‘zimiz javobgarmiz.
Navbatdagi suhbatni o‘qib, bevosita yuzingizga tabassum yugurishi aniq!
Toshkent farmatsevtika instituti “Farmatsiya” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Dildora Halimovaning yotoqxona bilan bog‘liq qiziq xotiralari bor:
Yotoqxonada 1-kursdan beri turaman. Xonadoshlarim bilan opa-singildek bo‘lib ketganmiz va ularni yaxshi ko‘raman.
Agar ota-onamdan pul ololmay qolsam, xonadoshlarim orasida “oldi-berdi” qilib turamiz.
Qavatdagi qo‘shni qizlar bilan ham munosabatlarimiz juda yaxshi. Birgalikda ovqatlar pishiramiz, tug‘ilgan kunlarni nishonlaymiz. Oshxonada qizlar ovqat qilishayotganda bir-birlari bilan xuddi shu taomning boshqa viloyatda qanday tayyorlanishi haqida fikr almashishadi. Albatta, bir-birimizga yordam beramiz. Yotoqxonada yigitlar va qizlar alohida-alohida binolarda turishadi. Bu yerda qiziqarli voqealar juda ko‘p bo‘lgan!
Xonadoshlarimiz bilan kechki payt ovqatlanayotgan edik, bir payt xonamizga boshqa qavatdagi bir qiz taqillatmay kirib kelyapti, biz uchalamiz hayron unga qarab turibmiz, keyin u bizga: “Sizlar bu yerda nima qilyapsizlar desa bo‘ladimi, biz o‘z xonamizda ovqatlanib o‘tiribmiz”, — dedi xonadoshim. U qiz bo‘lsa: “Bu meni xonam-ku”, — dedi-da shundoq eshik raqamiga qaradi va “Voy, meni kechiringlar adashibman, men pastgi qavatdagi xuddi shunga o‘xshaydigan xonada turaman”, — deb uzr so‘rab chiqib ketgandi. O‘shanda rosa kulgan edik.
Oradan ozgina vaqt o‘tdi. Bir kuni ertalab, xonadoshim bizni uyg‘otyapti: “Uyg‘oninglar, qizlar, ketdik ko‘chaga, sayr qilib kelamiz”, — deydi. Eng qizig‘i soatga qarasam, 04:00 ekan. Keyin bilsak, xonadoshim uyqusida alahsirayotgan ekan.
Bu voqealarni o‘qib kulayotgan odamni Husniddin Jo’rayevning NEGA yotoqxonadan chiqib ketganligi biroz dilni xira qiladi. O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yotoqxonasini tashlab ketgan 1-bosqich talabasi bilan bog‘liq voqea esa bunday bo‘lgan:
Xonadoshlarim zo‘r chiqishardik. Nima bo‘lsa ham, o‘rtada edi. Topganimizni baham ko‘rardik. Qavatdagi boshqa bolalar bilan kam gaplashardim, lekin hammasi odobli bolalar edi. Birga ibodat qilardik. Ishlaganim sababli ota-onamdan deyarli pul olmaganman.
Aytish kerakki, yotoqxona odamni dangasa qilib qo‘yadi.
Ishdan kech qaytardim va yotoqxonaga kirishda muammolar bo‘lardi. Ijara to‘lovini 3 oylik oldindan to‘lash kerak bo’lgani sababli biroz muammolar bo‘ldi va kvartiraga chiqib ketishga majbur bo‘ldim.
Albatta, hamma joyda ham kamchiliklar bo‘ladi. Qolaversa, hech kim ham avliyo emas. Masalan, Maftunaga o‘xshab kichik ko‘ngilsizliklarga uchrab turish odatiy hol:
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Kino va televideniya rejissorligi” yo‘nalishi talabasi Maftuna Polvonnazarova o‘zi bilan bog‘liq kulgili holatlarni so‘zlab berdi:
Xonada 3 ta qiz turardik. Bir kuni ovqat tayyorlash mening galim edi. Men esa faqat kartoshka va tuxum qovurishni bilardim, xolos. Keyin qarasam, tuxum qolmagan ekan. “Uchala qizga 3 ta kartoshka yetadi” deb 3 ta mayda kartoshkalarni qovurmoqchi bo‘lganman, shunda xonadoshlarim ustimdan rosa kulishgan.
Bir safar esa kir yuvish xonasining kaliti menda bo‘lganida uni yo‘qotib qo‘ydim. Ertasi kuni o’zimdan katta kurs talabalari kelib kalitni so‘rashganda rosa qo‘rqqanman. Qo‘rqayotganimni bildirmaslikka harakat qilib, ularga bo‘sh kelmaganman.
Ertasi kuni sekingina yotoqxona komendantining yoniga borib, vaziyatni tushuntirganimda menga qo’shimcha kalitni berishgan. Dakki eshitmaganim va meni to‘g‘ri tushunganliklaridan juda xursand bo‘lganman.
Do‘stlar, talabalikni bekorga oltinga teng davr deyishmaydi. Turli viloyatlardan, shahar-u qishloqlardan yig‘ilgan talabalarning bir maskanda jam bo‘lishi va ayni yotoqxona bilan bog‘liq go‘zal xotiralarini tinglash biram maroqli. Bu voqealarni tinglar ekansiz, rostdan ham “Yotoqxonada turmagan talaba – talaba emas”, degingiz keladi, shunday emasmi?!
Muallif: Anabibi Ro‘zmetova