«Ha, orzu uchun har doim to‘lov qilishimiz kerak, ammo natijada ishingiz zavq keltirsa, buning ahamiyati bormi?»
Yetuk yoshda o’z kasbini o’zgartirgan va qayta o’qishga borgan ikki inson hikoyasi.
Andrey Tsoy
31 yosh, inteyer dizayneri
Oliy ta’limdagi qiyin yo‘lni 17 yoshimda jurnalistika fakultetidan boshlaganman. Faqat bir yil o‘qidim, chunki bu kasbning istiqbolini ko‘rmadim. Avval boshdanoq, hamma meni jurnalistika fakultetidan voz kechishga undagandi, lekin men hech bo‘lmaganda biror joyga topshirishim kerak edi, aks holda «oliy ma’lumotsiz qayerga boraman?»
Keyin Xitoyga safar qildim. Xitoy madaniyatidan shunchalik hayratga tushdimki, Toshkentga qaytib kelgach, o‘qishimni xitoy falsafasi fakultetiga ko‘chirdim. Lekin bu men uchun yetarli emas edi, muhitga ko‘proq kirishishni xohlardim. Natijada Pekinga uchib ketdim, xitoy falsafasi va madaniyati fakultetiga o‘qishga kirdim. Shunday qilib, men filologiya va falsafa bo‘yicha ikki diplomga ega bo’ldim.
Toshkentga qaytib, bir necha oy xitoy tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlagach, bu meniki emasligini angladim. Shunda yana Xitoy arxitektura universitetiga, dizayn fakultetiga grantga hujjatlarimni topshirdim. Kirdim, tanlovimdan mamnun edim, lekin bir yil o‘qigach, o’qishni tashlab ishlashga majbur bo‘ldim.
Bu yerda mening bolalikdagi orzum ro‘yobga chiqishi uchun birinchi omadli chipta qo‘limga tushdi — aviakompaniya bosh vakili yordamchisi lavozimini taklif qilishdi.
Men har doim sayohat qilishni orzu qilganman. Amakim uzoq masofalarga suzuvchi dengizchi edi va ko’pincha boshqa qit’alardagi sarguzashtlari haqida gapirib berardi. Shuning uchun, 8 yoshimda katta bo‘lgach, havo kemasi kapitani bo‘lishga ahd qilgandim. Orzum amalga oshidigan ko‘rinadi, lekin bir oz boshqacha ko‘rinishda.
Aviakompaniyada dastlab oddiy ishlar bilan shug‘ullandim: matnlarni tarjima qilish, hujjatlarni yuritish, qahva sotib olish, mehmonxonalarni bron qilish va hokazo. Yarim yil o‘tgach, boshlig‘im menga Moskvadagi Aeroflot xalqaro maktabida o‘qish sharti bilan lavozimimni oshirishini taklif qildi. Parallel ravishda o‘qish va ishlashga to‘g‘ri keldi. Biroq Pekinga men kichik vakil sifatida qaytib keldim.
Bu hayotimning o‘zgacha davri edi. Men besh yil davomida butun dunyo bo‘ylab uchib yurdim, ishim esa menga quvonch keltirardi. Men doimo biror narsani o‘rganardim, rivojlanishim uchun ham kuch, ham moliya sarflashardi.
2019-yil yana Toshkentga qaytgunimga qadar ish joyimni o‘zgartirmadim. Uyga faqat dam olish va qayta tiklanish uchun qaytib keldim. Lekin bu yerda lokdaun ro‘y berdi, chegaralar yopildi va men bu yerda noma’lum muddatga qolib ketdim.
Toshkentda vaqtimni mazmunli o‘tkazish uchun va uyimni o‘zim ta’mirlash maqsadida dizayn kurslarida o‘qishga qaror qildim. Ya’ni, ancha oldin boshlangan ta’limimni tugatishga qaror qildim. Yoshim 29 da bo‘lsa, kasbimni qayta o‘zgartirishni rejalashtirmagandim. Lekin bu yerda menga ikkinchi omadli chipta tushdi – dizayn o‘qituvchim mendagi salohiyatni ko‘rib, amaliyot o‘tashni taklif qildi. Men tabiatan avantyuristman, tavakkalni xush ko’raman, shuning uchun taklifga rozi bo‘ldim.
Yaqinlarim qarorimdan hayratlanishdi, kimdir kech boshlayotganim bilan qo‘rqitdi. Lekin yangi boshlayotganlar uchun juda murakkab bo‘lgan birinchi loyihamni topshirganimda, hamma narsa to‘g‘ri sodir bo‘layotganligini angladim. Hamma narsaning o‘z vaqti-soati bor. Qachondir shaxsiy sabablarga ko‘ra Xitoydagi o‘qishimni tashlashga majbur bo‘lgandim va endi mana 20 yil o‘tib rejalashtirgan ishlarim bilan qayta shug‘ullanyapman.
Men ishimni yaxshi ko‘raman. Men bir nechta yirik loyihalarni topshirishga ulgurdim. O‘z ijodiy markazimni ochishni rejalashtiryapman.
Men uch marta hayotimni tubdan o‘zgartirdim va bundan afsuslanmayman. Shuning uchun men «endi kech» degan gaplarga ishonmayman. Biror narsani o‘zgartirish hech qachon kech emas. Ayniqsa, kasbni.
Ha, orzu uchun har doim to‘lov qilishimiz kerak, ammo natijada ishingiz zavq keltirsa, buning ahamiyati bormi?
Natalya Morozova
45 yosh, jurnalist
Mening davrimda bolalar o‘qituvchi, uchuvchi yoki shifokorlar bo‘lishni orzu qilishardi. Men esa tarbiyachi bo‘lishni orzu qilganman, lekin amalga oshmagan.
Pedagogika institutiga topshirdim, lekin ortiqcha ishonchim tufayli imtihondan o‘tolmadim.
Oliy ma’lumot olish g‘oyasidan voz kechgach, vaqtni yo‘qotishni xohlamadim. «Xalq so‘zi» tahririyatiga ishga kirdim va darhol tikuvchilik kurslariga yozildim.
Tahririyat menga har bir xodim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan, eng savodli va mulozamatli odamlarning joyi bo’lib tuyuldi. Men ishimni yoqtirardim, lekin shaxsiy sabablarga ko‘ra ketishimga to‘g‘ri keldi. Uzoq vaqt qarorimdan pushaymon bo‘lib yurdim, lekin qaytib borishga uyaldim.
Keyin o‘zimni qidirishni boshladim. Turmush o‘rtog‘im hech qachon ishlashimni talab qilmagan, ammo uyda o‘tirishga vijdonim qiynaldi. Shuning uchun yorug‘lik nazorati sohasiga operator sifatida ishga kirdim. U yerda uzoq vaqt ishlamadim, boshqa odamlarning hayoti uchun javobgarlikdan qo‘rqdim.
Restoran oshxonasiga ishga o‘tdim, o‘n yil davomida bosh oshpazlikkacha ko‘tarildim. Bu sohada ishlash menga yoqardi. Lekin men hali ham oliy ma’lumot olish haqigi orzularim amalga oshmaganidan qayg‘uda edim.
Bolalar ulg‘ayib kundalik muammolar ortda qolganda, men o‘qishga kirishga qaror qildim. Ammo o‘sha paytda yashirin qoida mavjud edi va o‘ttiz besh yoshdan so‘ng ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilishmas edi. Men yana orzumdan voz kechdim.
«O‘zbekiston o‘qituvchisi» tahririyatida ishlay boshlagach, yana unga qaytdim. Lekin o‘z irodam bilan emas, balki hamkasbim – nashr muharriri muovini talabiga binoan. U meni kamida o‘rta maxsus ta’limni olishga ko‘ndirishga harakat qilardi. Men esa poyezdim allaqachon ketib bo‘lganini aytib rad etardim.
Keyinroq yoshga oid yashirin cheklov olib tashlandi va men tavakkal qilishga qaror qildim. 45 yoshimda jurnalistika universitetiga hujjatlarni topshirdim, kerakli ballarni to‘pladim va o‘qishga qabul qilindim.
Men ro‘yxatda oxirgi o‘rinda emasdim. Bu meni hayratga soldi, men hatto o‘zim bilan faxrlana boshladim, chunki imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rmadim, maktabda olgan bilimlarim bilan kelgandim.
Oilam bu xabarni juda yaxshi kutib oldi, iliq so‘zlar bilan qo‘llab-quvvatlashdi. Lekin haligacha ko‘pchilik mening yoshimda oliy ma’lumot nega kerakligini tushunmaydi. Men esa faqat orzumni amalga oshirdim.
Avvaliga yosh guruhdoshlar orasida o‘zimni oq qarg‘a kabi his qildim, lekin ularning yaxshi munosabati meni hayratda qoldirdi.
Agar qo‘rqmadim desam, yolg‘on gapirgan bo‘laman. Men juda xavotirda edim. O‘z harakatlarimni o‘ylab ko‘rilmagan qaror, ba’zan kulgili deb ham hisoblardim. Agar bu ro‘y bergan bo‘lsa, demak, shunday bo‘lishi kerak bo‘lgan.
Bugungi kunda «Bosma OAV» yo‘nalishi sirtqi bo‘lim 4-kurs talabasiman. Men o‘zimning sevimli «Xalq so‘zi» nashrida ishlashni davom ettiryapman. Ushbu to‘rt yil ichida men bilan sodir bo‘lgan barcha o‘zgarishlardan mamnunman.
Oliygohga kirish eng yaxshi qarorlarimdan biri edi. O‘qish uchun hech qachon kech emas, lekin tan olaman, hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lishi kerak.
Agar kimdir o‘qish tufayli odatiy turmush tarzini yo‘qotishdan qo‘rqayotgan bo‘lsa, ishontirib aytamanki: aslida, ijtimoiy va shaxsiy barqarorlik darajasini oshirish imkoniyatidan tashqari, hech narsa yo‘qotmaysiz.
Siz oilani, ishni va o‘qishni birga olib bora olasiz. O‘zingizga bo‘lgan ishonch va kuchli istak haqiqatan ham mo‘jizalar yarata oladi.