Yaxshi o‘qigan  talabalar uchun yangi imkoniyatlar

2025 yil 10 martda O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan qaror (№149)ga ko‘ra, davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirgan, akademik yutuqlari yuqori bo‘lgan (GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan) va ijtimoiy toifadagi talabalarga qo‘shimcha davlat grantlari taqdim etiladi. Maqolada talabalar grant olish tartibi haqida batafsil ma’lumot olishlari mumkin.

Kimlar qo‘shimcha grant olish huquqiga ega?

Qo‘shimcha davlat grantlarini olish uchun talabalar bir nechta muhim shartlarni bajarishlari kerak. Avvalo, ular akademik jihatdan yuqori natijalarga erishgan bo‘lishlari lozim. Ya’ni, GPA ko‘rsatkichi 4.0 va undan yuqori bo‘lgan talabalar qo‘shimcha grantga da’vogar bo‘lishadi. GPA (Grade Point Average) – bu talabaning o‘zlashtirishi va darslarni qanday muvaffaqiyatli o‘zlashtirganini ko‘rsatuvchi ballar tizimi bo‘lib, bu ko‘rsatkich 4 balli tizimda ifodalanadi. GPA ko‘rsatkichi qancha yuqori bo‘lsa, talabalar uchun shuncha ko‘p imkoniyatlar ochiladi.

Ikkinchi muhim shart esa talabaning ijtimoiy toifaga mansubligidir. Ijtimoiy toifa, asosan, jamiyatda moliyaviy yoki ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan talabalarga beriladi. Bunga kam ta’minlangan oilalardan kelgan talabalar, nogironligi bor talabalar, ota-onasidan ayrilganlar, va boshqa shunga o‘xshash hollarda bo‘lgan talabalar kiradi. Ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan talabalar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha grantlar ajratiladi, bu ularning ta’lim olishlarini osonlashtirishga yordam beradi.

Qancha ta’lim granti ajratiladi

Har bir bakalavriat yo’nalishi bo’yicha 1-kursga davlat granti asosida qancha talaba qabul qilingan bo’lsa, shuncha grant o’rni mavjud.

Buning uchun  2-kurs va undan yuqori kursda o’qiydigan, davlat grantini qayta taqsimlashda ishtirok etishni xohlagan talaba ariza topshirishlari mumkin.

Grantlar turlari:

To’liq ta’lim granti: Bir yillik o’qish puli va stipendiya (yashash xarajatlari uchun beriladigan pul)ni to’liq qoplaydi. Ya’ni talaba butunlay bepul o’qiydi.

To’liq bo’lmagan ta’lim granti: Bir yillik o’qish pulining faqat 50% ini qoplaydi. Stipendiya berilmaydi. Ya’ni talaba o’qish uchun yarim pul to’laydi.

GPA (Grade Point Average): Talabaning o’qish davridagi barcha baholari o’rtacha arifmetik qiymati. Bu talabaning o’zlashtirish darajasini ko’rsatadi.

Qo’shimcha davlat granti: Ba’zi hollarda universitetlarning bakalavriat yo’nalishlarida, talabalarning o’qishdagi ko’rsatkichlari (GPA) 4 va undan yuqori bo’lsa, ularga qo’shimcha grantlar berilishi mumkin. Bu grantlar Oliy ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi va to’liq ta’lim grantini berish xarajatlari bilan bir xilda qoplanadi.

Oliy ta’lim tashkiloti granti: Bu grant universitetning o’z mablag’lari hisobidan beriladi. Agar talabaning GPA ko’rsatkichi 3,3 dan 4 gacha bo’lsa, universitet ularga kontrakt pulining 20% dan 80% gacha qismini to’lashga yordam berishi mumkin. Bu pullar universitetning byudjetdan tashqari mablag’lari hisobidan qoplanadi.

Ta’lim grantlari

 Ta’lim grantlari  2- va 3- va undan keyingi kurslar uchun bakalavr va magistratura uchun  talabalar sonidan kelib chiqib,  OTM rektori tomonidan to ‘liq ta’lim granti va to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantiga ajratiladi.  

  • To’liq granti- Ta’lim granti talabalarning bazaviy soning 50 foizidan  kam bo’lmagan miqdorda belgilanadi.
  • To’liq bo’lmagan grantlar soni bazaviy sondan to’liq grantlarni olib tashlagan holda qolgan sonning ikki barobarigacha miqdorda belgilanadi.
  • Barcha to’liq va to’liq bo’lmagan grantlar soni yil yakunlanishidan kamida 6 oy oldin universitetning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak.
  • Grant olish uchun arizalar qabul qilish muddati, talabalarning baholarini va ijtimoiy faolligini baholash tartibi universitet rektori tomonidan belgilanadi.
  • Barcha bosqichlar qachongacha tugashi kerakligi ham rektor tomonidan belgilanadi va o’quv yili yakuniga qadar e’lon qilinadi.
  • Talabalarning o’qishdagi baholarini baholaydigan (Akademik o’zlashtirishni aniqlash bo’yicha komissiya), ijtimoiy faolligini baholaydigan (Ijtimoiy faollikni aniqlash bo’yicha komissiya) va grant olishga loyiqligini aniqlaydigan (Maxsus komissiya) tarkibiga jamoatchilik vakillari ham jalb qilinishi mumkin. Ya’ni komissiya tarkibida universitetdan tashqari odamlar ham bo’lishi mumkin.
  • Agar talaba qonunbuzarlik sodir etsa va o’qishdan chetlatilsa, o’qishni davom ettirishga ruxsat berilmasa yoki boshqa universitetga o’tsa, uning grant o’rni qayta taqsimlanmaydi (ya’ni bu o’ringa boshqa talaba olinmaydi).
  • Ammo, agar talaba akademik mobillik dasturi bo’yicha boshqa universitetda bir yilgacha o’qish uchun ketsa va keyin qaytib kelsa, uning o’rniga vaqtincha boshqa talaba olinishi mumkin. Talaba qaytib kelgach, bu o’rin yana unga beriladi.

Grant ajratishda hisobga olinadigan jihatlar:

Kambag’al oilalar ro’yxatida turgan oilaning farzandlari faqat bitta grant uchun ariza topshirish huquqiga ega.

Bakalavriat yo’nalishlariga ajratilgan davlat grantlari soni Oliy ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi. Bunda abituriyentlarning ijtimoiy kelib chiqishi, milliy agentliklar tavsiyalari va boshqa omillar hisobga olinadi.

Grantlarni qayta taqsimlash jarayoni qanday bo ‘ladi?

 1-bosqichda: Talabgor talabalar OTMning rasmiy veb-saytida onlayn ro’yxatdan o’tadilar. Bunda o’zlari haqidagi ma’lumotlarni kiritadilar va Nizomda ko’rsatilgan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarni (diplomlar, sertifikatlar, faoliyatini tasdiqlovchi ma’lumotlar va h.k.) yuklanadi. Muddat: OTM tomonidan belgilanadi

2-bosqichda: Akademik o’zlashtirish ko’rsatkichini aniqlash bo’yicha komissiya va Ijtimoiy faollikni aniqlash bo’yicha komissiyalar talabgorlarning arizalarini va ilova qilingan hujjatlarni ko’rib chiqadi. Talabgorning o’zlashtirish ko’rsatkichini (GPA) baholaydi va ball beradi (max 80 ball). GPA qanday hisoblanishi Nizomda belgilangan.

Ijtimoiy faollik komissiyasi: Talabgorning ijtimoiy faollik darajasini baholaydi va ball beradi (max 20 ball). Ijtimoiy faollikni baholash mezonlari Nizomga 2-ilovada keltirilgan (kitobxonlik, 5 muhim tashabbus, Ma’rifat darslari va h.k.).

( Komissiyalar tarkibiga OTM vakillari bilan birga jamoatchilik vakillari ham kiritilishi mumkin.)

3-bosqich: Maxsus komissiya tomonidan umumlashtirish 1-avgustga qadar

 Maxsus komissiya Akademik o’zlashtirish va Ijtimoiy faollikni aniqlash bo’yicha komissiyalar tomonidan taqdim etilgan baholash natijalarini umumlashtiradi. Maxsus komissiya talabgorlarning reytingini tuzadi (ballar yig’indisi bo’yicha). Ba’zi hollarda (ballar teng bo’lib qolsa) Nizomda ko’zda tutilgan ustunliklar hisobga olinishi mumkin.

4-bosqich: Maxsus komissiya reyting asosida tuzilgan talabalar ro’yxatini OTM kengashiga taqdim etadi. Ro’yxatda grantga tavsiya etilgan talabalar ko’rsatiladi. Har yili 15-avgustga qadar.

5-bosqich: Har yili 20-avgustga qadar. OTM kengashi taqdim etilgan ro’yxatni ko’rib chiqadi va muhokama qiladi. Kengash grant oluvchi talabalar ro’yxatini tasdiqlash yoki qayta ko’rib chiqishga yuborish to’g’risida qaror qabul qiladi.

6-bosqich: Har yili 20-avgustga qadar OTM kengashning qarori asosida grant oluvchi talabalar ro’yxatini OTMning rasmiy veb-saytida e’lon qiladi. Bundan tashqari, har bir talaba o’zining shaxsiy natijasi bilan tanishishi mumkin.

Xullas Talabalarning o’qishdagi baholari, ijtimoiy faolligi va grant olishga loyiqligi universitet komissiyalari tomonidan aniqlanadi. Komissiyalar tarkibiga universitetdan tashqari odamlar ham kirishi mumkin. Agar grant olgan talaba o’qishni tashlab ketsa, uning o’rni bo’sh qoladi va boshqa talabaga berilmaydi (ba’zi hollardan tashqari). Grant olmoqchi bo’lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning farzandlari faqat bitta grant uchun ariza topshirishi mumkin.

Ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlash tartibi

Har bir talabada  grantni qayta taqsimlash haqida savol yuzaga kelishi tabiiy. Demak, grant olish jarayoni qanday bo’ladi? Birinchi navbatda, universitet saytida ro’yxatdan o’ting va barcha kerakli hujjatlarni (diplomlar, sertifikatlar va hokazo) yuklang. O’rtacha ballingiz (GPA) kamida 3.5 bo’lishi shart.  Tadbirlarda qatnashing, volontyorlik qiling, turli loyihalarda ishtirok eting. Sizning faolligingiz ham ball bilan baholanadi!

Komissiyalar sizning o’qishingizni va faolligingizni baholaydi. O’qishdagi baholaringiz va ijtimoiy faolligingizga qarab ball olasiz. Ballari eng yuqori bo’lganlar grantni qo’lga kiritadi!

Agar bir xil ball to’plagan talabalar bo’lsa nima bo’ladi?

Bu holda, ustunlik o’qishda yaxshiroq natijalarga erishgan talabaga beriladi. Agar ularning akademik ko’rsatkichlari ham bir xil bo’lsa, unda ular mutaxassislik fanlaridan test sinovlaridan o’tadilar.

Natijalar universitet veb-saytida e’lon qilinadi. O’zingizning ballaringizni va g’oliblarning ro’yxatini tekshirishingiz mumkin. Agar siz natijadan norozi bo’lsangiz, appilatsiya berishingizga haqingiz bor! Buni natijalar e’lon qilingandan keyin 48 soat ichida amalga oshirishingiz kerak.

Test qanday o’tkaziladi, qancha savol bo’ladi, baholash qanday bo’ladi – bularning hammasini universitet rektori belgilaydi. Shuning uchun, universitetingizning veb-saytini diqqat bilan kuzatib boring.

 Grant olish uchun yaxshi o’qish, faol bo’lish va imkoniyatdan foydalanish kerak.

Apellyatsiya

Demak, natijalar e’lon qilindi. Agar siz natijalardan norozi bo’lsangiz, apellyatsiya berishingiz mumkin. Arizalar 3 kun ichida ko’rib chiqiladi.

Maxsus komissiya 15 avgustgacha grant olishga loyiq talabalar ro’yxatini tuzadi. Bu ro’yxatda talabalar ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilinadi. Ro’yxat universitet rektoriga (yoki direktoriga) taqdim etiladi va Oliy ta’lim tashkiloti kengashiga kiritiladi.

Oliy ta’lim tashkiloti kengashi ro’yxatni ko’rib chiqib, 20 avgustgacha grant oladigan talabalar ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida qaror qabul qiladi.

Va nihoyat, 25 avgustgacha grant oladigan talabalar ro’yxati universitet veb-saytida e’lon qilinadi!

Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qarori asosida universitet rektori (yoki direktor) grant oladigan talabalarga grant berish to’g’risida buyruq chiqaradi.

 A’lochi talabalarga qo’shimcha grant olish tartibi

Yangi tartib bo‘yicha qo‘shimcha grantni qanday olsam bo‘ladi degan talabalar uchun:

Barcha fanlardan baholaringiz a’lo (GPA 4 yoki undan yuqori) bo’lsa, siz qo’shimcha davlat granti olishingiz mumkin! Bu nima degani? Bu shunchaki oddiy grant emas, bu sizning a’lo o’qishingiz uchun beriladigan mukofot!

Qo’shimcha grant olish uchun nima qilish kerak?

  1.  Har yili 20 iyulgacha universitet saytida ro’yxatdan o’ting.
  2. Sizning arizangizni komissiyalar ko’rib chiqadi. Ular sizning baholaringizni va ijtimoiy faolligingizni tekshiradilar.
  3. Agar komissiyalar munosib deb topsalar, siz qo’shimcha grant olish uchun tavsiya etilasiz.
  4. Rektor qo’shimcha grant olish to’g’risida buyruq chiqaradi.
  5. 5 sentyabrgacha siz qo’shimcha grant olganingiz haqida xabar olasiz!
  • Nizomga ko ‘ra, qo’shimcha grant a’lochi talabalarni rag’batlantirish uchun beriladi.
  • Qo’shimcha grant olish uchun siz nafaqat a’lo o’qishingiz, balki ijtimoiy hayotda ham faol bo’lishingiz kerak.
  • Qo’shimcha grant olish jarayoni oddiy grant olish jarayoniga o’xshash.

Xulosa qilib aytganda, agar siz a’lo o’qisangiz va faol bo’lsangiz, sizda qo’shimcha davlat granti olish imkoniyati bor!

 Moliyaviy erkinlik berilgan universitetlarda grant olish tartibi

Agar universitetingiz davlatdan moliyaviy erkinlik olgan bo’lsa (ya’ni, o’zi pul topib, o’zini o’zi ta’minlasa), demak, sizda yana bir grant olish imkoniyati bor! Bu grant faqat shu universitetning o’z mablag’lari hisobidan beriladi.

Kim bu grantni olishi mumkin?

  • GPA 3,3 dan 4 gacha bo’lgan talabalar (ya’ni, yaxshi o’qiydiganlar).
  • 2024/2025 o’quv yilidan boshlab o’qishga kirganlar.

Grant olish uchun nima qilish kerak?

Har yili 20 iyulgacha universitet saytida ro’yxatdan o’ting.

Sizning arizangizni komissiyalar ko’rib chiqadi. Ular sizning baholaringizni va ijtimoiy faolligingizni tekshiradilar.

 Agar komissiyalar sizni munosib deb topsalar, siz grant olish uchun tavsiya etilasiz.

 Rektor grant berish to’g’risida buyruq chiqaradi.

10 sentyabrdan 12 sentyabrgacha siz grant olganingiz haqida xabar olishingiz mumkin.

Grant miqdori qancha?

Grant miqdori sizning GPA-ga bog’liq

Moliyaviy mustaqil oliy ta’lim tashkilotlaridan taqdim etiladigan grantlar to‘lov-kontrakt summasining foiziga qarab quyidagicha bo‘ladi:

  • GPA 3.3-3.39 bo‘lsa — to‘lov-kontrakt summasining 20% qismi qoplanadi.
  • GPA 3.4-3.49 bo‘lsa — to‘lov-kontrakt summasining 30% qismi qoplanadi.
  • GPA 3.5-3.59 bo‘lsa — to‘lov-kontrakt summasining 40% qismi qoplanadi.
  • GPA 3.6-3.69 bo‘lsa — to‘lov-kontrakt summasining 50% qismi qoplanadi.
  • GPA 3.7-3.79 bo‘lsa — to‘lov-kontrakt summasining 60% qismi qoplanadi.
  • GPA 3.8-3.89 bo‘lsa — to‘lov-kontrakt summasining 70% qismi qoplanadi.
  • GPA 3.9-3.99 bo‘lsa — to‘lov-kontrakt summasining 80% qismi qoplanadi.

Pul universitetning o’z mablag’lari hisobidan to’lanadi.

Muhim eslatma: Moliyaviy erkinlik berilgan universitetlar o’z byudjetidan har yili 1 milliard so’mgacha grant berishga haqli.

Xulosa

Yangi grant tizimi talabalarga ta’lim olish jarayonida qo‘shimcha yordam taqdim etishni maqsad qiladi. GPA ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan va ijtimoiy toifadagi talabalarga qo‘shimcha grantlar taqdim etilishi, akademik yutuqlarni rag‘batlantirish, jamiyatda tenglikni ta’minlash va ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan talabalarga qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni anglatadi. Talabalar GPA ko‘rsatkichi va ijtimoiy faolliklarini hisobga olgan holda, ta’lim xarajatlarini kamaytirish va o‘z ta’limlarini yanada yuqori darajada davom ettirish uchun qo‘shimcha grant olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu yondashuv ta’lim tizimining yanada adolatli va hamma uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyatga ega.