“Avlod Media”ga navbatdagi murojaatlar O‘zbekiston Milliy Universiteti talabalari tomonidan kelib tushdi. Murojaatlarning asosiy qismi, talabalar turar joyi bilan bog‘liq muammolardir. Ulardan biri quyidagicha yozgan:
“Assalomu alaykum “Avlod Media”! Mening murojaatim shundan iboratki, Men 2022-2023-o‘quv yili mobaynida universitetimizning yotoqxonasida sanoqli kunlar istiqomat qildim va chiqib ketayotgan kunimda, barcha to‘lovlarni amalga oshirdim. Mendan xonaning buzilgan kaliti uchun ham alohida pul olishdi. Ammo oradan bir yil o‘tib, joriy yilning avgust oyida, universitet ma’muriyati tomonidan, yotoqxonadan qarzdor degan xabar keldi. Qanday qilib menda qarzdorlik paydo bo‘lganiga hayronman. Shu masala bo‘yicha aniqlik kiritishimga yordam berishingizni so‘rayman!
Yana bir ismi oshkor etilishini istamagan talaba:
“Assalomu alaykum “Avlod Media” men ham yotoqxonadan hech qanday qarzdor emasman, chunki chiqib ketayotgan kunim birinchidan xonani undan keyin qarzdorlikni tekshirishadi va menda hech qanday muammo bo‘lmagan. Biroq mana oradan bir yil o‘tib, endi meni qarzdorga chiqarishdi, bu qanday gap? Nimaga ertaroq hech kim bu haqida og‘iz ochmadi? Talabani kim tinglaydi? Sizlardan ushbu masalaga befarq bo‘lmasligizni iltimos qilaman!”
Ushbu muammo bo‘yicha o‘rganganimizda, talabalar 2022/2023-yilgi yotoqxona to‘lovida qarzdor deb topilgan. Ammo, talabalar ushbu qarzdorlikni asossiz deb aytishmoqda. Biz esa ushbu masalaga oydinlik kiritish va murojaatlarga yechim berish maqsadida O‘zbekiston Milliy Universiteti ma’muriyati bilan bog‘landik. Ular bunga quyidagicha javob berishdi:
“Mazkur holat yuzasidan “qarzdor” deb ro‘yxati shakllantirilgan barcha talabalar 2022/2023 o‘quv yilidan yashagan oyining kuni uchun hisoblab to‘lov amalga oshirgan va chiqib ketgan, ammo talaba bir oyda 30 kun tursa ham 3 kun tursa ham 1 oylik to‘lovni amalga oshiradi. Ilmiy kengash qarori bilan shunday talab belgilangan”
Aytish kerakki, talaba bilan yotoqxona o‘rtasidagi shartnoma bir o‘quv yiliga deb tuziladi. Yotoqxona bu kvartira emas, shuning uchun uning o‘z ichki tartib qoidalari bor. Yil davomida talabalar turar joyida yashagan talaba to‘liq to‘lovni amalga oshirishi kerak. Demak bundan kelib chiqadiki, “talaba yashagan kuniga ijara pulini to‘laydi” – degan jumla shartnomada keltirilmagan.
Ammo yana bir jihat, agar ro‘yxatdagi talabalar haqiqatdan ham qarzdor bo‘lsa, nega o‘z vaqtida ularga ma’lum qilinmagan. Avvalroq bu haqida xabar qilinmadi yoki ogohlantirilmagan?
Yana bir e’tiborli joyi shundaki, joriy yildan boshlab barcha OTMlarda 1-avgustdan 10-sentabrgacha bo‘lgan muddat talabalarni turar joy bilan tezkor ta’minlash “dolzarb qirq kunlik” markazi sifatida belgilandi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, barcha oliygohlarning asosiy binolari hamda yotoqxonalarning kirish qismlarida “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari (infokiosk)”ni tashkil etish belgilandi. Bu esa talabalarni yotoqxona bilan bog‘liq katta-yu kichik muammolarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Umid qilamizki, ushbu infokiosklarning tashkil etilishi barcha oliygohlarda yotoqxona bilan bog‘liq masalalarning paydo bo‘lishini oldini oladi. “Avlod Media” talabalar va ularning murojaatini eshitishga va o‘rganishga har doim tayyor. Agarda sizda ham savol va murojaatlar bo‘lsa Telegram orqali @AvlodMediaAdministrationga yo‘llashingizni so‘raymiz.