O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: ertangi kun poydevori
Har qanday davlatning kelajagi, avvalo, uning yoshlari qanday bilim va salohiyatga ega ekaniga bog‘liq. Shu boisdan ham ta’lim tizimini takomillashtirish va unga davlat darajasida e’tibor qaratish – har bir taraqqiy etuvchi mamlakatning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidan boshlanmoqda. Bu esa, globallashuv jarayonida bolalarni to‘g‘ri yo‘nalishda tarbiyalashda, ularning shaxs sifatida shakllanishida maktabgacha ta’lim tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, bu bosqich kelajak avlodning ruhiy va aqliy rivojiga ta’sir qiluvchi eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonning yirik shaharlaridan tortib, chekka tuman va qishloqlarda ham zamonaviy talablarga javob beradigan maktabgacha ta’lim muassasalari qurilmoqda. Bu — ta’limni jamiyat taraqqiyotining asosiy ustuni sifatida qarashning amaliy ifodasidir.
«2025-2026 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Hukumat qarori (83-son, 12.02.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-2026 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi hamda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
· aholining yashash darajasi va to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan (kambag‘al oilalar kam bo‘lgan) mahallalarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar;
· olis va chekka (tuman va shaharlar markazida joylashmagan) mahallalarda oilaviy nodavlat bog‘chalar;
· aholining to‘lov qobiliyati past (kambag‘al oilalar nisbatan ko‘p bo‘lgan) hamda demografik o‘sish darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda davlat, shuningdek, xalqaro moliya institutlari kredit va grantlari hisobidan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar;
· ijtimoiy soha muassasalarining bo‘sh binolarida qisqa muddatli guruhlar.
2025 yil yakunigacha kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ta’minlanadi.
Maktab va oliy ta’limdagi islohotlar — yangi marralar sari
Yurt kelajagi, avvalo, uning ta’lim tizimi qanchalik mustahkam ekaniga bog‘liq. Shu jihatdan, O‘zbekistonda maktab ta’limi sifatini oshirish, o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish va ta’lim jarayonini zamonaviy talablarga mos ravishda tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, 2024 yil — «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb e’lon qilinishi bilan ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratilyapti. Davlat dasturi doirasida 30 ta yangi maktab qurilishi, 320 ta maktabda ta’mirlash ishlari va moddiy-texnik bazani yaxshilash maqsadida davlat byudjeti hisobidan 2 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgandi va bularning barchasi porloq ertasiga xizmat qilmoqda..
Sohada yagona «elektron ta’lim» tizimini joriy etish maqsadida esa yaqin ikki yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, olis hududlarga borib dars o‘tadigan o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi ham joriy qilindi: boshqa tumanga ishga borgan o‘qituvchiga maoshiga 50 foiz, boshqa viloyatda ishlasa esa 100 foiz ustama haq to‘lanishi o‘qituvchilar uchun yaratilgan motivatsion amaliy harakatdir.
Oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ichida oliy ta’lim tizimi alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi sohadagi barcha o‘zgarishlar uchun asosiy strategik hujjat vazifasini bajaradi.
Mazkur konsepsiyada qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan. Jumladan:
· intellektual taraqqiyotni jadallashtirish;
· raqobatbardosh kadrlar tayyorlash;
· fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish;
· ilmiy va innovatsion faoliyatni kuchaytirish;
· xalqaro hamkorlikni mustahkamlash;
· ta’limda raqamli texnologiyalar va innovatsion platformalarni joriy etish;
· ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi oliy o‘quv yurtlari va xalqaro tajriba
So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarining soni va sifati sezilarli darajada oshdi. Jumladan, so‘nggi yilda yangi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi. Bu bilan oliy o‘quv yurtlari soni 200 dan oshgani katta natijadir.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Yana bir muhim qadam sifatida aholi fikri asosida sirtqi va kechki ta’lim shakllari qayta tiklandi, qabul kvotalari oshirildi. Bu esa, ta’limda tenglik va keng qamrovni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda esa qamrov yanada kengayib, ta’lim olish imkoniyatlari ortib bormoqda.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va samarasi bilan alohida e’tiborga loyiq. Xususan, Taraqqiyot strategiyasi doirasida ta’lim tizimida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu jarayonda rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirish, sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yish va malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirildi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani yaxshilash
Davlat byudjeti hisobidan ta’lim sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar so‘nggi yillarda 5 baravarga oshirildi.
Oliy ta’lim sohasida ham jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shu bilan birga, tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (Doctor of Science) kabi ikki pog‘onali ilmiy darajalar tizimi joriy etildi. Oliy ta’limdan keyingi ta’limning ushbu shakli ilm-fan taraqqiyoti uchun muhim qadam hisoblanadi. Shu bilan birga oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2025-yil uchun tasdiqlangan xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati ham tasdiqlandi va e’lon qilingani ham iftidorli yoshlarimiz uchun ishtiyoq berish bilan birga biz professor-o‘qituvchilarni ham ilhomlantiradi, nega deganda, Uchinchi Renessanslarida gapirar ekanmiz uni amalga oshirishda bizning OTMlar ham mazkur TOP 1000 talikka kirishi ham e’tirof, ham sharafdir. Ma’lumot uchun, TOP-1000 oliygohlarni tamomlagan talabalarning diplomlari O‘zbekistonda imtihon sinovlarisiz tan olinadi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov 27,7 foizdan 67 foizga, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. Bu esa davlat tomonidan ta’lim sohasiga qaratilgan e’tiborning samarasi sifatida ko‘riladi.
2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasida ta’limni yanada keng qamrovli qilishga qaratilgan maqsadlar belgilangan. Jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovini 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod nodavlat MTTlar tashkil etish, xalq ta’limi tizimida 1,2 millionga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish tizimi butun respublika bo‘ylab joriy etilishi rejalashtirilgan. Shu o‘rinda yana qo‘shimcha tarzida ma’lumot keltirishni joiz deb bildim. Ya’ni, Shunday islohotlar bilan birga 2025 yil 14 martdagi «Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident [103-son] qarori yana ham yuqori bosqichga ko‘targan amaliy va huquqiy asos bo‘ldi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
Birinchidan, 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlanishi uchun barcha hududlarda yana ham ishlar jonlantirib yuborilishiga ham asos , ham qat’iy talab qo‘yilgani barcha mutasaddi mas’ul kishilarni aholi bilan yaqinlashishiga chorlaydi.
Ikkinchidan, 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish ham hech bir oila va uning a’zolarini jamiyatdan uzilib, o‘z dardi bilan yashashga qo‘ymay, faollikka va tadbirkorlikka chorlagan qarordir
Bunda e’tiborli jihati, «HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2025 yil 1 maydan: xotin-qizlarga «yashil loyihalar» va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar «ustoz» tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yilishi, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi, ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilishi eng katta qadam va imtiyozdir.
Uchinchidan, 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olinishi, har bir xonadondagi ayollarimiz, qizlarimizni ziyo va ma’rifatli jamiyatning ufurini his etishga undaydi.
Men shu o‘rinda mazkur sohada ayrim imtiyozlarni ham eslatib o‘tishni joiz deb bildim.
Jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari
Prezidentning 1999 yil 10-iyundagi [PF-2326-son] farmoni bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 maydagi [375-son] qarori bilan Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy ta’lim muassasalari hamda Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizom ichki ishlar organlarining shahodatlangan xodimlari, terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlarining farzandlariga (vasiylikka olingan farzandlar bundan mustasno) nisbatan tatbiq etiladi.
Davlat OTMlarning bakalavriatiga (ikkinchi ta’limdan tashqari) o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining iltimosnomasiga asosan vazir tomonidan beriladi.
Bundan tashqari, huddi shu tartibda vazir tomonidan Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy (magistratura, ikkinchi va oliy ta’limdan keyingi ta’limdan tashqari) va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun taqdimnoma beriladi.
Harbiy qism qo‘mondonligi va Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga ega abituriyentlar Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi [393-son] qarori bilan harbiy xizmatchilar orasidan yuqori natijalarga erishgan, har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi harbiy qism qo‘mondonligi (rahbariyati) va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga tasdiqlangan davlat granti kvotalariga qo‘shimcha ravishda imtihonlarsiz qabul qilinadi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tavsiyanomasini qo‘lga kiritganlar
Vazirlar Mahkamasi 2017 yilning 14 noyabrida [914-son] sonli qaror bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish tartibini tasdiqlab bergan.
Hujjatga asosan tavsiyanomalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlarga, boshlang‘ich tashkilotlardagi yo‘nalish yetakchilariga, ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi yoshlarga beriladi. Tavsiyanomalar Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrining bir nafardan (jami 14 nafar) yoshlariga taqdim etiladi.
Tavsiyanomalarga ega bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga asosan doimiy yashash joyidagi OTMlarning pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun tavsiyanoma
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi [402-son] qarori bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qo‘shimcha 4 foizli grant ajratiladi.
To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar
Prezidentning 2021 yil 9 avgustdagi [PQ-5216-son] qarori asosida oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (yigirma besh yoshga to‘lmagan) chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.
Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi [393-son] qarori bilan Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatni qabul jarayonida taqdim etganda oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kirish test sinovlari fanlar majmuasiga chet tili fani kiritilgan yo‘nalishlarda mos chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshirmaydi.
Xalqaro imtihon tizimlari sertifikatlariga ega abituriyentlar
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi [468-son] qaroriga ko‘ra, ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga o‘qishga kirishda mazkur fan doirasida testdan ozod etiladi va maksimal ball beriladi.
Kollej yoki texnikumdagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar
Vazirlar Mahkamasining 9 iyundagi [322-sonli] qaroriga muvofiq, kollej yoki texnikum diplomidagi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega abituriyentlar orasida alohida test o‘tkaziladi, ular orasidan yuqori ball to‘plagan 500 nafarigina OTMga kira oladi. Ehtiyojmand xotin-qizlar uchun tavsiyanoma
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi [402-son] qarori bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qo‘shimcha 4 foizli grant ajratiladi.
Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega abituriyentlar
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 noyabrdagi [675-son] qarori bilan kamida 5 yil ish stajiga ega fuqarolarga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishi uchun tavsiyanoma beriladi.
Profilaktika inspektorlari
Prezidentning 2021 yil 30 noyabrdagi [PQ-23-son] qaroriga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilinadi:
• Jamoat xavfsizligi universitetiga;
• Toshkent davlat yuridik universitetiga;
• yurisprudensiya sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan boshqa davlat OTMga (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bundan mustasno).
«Vatan tayanchi» harakatining faol a’zolari
Prezidentning 2022 yil 2 martdagi [PQ-150-son] qarori asosida Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati, maktablarda esa uning otryadlari tashkil etiladi. Unga ixtiyoriy ravishda a’zo bo‘lgan 10−11-sinf o‘quvchilari orasidan bir nafariga OTMga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi. Bunda uning harakat faoliyatidagi ishtiroki va maktabdagi baholari inobatga olinadi.
«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari
«Temureklar maktabi» bitiruvchilariga oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda yakka tartibdagi yakuniy suhbat yoki test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa to‘plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar beriladi. «Temurbeklar maktabi»ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlari asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Harbiy-musiqa liseyi bitiruvchilari
Harbiy-musiqa akademik liseyi bitiruvchilari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda testda o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdorida, respublikaning boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar beriladi.
Ishoqxon Ibrat nomidagi maktab-internat bitiruvchilari
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrini a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tavsiyasiga asosan xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Jumladan, 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha kurs talabalari yotoqxonalarga onlayn ariza yuborish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish my.gov.uz portali orqali1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom yetadi.
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
«Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
«Ijtimoiy himoya yagona reyestri», «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»da turadigan talabalar;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
«Yil talabasi» va «Talabalar teatr studiyalari» ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
Umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun talabalar turar joyida ortib qolgan o‘rinlar quyidagicha taqsimlanadi:
1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foizi;
2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foizi;
3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.
Bunda kurslarga ajratilgan, biroq to‘lmay qolgan o‘rinlar avvalo quyi kurs talabalari orasida, so‘ng kurslarning ortib borishi tartibiga qat’iy amal qilgan holda yuqori kurs talabalari orasida qayta taqsimlanadi. Oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabalar turar joyidagi o‘rinlar soni umumiy ro‘yxat bo‘yicha fakultetlar kesimida taqsimlanishi mumkin.
Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart.
Bunda talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2024/2025-o‘quv yiliga talabalarni munosib kutib olish, o‘quv yilining dastlabki kunlarida talabalarni turar joy bilan tezkor ta’minlash bo‘yicha yuzaga keladigan jiddiy muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida joriy yilning 1-avgustidan 10-sentyabrigacha bo‘lgan muddat «dolzarb qirq kunlik» deb e’lon qilindi.
Bundan 15-avgustdan boshlab barcha oliy ta’lim muassasasining asosiy binolari hamda talabalar turar joylariga kirish qismlariga kamida 4 ta joyda “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari (infokiosklar)” tashkil etiladi.
Ijara xonadonlari bazasini shakllantirish, talabalarni guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga ko‘maklashish, oliy ta’lim muassasasi rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari ro‘yxati hamda ijara uylari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinadi.
So‘nggi yillarda respublikada yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda.
Yana bir muhim yangilik shundaki, Vazirlar Mahkamasining 10.03.2025 yildagi 143-son qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi belgilandi.
Nizom ikkinchi va undan yuqori kurslarda yuqori akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan ijtimoiy faol talabalar o‘rtasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan ta’lim grantlarini qayta taqsimlash hamda qo‘shimcha grant taqdim etish tartibini belgilaydi.
Oliy ta’lim tashkiloti granti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oluvchi, o‘rtacha balli 3,3 dan 4 gacha bo‘lgan talabalarning alohida toifalariga taqdim etilib, navbatdagi o‘quv yili uchun belgilangan to‘lov-kontrakt summasining 20 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan qismini
ushbu oliy ta’lim tashkilotining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplaydi.
Ikkinchi va undan keyingi kurslar uchun ta’lim grantlari soni oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan taqsimlanadi. Ular bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim tili va kurslar kesimida talabalar sonidan kelib chiqib, to‘liq ta’lim granti va to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantiga ajratiladi.
Konstitutsiyaviy kafolatlar va pedagoglar mavqei
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ta’lim sohasida muhim huquqiy kafolatlar mustahkamlanmoqda. Bunda bog‘cha yoshidagi bolalar uchun ta’lim va tarbiya davlat tomonidan kafolatlanishi, o‘rta ta’limning majburiy va bepul bo‘lishi, oliy ta’limni tanlov asosida davlat hisobidan olish imkoniyati qayd etilgani bugungi kunda mazkur sohadagi o‘qituvchi, ustoz-muallimlarimizning jamiyatda obro‘-e’tiborini kuchaytirishi bilan birga ularning ham mas’uliyatini yanada oshirgan konstitutsiyaviy kafolat bo‘ldi. Zero, bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta’lim tizimi joriy etilib, ularning sifatli ta’lim olish huquqi davlat tomonidan kafolatlanmoqda. Ta’lim tashkilotlarida maxsus ehtiyojli bolalar uchun mos shart-sharoitlar yaratilganining o‘zi ham Uchinchi Renessansning ufuridir. Ayni paytda, o‘qituvchilarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularni ijtimoiy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Konstitutsiyaga kiritilgan yangi moddada o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlat rivoji uchun asosiy omil sifatida e’tirof etilishi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat zimmasida ekani belgiladi va amalda tasdiqlamoqda.
Xulosa o‘rnida
Xalq farovonligi va davlat taraqqiyoti, avvalo, inson kapitali salohiyatiga bog‘liq. Shu bois, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Ta’limga qaratilgan sarmoya — kelajakka qilingan eng samarali investisiya hisoblanadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning konstitutsiyaviy asosda mustahkamlanishi mamlakatni barqaror rivojlanish yo‘lida dadil ilgarilashini ta’minlaydi.
Feruza MUHITDINOVA yuridik fanlar doktori, professor

Mirobod xalq deputatlari kengashi deputati