Talabalar xorijda ta’lim olish davrida ularni nimalar hayratga solganini gapirib berishdi

AQSh: maktab sportchilari, ziyofatlar va tanlov erkinligi

AQSh universitetlarida talabalar sporti juda rivojlangan. Amerika futboli, basketbol va beysbol — barcha talabalarda fidokorlik hissini uyg‘otadi va bu ta’lim muassasasining obro‘-e’tibori bo‘lib xizmat qiladi. Kuchli jamoalarda o‘ynagan sportchilar kampus yulduzlariga aylanib, ko‘p millionli shartnomalar imzolashadi.

Bundan tashqari, pandemiya davriga qadar o‘yinlar boshlanishidan oldin stadionlar oldidagi mashinalar turargohida o‘kaziladigan madaniy tomoshalar menni yoqimli hayrat soldi. Hammasi xuddi Amerika seriallarida bo‘lganidek.

— Timur, Texas A&M universiteti

Grinnellda professorlarni ismlari bilan atash, ular bilan bahslashish va hatto birga tushlikka borish odatiy holdir. O‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida shunday do‘stona munosabatlar o‘rnatilganki, menimcha, har bir talaba hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa ham, professorning uyida mehmon bo‘lgan.

Birinchi kursda men o‘z professorlarimdan birini odatdagidek «professor Sinnet» deb chaqirardim, u har safar jilmayib «talaba Imomnazarov» deb javob qaytarardi va bu bilan mening ortiqcha rasmiyatchiligimdan qotib kulardi.

Professorlar bilan bahslashish ham mumkin. Professor astoydil munozaraga kirishadi, u o‘z bilimlari bilan sizning nima uchun adashoyatganingizni tushuntirib, sizni mot qiladi yoki o‘zi dunyoqarashini o‘zgartishi kerakligini tan oladi. Undan hech qachon: «men bu bo‘yicha doktorlikni himoya qilganman, sen esa atigi ikki hafta oldin o‘rganishni boshlading, shuning uchun jimgina o‘tir”, — degan gapni eshitmaysiz.

— Xondamir, Grinnell kolleji

Meni eng ko‘p hayratga solgan narsa — talabalarda o‘z vaqtlarini boshqarish uchun to‘liq erkinlik huquqi mavjudligi. Talaba muntazam ravishda darslarga qatnamasa, uy vazifalarini bajarmasa yoki zaldan ma’ruza paytida chiqib ketsa ham, o‘qituvchilar shikoyat qilish huquqiga ega emaslar.

Har birimizga ma’ruza vaqtida ruxsatsiz chiqib ketishimiz uchun ruxsat berilgan, hattoki o‘zimizga qahva sotib olish uchun bo‘lsa ham. Butun o‘quv jarayoni uchun talabaning o‘zigina javobgardir. Ta’limdagi bunday yondashuv menga yoqdi, bu talabalarni mustaqil bo‘lishga va ustuvor yo‘nalishlarni to‘g‘ri tanlashga o’rgatadi.

— Elyora, Sietl universiteti

Fransiya: doimiy o‘qishdan chetlatishlar va g‘alati kiyimlar

Fransiyada universitetga pijamada kelish — odatiy hol. Universitetlarda qat’iy forma yo‘q va talabalar xohlagan narsalarini kiyib kelishadi. Ular kiyim tanlash uchun bosh qotirishmaydi. Futbolka, shortiklar, sport poyabzali, boshdagi bir tutam soch va shopper — ajoyib tanlovdir. Yaqinda men «Lilo va Stich» multfilmi bosh qahramoni suratlari tushirilgan pijamadagi qizni ham ko‘rdim.

— Yekaterina, Pol-Valeri universiteti, Monpelye

Meni o‘qishdan chetlatishlar soni hayratga soldi. Birinchi o‘quv yilidan so‘ng kursdoshlarimning deyarli yarmi o‘zlashtirolmaganliklari uchun o‘qishdan chetlatildi. Bu sizni yanada qattiq o‘qishga undashini aytmasa ham bo‘ladi. Ba’zi universitetlarda o‘qish davomida talabalarning 70 foizi chetlatilganligini eshitganman. Bu o‘zbekistonlik talabala uchun noodatiy hol, chunki bizda sizni o‘qishdan chetlatishlari uchun ancha harakat qilishingizga to‘g‘ri keladi.

— Nellya, Lion universiteti

Kanada: bemaza ovqatlar va samimiy professorlar

Ko‘chib o‘tganimdan so‘ng u yerning ovqatlariga o‘rganishim qiyin bo‘ldi. Umuman olganda, Kanadada taomlarni mazali pishirishadi, faqat universitet oshxonalarida emas. Talabalar oshxonada kamroq bo‘lishlari uchun “oshpazlar ataylab ovqatlarni yomon tayyorlashadi” degan taassurot paydo bo‘ladi. Kollejimdagi osh va somsalarni juda sog‘inaman.

— Umid, Manitoba universiteti

Meni ilk hayratga solgan narsa — universitet maydonining kattaligi bo‘ldi. Asosiy kampuslar uchta metro stansiyasini qamrab oladi va ularning hududlarida shifoxonalar, laboratoriyalar va boshqa yashash uchun zarur bo‘lgan binolar ham mavjud.

Bundan tashqari, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi ajoyib aloqani ham ta’kidlashni xohlardim. Masalan, bu yerda o‘qituvchiga «sen» deb murojaat qilish yoki har qanday mavzuda suhbatlashish odatiy hol sanaladi. O‘zbekistondagi qat’iy konservativ ta’lim tizimidan so‘ng, professorlar bilan birga qahva ichib, istalgan mavzuda suhbatlashish g‘alati bo‘larkan.

— Aleksey, Monreal universiteti