Xorij oliygohlari nimasi bilan afzal?

Yurtimizda ta’limga bo‘lgan talab yildan-yilga oshib boryapti. Yoshlar orasida nafaqat davlat oliy ta’lim muassasalariga hujjat toshirayotgan balki chet eldagi oliygohlarni tanlayotganlari ham talaygina. Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonning qariyb 110 ming talabasi chet elda tahsil olyapti.

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonlik talabalar chet elda ta’lim olish borasida Fransiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi gegemon davlatlarni ham ortda qoldirganiga guvoh bo‘lasiz. Bunga asosiy sabab nima? Yurtimizdagi oliygohlardagi ta’lim sifati yoshlarni yetarlicha qoniqtirmayaptimi? “Avlod Media” ana shu savollarga javob topish va tahlil qilish maqsadida talabalarga yuzlandi.

Moskva davlat Sinergiya Universiteti Jurnalistika fakulteti talabasi: Eshbekova Farangiz

“Assalomu alaykum “Avlod Media” jamoasi fikrimcha ko‘pchilik talabalarning chet el universitetlarini tanlashining asosiy sababi, kirish ballari va kontrakt narxida. Chet el oliygohlarining yana bir yaxshi tomoni, ko‘pchiligida kirish imtihonlarisiz qabul amalga oshiriladi, shu tarafi ancha qulayik tug‘diradi. Shuning uchun, men jurnalistika yo‘nalishining sirtqi va online shaklida ta’lim olaman. Bundan tashqari ko‘plab amaliyotlarga borganman, hozirda bo‘lsa soham bo‘yicha ishlayapman. Universitetimizning diplomi ham bemalol o‘zimizda tan olinadi, ta’lim sifati ham ancha yuqori. O‘zimizda bo‘lsa, talabalarning qancha foizi darsga kelishi muhim, u talaba o‘qiydimi yoki yo‘qmi uyog‘i bilan hech kimning ishi yo‘q. Chet davlatlarda bo‘lsa e’tibor asosan o‘qitishga qaratiladi”.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi: Samiyev Iskandar

“Birinchidan, o‘zimizda davlat universitetlariga kirish imtihonlari juda qiyin, ikkinchidan, davlat oliygohlariga kirmasdan xususiy universitetlarda o‘qish juda qimmat deyarli, 3000/4000 AQSH dollarini tashkil etadi. Bu pulga hozirgi yoshlar chet elda ta’lim olishni afzal ko‘radi negaki, bizdagi ta’lim sifati rivojlangan davlatlar va xattoki qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan ham ancha orqada. Uchinchidan, forma masalasi, uni kiyma buni kiy, soch va soqol masalasi har doim ta’lim sifatidan ham ustun turadi. Talabaning o‘qishga qiziqishi bormi, darslar unga yoqyaptimi bular bilan hech kimning ishi yo‘q. O‘qituvchilarga faqatgina davomat, talabalarni imtihondan yiqitish va pul topish qiziq. Hamma e’tibor ana shu mayda narsalarga qaratiladi, asosiy ta’lim jarayoni bilan hech kimning ishi yo‘q. Shu sabablar tufayli ko‘pchilik yoshlar chet elda o‘qishni tanlaydi”.

International school of finance technology and science talabasi: Nuriddinova Ro‘zabonu

“Menimcha buning asosiy sababi, talaba chet elda ta’lim jarayonida ancha erkin va mustaqil bo‘ladi. Oiladan uzoqda talaba har qanday vaziyatda, har qanday muammoni o‘zi hal qiladi, bu bo‘lsa unda o‘ziga nisbtan bo‘lgan ishonchni oshiradi. Ta’lim metodikasi ham o‘zimiznikiga qaraganda ancha yuqori va ancha ilgarilab ketgan. Chet elda ta’lim olgan talabada dunyoqarash kengayadi, har bir ishga mas’uliyat ortadi”.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi: Saraev Samandar

“Fikrimcha birinchi navbatda, oliy ta’limdagi juda katta kamchiliklar ya’ni preoritetlar sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, forma masalasi, darsga kelish va boshqalar. Bizda ko‘proq majburlab o‘qitish kuchli hamda ta’lim berishdan ko‘ra, o‘qishga kirish jarayonlari qiyinligi va shunga o‘xshash ancha muammolar sabab bo‘ladi. Chet elda bo‘lsa, o‘qishga kirish oson, o‘qish qiyin, ta’lim sifati ham yuqori darajada bo‘lganligi uchun ta’lim dasturlari ham ancha samarali hisoblanadi. Rivojlangan davlatlardagi oliy ta’lim sifati juda oldinda, hozirgi davrdagi kerakli va muhim ko‘nikmalar, bilimlar hammasi zamonga mos tarzda olib boriladi”.

Talabalarning fikrlarini umumiylashtiradigan bo‘lsak, o‘zimizdagi ta’lim sifatiga berilishi kerak bo‘lgan e’tiborning ko‘p qismi, keraksiz narsalar, forma, davomat, soch-saqol kabi mayda muammolarga qaratiladi. Demak, ta’lim jarayonini rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish uchun yangi metodikalar hamda dunyo tan olgan, yetakchi universitetlardagi o‘quv dasturlarini o‘zimizning oliy ta’lim muassasalarimizda joriy etish yaxshi yechim bo‘la oladi.