Familyasi o‘zgargan talabaga diplom berilmaydimi?
Hayotda o‘z familyasini yoki ismini o‘zgartirganlar ham uchraydi. Kimdir sababli, yana kimdir esa ayrim sabablarga ko‘ra familyasini o‘zgartirishi mumkin. Ko‘pincha, qizlar turmushga chiqishi bilan turmush o‘rtog‘ining familyasiga o‘tishadi. Ayniqsa, oliy ta’lim davrida turmush qurish va familiya o‘zgartirish kabi holatlar ko‘plab talaba qizlar hayotida sodir bo‘lishi mumkin. Ammo familiya o‘zgarganda, bu haqda universitet ma’muriyatiga vaqtida ma’lumot berilmasa, kelajakda diplom olish va boshqa hujjat bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi ehtimoli bor. Maqolada familiya o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayonlar, bunday paytda talaba e’tibor qilishi kerak bo‘lgan jihatlarni ko‘rib chiqamiz.
Familiya o‘zgarishi nima uchun muhim?
Universitetda talabaning barcha hujjatlari, jumladan diplom, baholar varaqasi, va boshqa ma’lumotlar talabaning hozirgi familiyasi asosida rasmiylashtiriladi. Agar talaba o‘z familiyasini turmush qurish sababli o‘zgartirsa-yu, bu haqda universitetga ma’lumot bermasa, quyidagi muammolar yuzaga kelishi mumkin:
– diplom eski familiyada rasmiylashtirilishi;
– familiyalarning mos kelmasligi sababli hujjatlarni ishlatishda qiyinchiliklar;
– ishga kirish yoki xorijda o‘qishni davom ettirishda hujjatlarni qayta rasmiylashtirish zaruriyati;
Familiya o‘zgarishini qanday rasmiylashtirish kerak?
Familiya o‘zgarganda universitet ma’muriyatiga vaqtida xabar berish muhim. Bu uchun quyidagi qadamlarni bajarish tavsiya etiladi:
1. Yangi hujjatlarni olish
Familiya o‘zgarganidan so‘ng, talaba yangi pasport va boshqa rasmiy hujjatlarni olishni tashkil qilishi kerak.
2. Ariza yozish
Universitet ma’muriyatiga familiya o‘zgarganligi haqida ariza yoziladi. Arizada yangi familiya va bu o‘zgarishning sababi ko‘rsatiladi.
3. Hujjatlarni topshirish:
Quyidagi hujjatlar ma’muriyatga taqdim etiladi:
– yangi pasportning nusxasi.
– nikoh guvohnomasining nusxasi.
– eski va yangi familiyalar haqida ma’lumot.
4. Hujjatlarni yangilash:
Universitet ma’muriyati familiya o‘zgarganligini hisobga olib, barcha ma’lumotlarni bazada yangilaydi. Bu jarayonda talabaga yangilangan talabalik guvohnomasi yoki boshqa zarur hujjatlar berilishi mumkin.
Ma’lumot bermaslikning oqibatlari
Agar talaba familiya o‘zgarganini universitetga xabar qilmasa, diplom eski familiya bilan rasmiylashtiriladi. Bu kelajakda quyidagi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ishga kirish vaqtida yoki chet elda o‘qish uchun hujjatlarni taqdim etishda familiyalarning mos kelmasligi muammosi. Hujjatlarni qayta tasdiqlash yoki rasmiylashtirishga vaqt va mablag‘ sarflash.
Universitetda o‘qish davomida familiya o‘zgarishi jiddiy masala bo‘lib, uni e’tiborsiz qoldirmaslik lozim. Talaba o‘z vaqtida universitet ma’muriyatiga murojaat qilib, familiyasini yangilash uchun zarur hujjatlarni topshirsa, kelajakda hujjatlar bilan bog‘liq muammolardan saqlanishi mumkin. Familiya o‘zgarishi haqida xabar berish nafaqat huquqiy mas’uliyat, balki talabaning o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun ham muhim.
Zeboxon Avazbek qizi