Uyga tez yordam mashinasi yetib kelganida vaqt allamahal bo‘lgan, adashmasam, tungi soat ikkiga yaqinlashib qolgan edi. Yarim soat oldin avjiga chiqqan bosh og‘rig‘ini sezmay qolyapman. Qattiq uyqum kelayotgandi. Nazarimda pastlikka qulab borardim. Feldsher yigitning ketma-ket savollari quloqlarim ostida jarang berardi halos. Deyarli uning gaplarini tushunmasdim. Bolalarim yosh bo‘lgani sabab, jiddiy fojeadan qo‘rquv hissi kuchli edi. Hayolimda doktorimning ismini unutib qo‘ymaslikka harakat qilardim. Yonimdagi hamshiraga telefonim kodini ochib, Muso Boltayevichga qo‘ng‘iroq qilishini iltimos qildim. Ikkita chaqiruvdan so‘ng “labbay” degan ovoz eshitildi. Mendagi qo‘rquv o‘rnini ishonch egalladi. Go‘yo men kasalxonada, ishonchli qo‘llarda edim.
-”Ha ustoz qattiq tahikardiya, puls betartib, ha yuqori…albatta sekin o‘tkazyapman. Nazoratga olaman. Yaxshilanyapti…” boshqa gaplarni chala eshitdim. Tez yordam gruppasi chamasi bir soatdan ko‘p vaqt mobaynida, yarim tunga qadar yonimda o‘tirishdi. Qachon ketishganini eslolmayman.
Ertalab uyqudan yengil uyg‘ondim. Ko‘zimni ochishim bilan najotkor shifokorimga qo‘ng‘iroq qildim. Niyatim bisotimdagi bor yaxshi so‘zlar bilan shifokorimga tashakkurimni bildirish edi. Yo‘q.. ikki og‘iz gapdan keyin tomog‘imga nimadir tiqildi. Ko‘z o‘ngimda uning men singari minglab odamlarga yetayotgan nafi salmog‘i, biror so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan mehnatlarining bebaho qiymati gavdalandi. Umrlarga teng yaxshilik haqida o‘yladim. Har bir inson chekiga tushadigan vazifa haqida tafakkur qildim.
MUSO O‘RINOV
2000 – yillarning boshida O‘zbekistonda temir tanqisligi muammosi jamiyatimiz hayotidagi eng dolzarb masalasi sifatida ko‘ndalang turgan bir davr edi. Chekiga tushgani tibbiyot ilmiga bo‘lgan sadoqatini avvalo teran tafakkuri, chuqur anatomik ilmi, bemorlarga nisbatan mehri va mas’uliyati bilan namoyon eta oladigan o‘zbek olimi uzoq yillik ilmiy izlanishlarni nihoyasiga yetkazib tibbiyot ilmiga «Bolalarning ruhiy holatiga temir tanqisligi kamqonligini ahamiyatini o‘rganish asosida ularning normal psixik rivojlanishini ta’minlovchi tibbiy texnologiyalarini ishlab chiqish» mavzusidagi loyihani taqdim etdi.
Anemiya. Tibbiyotda temir moddasi yetishmovchiligini tavsiflovchi bu tushuncha zamirida bolalar psixikasi va ruhiy rivojlanishi bilan bog‘liq jiddiy kasallik turadi. Anemiya bolalar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib ularning kognitiv qobiliyatlari pasayishi, diqqat yetishmovchiligi, hissiy beqarorlik va ijtimoiy moslashuvdagi qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.
O‘rinov Muso Boltayevich tomonidan ilgari surilgan mazkur ishlanma 2005 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar ilmiy amaliy markazi tomonidan e’lon qilingan davlat granti doirasidagi eng yaxshi ish sifatida e’tirof etildi.
Olimning bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlari orqali temir moddasining miyaga kislorod yetkazib berishdagi muhim jihati, xususan, bu modda yetishmovchiligi oqibatida bolalarda xotira va o‘rganish qobiliyatining susayishi ilmiy jihatdan isbotlab berildi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti, Nevrologiya kafedrasi professori, Ibn Sino jamoat fondi Buxoro viloyati filiali rahbari. 1985 yilda akademik I.P.Pavlov nomidagi Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetini tugatgandan so‘ng
G‘ijduvon tumani Markaziy kasalxonasida shifokorlik faoliyatini boshladi. Mehnat faoliyatining dastlabki yillarida tumanlararo mehnat ekspert komissiyasida shifokor nevropatolog sifatida ish yuritishi yosh mutaxassisning nevrologiya sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirdi.
Bu qiziqish 1989-1994 yillarda uning Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti asab kasalliklari kafedrasida klinik ordinatura va aspiranturada tahsil olishiga sabab bo‘ldi. Buxoro davlat tibbiyot institutidan boshlangan qizg‘in ilmiy faoliyat natijasida 1995-yilda “Insultgacha bo‘lgan kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarning mehnat qobiliyati va mehnatga jalb etish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi yoqlandi. Bu ishlanma sabab Muso O‘rinov 1999 yilda dotsent ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi.
2003-2004-yillarda ilmiy ishlar va axborot texnologiyalar prorektori lavozimlarida faoliyat yuritib, institutda yuqori ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlash va talabalar ilmiy jamiyati faoliyatini takomillashtirishga munosib hissa qo‘shdi.
Egallangan ilm va orttirilgan tajriba yillar o‘tgani sayin o‘z samarasini bera boshladi. O‘zbek olimining 200 dan ortiq ilmiy maqolalari va uslubiy qo‘llanmalari xorijiy va respublika nashrlarida chop etildi. So‘nggi 5 yil davomida 24 ta ilmiy maqola, (sog‘liqni saqlash tizimida tadbiq qilingan), 1ta oliy hamshiralik ishi talabalari uchun, 1ta tibbiyot institutlari talabalariga mo‘ljallangan jami 9 ta uslubiy qo‘llanma institut ARMning kitob rastasidan joy oldi.
5 ta monografiya (shundan ikkitasi chet ellik olimlar bilan hamkorlikda) chop ettirilib institut o‘quv adabiyotlari fondini boyitdi. M.B.Urinov o‘zining o‘nlab ilmiy tadqiqotlari bilan butunjahon nevrologlarining Avstriya, Sloveniya, Fransiyaning Leon shahri hamda Germaniyaning Myunxen shahri shuningdek, Turkiyaning Izmir va Hindiston davlatlarida o‘tkazilgan kongresslarida nafaqat ishtirok etdi balki dunyo olimlari jamiyati oldiga nevrologik kasalliklar bilan bog‘liq qator muammolarni ko‘ndalang qo‘yib, ularni sog‘lom ilmiy munozaraga chaqira oldi. Dunyoning turli mamlakatlarida o‘zi singari odamlar sog‘ligidagi muammolarni o‘rganib, tibbiyotga yangi ilmiy ishlanmalarni olib kirishga harakat qilayotgan hamkasblarini insoniyatga xizmat qiladigan yangidan yangi ilg‘or g‘oyalar atrofida birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu ma’noda uning Rossiya, Qozog‘iston respublikalaridagi nufuzli xalqaro anjumanlarda qilgan ma’ruzalari keyinchalik olimning TOP 1000 talikka kiritilgan oliy o‘quv yurtlarida akademik mobillik yo‘nalishida nevrologiyaning dolzarb muammolarini o‘rganilishiga turtki bo‘ldi. 2024 yillarda Rossiyaning Sankt-Peterburg, Birlashgan Arab Amirligining Abu-Dabi shaharlarida bo‘lib nevrologiyaga oid turli mavzularda ma’ruzalar o‘qidi.
O‘rinov Muso Boltayevich
Tibbiyotda ilk bor prozopalgiya (PPL) va prozoplegiya (PPA) sindromli bemorlarda maskulinlik va femininlik xavf omillari aniqlangan va erta tashxislash ketma-ketligini ishlab chiqib, amaliyotga tadbiq etgan olim. Jahon tajribasida birinchi marotaba “PPL va PPA” sindromli bemorlarning effektiv holati, og‘riq holati va neyrofiziologiya ko‘rsatkichlar o‘zgarishi bilan gender xarakteristikasi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqligini o‘rgangan mutaxassis shifokor. Bu ilmiy izlanish tibbiy neyrofiziologiya, psixonevrologiya va gender tibbiyoti nuqtayi nazaridan dolzarb ahamiyatga ega.
U jahon tajribasida birinchi marotaba “PPL va PPA” sindromli bemorlarning affektiv holati, og‘riq holati va neyrofiziologik ko‘rsatkichlar o‘zgarishi bilan gender xarakteristikasi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni o‘rgandi.Dunyo tibbiyoti tajribasida birinchi marta jins demorfizmi aspektida PPL va PPA sindromli bemorlarda neyropsixologik status, vegetativ xolat bilan mutanosib tarzda o‘zgarishi va bu ko‘rsatkichlarning me’yordan oshish darajasini aniqladi. Maskulinlik va femininlikka ta’sir qiluvchi xavf omillarini ikkiga bo‘lib, jismoniy va yuz shakli o‘zgarishini fanda isbotlab berdi. Professor Muso O‘rinov inson tashqi ko‘rinishini yo‘qotishdan qo‘rqqanida bu uning o‘zini identifikatsiya qilishiga ta’sir qilishi, oqibatda gormonal o‘zgarishlar yuz berib ba’zida endokrin tizimga ta’sir qilishi mumkinligini izohladi.
Ba’zi odamlarning ruhiy tushkunlikka tushib o‘zini kambag‘al his qilishini psixologik omillar natijasi deya to‘xtamga keldi. Erkaklar yuzidagi falaj va og‘riqlar ularning jamiyatdagi “kuchli” imijiga putur yetkazishi va maskulinlik hissiga ta’sir qilishi mumkin. Muso O‘rinov o‘rgangan ilmiy tadqiqotlar jamiyat va oila munosabatlarida muhimligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat odamlar yuzida o‘zgarish bo‘lgan shaxslarga jamiyatda har hil munosabatlar bo‘ladi. Bu esa shaxsning o‘zini qanday his qilishini shakllantiradi. Masalan ayollar uchun yuz jozibadorligi muhimroq bo‘lgani uchun, ularda o‘zgarishlar feministik hissiga ko‘proq ta’sir qilishi mumkin. Muso Boltayevich O‘rinovning doktorlik ilmiy ishi rivojlangan mamlakatlarning yetuk mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Ilmiy kengash a’zolari va opponentlar shifokorning bu ishiga “nevrologiyada yangi yo‘nalish” deb baho berdilar.
Muso O‘rinov bu ijtimoiy masalaga ilmiy jihatdan yondashar ekan xulosalarini neyrofiziologik ko‘rsatkichlarni; elektroensefalografiya (EEG), magnit-rezonans tomografiya (MRT), neyropsixologik kabi testlar orqali aniqlashga harakat qildi. Olimning diqqat markazida muammoning gender xususiyatlari turardi.
Shu bois, erkak va ayollarda namoyon bo‘ladigan sindrom xususiyatlarni tavsiflashda gormonal nuqtayi nazardan farqlanuvchi psixologik himoya mexanizmlari va adaptatsiya jarayonlarni uzviy tarzda tahlil etdi.
Bu esa davrimiz olimining bemorlarning jinsiga qarab kasallikni farqlash va gender ta’sir omillari o‘rtasidagi ma’lumotlarni terapiya jarayonida samarali qo‘llashiga sabab bo‘ldi.
Gulchehra Mirzayeva, publitsist jurnalist.
TTA matbuot xizmati rahbari