To‘lib borayotgan “Qizil kitob” yoxud talabalar qachon oxirgi marta hayvonot bog‘iga borgan?

«Ayiq tomoshabinlarga turli o‘yinlar ko‘rsatib, ularning yoniga borishdan qo‘rqmaydi, u insonlarni ham «o‘zidek» muloyim deb o‘ylaydi».

Hayvonlar – tabiatning mo‘jizasi. Ularni asrash, himoyalash har bir insonning yuksak fazilatidir. Odamzot olamdagi mavjudotlarga qanchalik mehr bilan g‘amxo‘rlik qilsa, ona tabiat ham uni har tomonlama ekologik jihatdan asrab avaylaydi.

Biroq bugungi yosh avlod hayvonlarga bemehr bo‘lib ulg‘ayayotgandek. Qishloq va ovullarda noyob turdagi hayvonlarni ovlash, tog‘ va adirlarda kamyob turdagi qushlarni o‘qqa tutish yoshlar uchun ermak, ko‘ngilxushlik bo‘lib qolgandek, go‘yo. Balki, o‘quvchilar to talaba bo‘lgunga qadar zoologiya fanini yaxshi o‘rganmagani, “Qizil kitob”ga kiradigan hayvonlar haqida ma’lumotga ega bo‘lmagani sabab ham shunday xatolikka qo‘l urayotgandir. Axir hozirgi kunga kelib dala-dashtda aksariyat hayvonlarni o‘qqa tutish bevosita yoshlar negizida amalga oshyapti-ku. Bu tadbirning oxiri yaxshilik bilan tugarmikan?!

Hayvonlar tabiatning muvozanatini saqlashda, o‘simliklarni oziqlantirishda, turli xil urug‘larni tarqatishda, oziq-ovqat zanjirining paydo bo‘lishida, tuproqni unumdor qilishda, landshaftlarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Insonlar Yer yuzida hayvonlarga qiron kelsa, ularni nima kutishini tasavvur ham qila olmaydi. Ayniqsa, bugungi kunda O‘zbekiston hududida kamayib borayotgan Turkiston silovsini, qor qoploni, kum efasi (charxilon), Menzbir sug‘uri, oq quyruq, Buxoro kiyigi xongul va boshqa turdagi nodir hayvonlar qo‘riqxonalarda va hayvonot bog‘ida ehtiyotlab saqlanmoqda. Biroq ularning noyob va bebaho xazina ekanligini ko‘pchilik bilmaydi.

Bunga misol qilib, Samarqanddagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ida Buxoro xongulining otib o‘ldirilishi, Qashqadaryoda “Qizil kitob”ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqning do‘pposlab halok qilinishi, Muzrabodda chupakabra deb taxmin qilinayotgan noma’lum va noyob hayvonning yoqib yuborilishini eslab o‘tish joiz. Bundan tashqari, o‘lkamizda hayvonlarga nisbatan yana biz bilgan va bilmagan qanchadan-qancha vahshiyliklar sodir etilayotgani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib turibdi. Xo‘sh, nega insonlar hayvonlarga beshafqatlik qilyapti? Ular hayvonot bog‘iga borib, kamyob jonzotlar haqida ma’lumotga ega bo‘lmaganmi?

Ushbu savollarga javob olish maqsadida talabalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Unda qatnashgan 56 nafar talabadan 25 kishi hayvonot bog‘iga bolaligida borganini, 15 nafari umuman bormaganini, 4 nafari esa hayvonot bog‘i bilan umuman ishi yo‘qligini aytib o‘tdi. Faqatgina 12 nafar talaba ijobiy javob berib, bog‘ga vaqti-vaqti bilan borib turishini ma’lum qildi.

Avaz Yuldashev, Toshkent hayvonot bog‘i ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari:

Hayvonot bog‘iga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari kelib turishadi.

Boshqa oliygohlardan ham keladigan talabalar bor, lekin ularning sanog‘i yuqorida aytib o‘tilgan ikki oliygoh talabalarining barakasidek bo‘lmaydi.

Talabalar bog‘da hayvonlarning harakati va atrof-muhitni jonli tarzda tasvirlab suratlar chizishadi, jonivorlarning oldiga borib ularni erkalashadi. Hayvonot bog‘iga kelish yoshlardagi mehr-muhabbat va insoniylik tuyg‘ularini yanada jo‘shqinlantiradi. Umuman olganda, bog‘imizga barcha viloyatlardan yosh-u qari tashrif buyuradi. Hozirda bu yerda hayvonlarning 330 turi mavjud, 8 mingdan ortiq jonivorlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Shulardan 33 turdagi hayvon O‘zbekiston, 65 turi esa Jahon “Qizil kitob”iga kiritilgan. Bu – hayvonot bog‘imizdagi jonivorlarning 30 foizidan ortig‘i nodir va noyob ekanligini anglatadi.

Yaqinda qafasga tushib ketgan bolani hidlab, yana orqasiga qaytgan ayiq ham noyob tur hisoblanadi. Mazkur tur Kavkaz tog‘laridan olib kelingan qo‘ng‘ir ayiq bo‘lib, odamlar uni Zuzu deb atashadi. Zuzu tug‘ilganidan beri odamlar qo‘lidan ovqatlangan, hayvonot bog‘ida tarbiyalanganligi sababli hech kimga hamla qilmaydi. odamlarga mehribon.

Ayiq tomoshabinlarga turli o‘yinlar ko‘rsatib, ularning yoniga borishdan qo‘rqmaydi, u insonlarni ham «o‘zidek» muloyim deb o‘ylaydi.

Guljahon Sanjarbekova, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi:

Men yurtimizdagi hayvonot bog‘larining ishlash tizimiga qarshiman. Chunki u yerda hayvonlar qafas va panjaralar ortida saqlanadi, ularning erkinligi cheklangan. Ba’zi mamlakatlarda esa ochiq, ya’ni to‘siq va qafaslarsiz hayvonot bog‘i mavjud. U yerda jonzotlar nafaqat erkin holda harakatlanadi, balki ularga alohida e’tibor qaratiladi. Jonivorlar vaqtida emlanadi, ovqat ratsioniga jiddiy yondashiladi.

Xorijda hatto jonzotlarning tug‘ilgan kuni ham nishonlanadi.

Men oxirgi marta 2020-yilning boshida hayvonot bog‘iga borgan edim: bog‘ni kezarkanman, hayvonlar oriqlab qolgani, qafaslar esa sanitariya qoidasiga javob bermaydigan ahvolda ekanligiga guvoh bo‘ldim. O‘shanda bechora hayvonlarga juda achingandim.

Yana qayta xunuk voqealarning guvohi bo‘lmaslik uchun o‘shandan beri hayvonot bog‘iga bormay qo‘yganman.

O‘ylaymanki, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu masalani qaytadan ko‘rib chiqadi. Axir hayvonot bog‘idagi hayvonlar noyob mavjudotlar hisoblanadi. Ularni sotib olib, chetdan keltirish uchun ham ancha mablag‘ sarflangan.

Maftuna Bekmuratova, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi:

Poytaxtga kelmasimdan oldin hayvonot bog‘i haqida gapirishsa, televizorda yoki kitob varaqlarida tasvirlangan yovvoyi hayvonlar ko‘z o‘ngimda gavdalanardi. Negaki, 18 yoshga to‘lgunimga qadar bir marta ham hayvonot bog‘iga bormaganman. Bu baxtga erishish azim Toshkentga kelganimdan so‘ng nasib qildi. Chunki yurtimizda hayvonot bog‘i deyishga arzigulik maskan – faqat bitta. Viloyatliklar bu yerga kelish uchun palon pul sarflashadi. Umid qilamanki, tez orada viloyatlarda ham bolalar ko‘rib ko‘zi quvnaydigan hayvonot bog‘i tashkillashtiriladi.

Toshkentdagi muhtasham hayvonot bog‘i haqida gapirsam, men uchun bu – Allohning mo‘jizasi. Bahaybat hayvonlardan tortib mitti mavjudotlargacha u yerda mujassam.

Bog‘dagi atmosfera tomosha qiluvchilarning kayfiyatini ko‘tarishi, shubhasiz. Atrof-muhit jismingizni ruhan tinchlantiradi. Go‘zal manzara serotonin (baxt) gormoni oshishiga yordam beradi.

Ferangiz Axtamova, Buxoro davlat universiteti talabasi:

Olti yasharligimda hayvonot bog‘iga borganimni eslayman. Akam u yoqdan bu yoqqa yugurib, hayvonlarning qafasiga qo‘lini tiqar, ularni ushlamoqchi bo‘lardi. Oyim esa akamning beboshligidan qo‘rqib, qandaydir “hunar” ko‘rsatmasligi uchun ketidan chopardi. Men esa o‘shanda juda qo‘rqqanman: oyimning etagidan mahkam ushlab, qarshimda turgan bahaybat va yirtqich jonzotlar “meni yeb qo‘ymasin” derdim. Oyim ikkalamizga ko‘z-quloq bo‘lib, bizga jindek ozor yetishidan qo‘rqardi. Yaqinda esa ona o‘z bolasini ayiq qafasiga tashlagani haqidagi xabarni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib hayratdan yoqa ushladim.

Hattoki hayvon ham bolasiga qandaydir xavf-xatar yaqinlashayotganini sezsa, uni joni boricha himoya qiladi. Bugun esa ona hayvonchalik qadr-qimmatga ega emasligini jamoa oldida isbotladi.

Hayvonot bog‘i haqida gapiradigan bo’lsam, oradan 14 yil o‘tib, yaqinda shahrimizga kelgan ko‘chma hayvonot bog‘iga dugonalarim bilan birga bordim. Bolalikning beg‘ubor damlari bir muddat xayolimni chulg‘ab oldi. U yerdagi bo‘ri, ayiq, sher, maymun, sirtlon kabi yirtqich hayvonlarni ko‘rib, o‘zimni xuddi Afrikada yurgandek his qildim. Qafasning old tomonida esa bu hayvon qayerdan olib kelingani, turi, og‘irligi va uzunligi, “Qizil kitob”da bor yoki yo‘qligi haqidagi ma’lumotlar yozib qo‘yilgandi.

Muallif: Azim Axtamov