Time-management: zararmi yoki foyda?

Biz doimiy band bo‘lgan davrda yashayapmiz. O‘qish, ish, uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa deb hayotimiz g‘izillab o‘tib ketganini bilmay qolamiz. Hayotimizni to‘g‘ri va mazmunli o‘tkazish hammamizning o‘zimizga bog‘liq. “Vaqting ketdi – naqding ketdi” degan maqol biz o‘zbeklar uchun begona emas. Butun dunyoda ham shunga o‘xshash iboralar talaygina. Inglizlarda: “Time is money”, ruslarda: “Время – деньги” va boshqalar.

Iqtisodchilar tomonidan bashorat qilingan dam olish onlari yaqin orada kelmasligi aniq, ammo, afsuski, ishsizlar uchun bashorat qilingan davr allaqachon boshlanib bo‘lgan. Dunyo iqtisodchilari jamiyatdagi odamlarni shartli ravishda ikkiga bo‘lishadi:
– puli bor, lekin undan zavqlanishga vaqti yo‘qlar;
– vaqti yetarli, ammo puli yo‘qlar.

“Time-management” odamlar orasida nega ommalashgan? 

Ular o‘z vaqtlarini nafaqat ish uchun, balki sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish va dam olish uchun yetrali darajada vaqt ajratish maqsadida ushbu usuldan foydalanadilar. Aynan shuning uchun ham “Time-management” bugungi kun odamlari orasida ancha ommalashgan.

Ushbu maqolada odat tusiga aylanib borayotgan “Time-management” aslida odamlar uchun zararmi  yoki foydalimi degan savolga javob topishga harakat qilamiz.

Nigora Rasulova
O‘zMU talabasi

Mana bir necha yillardan beri shaxsan o‘zim “Mening vaqtim yo‘q” degan gapni aytmay qo‘yganman. Bundan tashqari, o‘zimni tartibli tutishga, reja bo‘yicha ish qilishga va har bir daqiqamni hisoblashga majburlashni to‘xtatdim.

O‘ylashingiz mumkin: agar ham o‘qib, ham ishlasang, bizni tushunar eding, deb. Yo‘q, men ham o‘qiyman va ishlayman.

Shunchaki, men o‘z vaqtimni sarflashga butkul boshqa usulda yondashishga muvaffaq bo‘ldim. Agar siz hech narsaga ulgurmayotgan bo‘lsangiz, unda vaqtingizni sarflashda balansni yo‘qotib qo‘ygansiz. Buni tiklash uchun sizga “revolyutsion” harakatlar yordam beradi, albatta, bu tartibsiz harakatlaringizni bir zumda yaxshilamaydi.

Hammasiga bosqichma-bosqich erishasiz va aste-sekin unga ko‘nikishni boshlaysiz. Har bir narsada inson me’yorni his qila olsagina, o‘zini to‘xtata oladi va boshqa ishlar uchun ham bemalol vaqt topadi.

Komiljon Rahmatov,
TDPU talabasi

“Time-management” degan atamani avvallari bilmasdim. Chunki men qishloqda bobomning qo‘lida, ularning tarbiyasini olib katta bo‘lganman. Haligacha eslayman, bobom meni opichlab yaylovlarni aylantirib kelardilar. O‘shanda yo‘l bo‘yi turli nasihatlar, rivoyatlar, o‘gitlarni eshitib ketardim. 

Ayniqsa, hayotning qanchalik go‘zalligi-yu umrning qanchalik qisqaligi haqida ko‘p aytardilar. Men kichkinaligimda bu gaplar mazmuniga unchalik tushunmasdim, bola bo‘lganman-da!

Keyinroq buni anglab yetganman: bobomning rafiqasidan, ya’ni buvimdan erta ajrab qolishi ular uchun hayotda qattiq zarba bo‘lgan ekan. Men 2 yoshdalimga buvim olamdan o’tgan ekanlar, ularni eslolmayman.

Mana hozir ulg‘ayib Toshkentda o‘qiyapman. O‘qishga kirganimda hammadan ham ko‘proq, hatto ota-onamdan ham ko‘ra bobom eng ko‘p suyungan edilar. Bu xushxabarni eshitib yoshlariga qaramay hovlimizning o‘rtasida rosa raqsga tushganlari hozir ham kechagidek yodimda!

Meni shaharga kuzatayotib aytgan nasihatlari hali ham qulog‘im ostida jaranglaydi: “Bolam, shaharda vaqtingni bekorga sarflama, biz seni yaxshi niyatlar bilan o‘qitdik, mana yuzimizni yorug‘ qilib o‘qishga kirding, “student” bo‘lding. Sendan umidlarim katta!»

Bilasan-a umr qanchalik qisqa? Ko‘z ochib-yumguningcha meni yoshimga chiqib qolganingni bilmay qolasan, shuning uchun, jon bolam, hamma narsaga ulgurishga harakat qil, bu hayotning barcha yaxshi narsalaridan bahramand bo‘l.

«Sendan yaxshi muallim chiqishiga ishonaman!»

Mana 2 yildirki, shahardaman. Qishlog‘imga hali borganim yo‘q. Bu yerda pedagogika universitetida o‘qiyman. Ota-onam ham Toshkentga o‘qishga kirganimdan keyin 2 oy o‘tib bu yerga ko‘chib kelishdi. 1-kursni tugatgach, internet orqali onlayn ingliz tilini o‘rganishni boshladim va o‘shanda ilk bor “Time-management” atamasi bilan to‘qnash keldim. Bu zamonaviy atama, aslida, men uchun yangilik emas edi, chunki bobomning nasihatlarida bularning barchasi mujassam edi.

Afsuski, 2020-yil barcha uchun, butun dunyo uchun, xalqimiz uchun va men uchun juda og‘riqli o‘tdi. Koronavirus paytida eng qadrli  insonim, bobomdan ajrab qoldim. Kuchli pandemiya payti bo‘lganligi sabab qishlog‘imga, ular bilan so‘nggi vidolashuvga bora olmadim. Bu menga juda alam qiladi…

Hozir mendan “Time-management” nima deb so‘rasangiz, men: “bu – umr!”, deb javob beraman.

Ra’no Pulatova
TTA talabasi

Vaqtingizni to‘g‘ri taqsimlash va uni boshqarishda sizga “Time-management” degan “bir ustoz” yordamga keladi. Men oldinlari juda dangasa, erinchoq va bir so‘z bilan aytganda, hech narsaga ulgurmaydigan “satang” qiz edim. Buni aytishdan uyalmayman. Tan olaman.

Qarangki, bu menga hayotda juda ko‘p pand berayotganini ancha keyin anglab yetdim.

Yaxshiyamki, hamma narsani o‘zgartirish, eng avvalo, o‘zimni o‘zgartirish o‘z qo‘limda ekanligini abituriyentlik paytimdayoq tushunib yetdim va o‘z hayot-tarzimga, xarakterimga, yurish-turishimga, muomalamga jiddiy e’tibor qaratdim.

Erta turishga, toza havoda sayr qilishga (ishoning, bu o‘zgacha zavq), ko‘proq kitob o‘qishga, darslarimning hammasini o‘z vaqtida qilishga, uy-ishlarida ota-onamga yordamlashishga odatlandim. Ishonsizmi, kunim shu darajada mazmunli va barakali o‘tishni boshladiki, hatto qo‘shimcha til kurslari va pazandalik mashg‘ulotlariga qatnashga va dugonalarim bilan miriqib suhbatlashishga va boshqa ko‘plab narsalarga vaqtim ortib qola boshladi.

Tartibli va tizimli harakatlarim o‘z natijasini berdi, talabalik baxtiga musharraf bo‘ldim!

Tibbiyot oliygohida o‘qish juda qiyin, ammo shunga qaramay, hozirgacha kunimni oldindan tuzishga va kun davomida unga amal qilishga harakat qilayotganim uchun men hammasi o‘z vaqtida uddalayapman. “Time-management”ni hamma uchun juda kerakli deb hisoblayman.

Azizbek Yo‘ldoshev
TATU talabasi

Men “Time-management”dan allaqachon voz kechganman. Chunki bu sizni qolipga solib qo‘yadi. Siz har kuni bir xil yoki ertalabdan tuzib olingan (ba’zan uxalshdan oldin) qilinadigan ishlar ro‘yxati bo‘yicha xuddi “robot”dek ishlayverasiz, o‘qiyverasiz. Xuddi har kuni bir xil ovaqat yeyishga o‘xshaydi.

Mening fikrimcha, bu rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.

Ham o‘qib, ham ishlaganim uchun boshida “Time-management”dan foydalanishga, kunimni reja bo‘yicha o‘tkazishga harakat qilganman. Ammo o‘z kunimni qancha jadvallashtirsam, shuncha ishim ortaverdi, men yanada ko‘proq vaqtimni ishda o‘tkazishni, ko‘proq vazifa bajarishni boshladim. Men doimo BAND edim. Ortiqcha narsalar: o‘zim uchun, yaqinlarim va do‘stlarim uchun umuman vaqt ajratolmay qoldim, dam olishni-ku aytmasa ham bo‘ladi.

O‘zimni xuddi “terminatordek” his qila boshladim. Axir men temir emas, odamman-ku!

Albatta, bu ham ruhan, ham jismonan meni juda charchatardi.

Orada betob bo‘lib qolib, o‘qishga ham, ishga ham borolmaydigan ahvolga tushib qoldim. Shifokorlar: bu kuchli zo‘riqish oqibati, deb aytishdi. Biroz muddat davolanib o‘zimga dam bermasam, ahvolim bundan ham og‘irlashishi mumkinligini aytishdi. Bir kurs muolaja oldim. O‘qish va ishga bormay uyda yotgan paytimda hammasini obdon o‘ylashga vaqtim yetarlicha bo‘ldi va men bir qarorga keldim:

“Time-management” – “zararli odat”. Undan voz kechaman, hayotimni boshqa odamlar singari erkin, o‘zim xohlagandek, asosiysi, o‘zim uchun yashashga bag‘ishlayman.

Hozir hammasi yaxshi! Qaysidir narsada me’yorni his qilsam, darrov boshqa narsa bilan shug‘ullanaman yoki dam olaman. Men bir narsani tushunib yetdim: Menga erkinlik yoqar ekan. Ishlarim ham joy-joyida, bu yil o‘qishni tamomlayman. Xullas, hammasi ko‘ngildagidek!

Nima ham derdik?!

Mana, azizlar, “Time-management” haqida talaba yoshlarning fikrini bilib oldik. Ko‘rib turganingizdek, bu kim uchundir yaxshi samara bersa, yana kim uchundir voz kechilgan, zararli deb hisoblangan odat ekan. Nima bo‘lganda ham, har bir inson ongli ravishda o‘z vaqtidan unumli foydalanishi kerak: xoh u erkin bo‘lsin, xoh u tartibga solingan bo‘lsin!

O‘zbek tadbirkorlaridan biri aytgan edi: “Yoshlardagi eng katta resurs – vaqt va g‘ayrat. Fursatdan unumli foydalanish o‘rganing!”

Muallif: Murodjon Erkinov