Tibbiyot sohasida iqtidorli kadrlar

Tibbiyot – inson hayotini saqlash va yaxshilashga qaratilgan eng muhim sohalardan biri. Bu yo‘lda fidoyi, izlanuvchan va iqtidorli yoshlar muhim o‘rin tutadi. Shunday yigitlardan biri – Sarvar Botir o‘g‘li Madraximov.

Ilm va amaliy tajriba uyg‘unligi

Sarvar Madraximov – zamonaviy ortopediya va travmatologiya sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan iqtidorli mutaxassis. U 2019 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakultetini tamomlagan va shu yilning o‘zida travmatologiya va ortopediya bo‘yicha magistraturaga o‘qishga qabul qilingan. 2022 yilda magistraturani muvaffaqiyatli yakunlab, tibbiyot fanining chuqur tahlili va tadqiqotlariga bag‘ishlangan yo‘lni tanladi.
Uning ilmiy faoliyati xalqaro standartlarga javob beradi. Scopus bazalariga kiruvchi jurnallarda 8 ta ilmiy maqolasi chop etilgan bo‘lib, ularning 3 tasi 1-kvartil, 1 tasi 2-kvartil va 4 tasi 4-kvartil darajada baholangan. Bundan tashqari, 10 ta xalqaro patentning muallifi bo‘lib, tibbiyotda yangi innovatsiyalarni joriy etishda ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Sarvar o‘z ilmiy izlanishlari bilan chegaralanib qolmay, amaliy jarrohlik sohasida ham faollik ko‘rsatmoqda. U aspiranturani 3 yil o‘rniga 2 yil, 3 oyda muvaffaqiyatli yakunlab, 2024 yil 30 mart kuni dissertatsiya himoyasini o‘tkazdi. Bugungi kunda u 1-kurs doktoranti sifatida ilmiy izlanishlarni davom ettirmoqda.
Хаlqarо tajriba va yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlik
O‘zbekiston tibbiyoti xalqaro maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlayotgan ekan, bu jarayonda iqtidorli mutaxassislar katta ahamiyat kasb etadi. Sarvar Botir o‘g‘li Madraximov ham ana shunday mutaxassislardan biri. 2025 yil 1 mart kuni u Avstriya-Amerika qo‘shma grantini yutib, Vena tibbiyot universitetida ortopediya va travmatologiya bo‘yicha yetakchi mutaxassis, professor Reynxard Vindxager rahbarligida bir oylik amaliyotni boshladi.
Ushbu dastur doirasida Sarvar zamonaviy jarrohlik usullarini, xususan, yirik bo‘g‘imlarning birlamchi va revizion Total artroplastika amaliyotini chuqur o‘rganmoqda. U operatsiyadan oldingi rejalashtirish, navigatsiya tizimlaridan foydalanish, implantlarni tanlash va murakkab klinik holatlarni boshqarish bo‘yicha xalqaro tajribaga ega bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, 2025 yil yanvar oyida Sarvar Zalsburgda o‘tkazilgan maxsus jarrohlik kasalxonasi (suyak va bo‘g‘im jarrohligi) bo‘yicha Avstriya-Amerika xalqaro o‘quv seminarida ishtirok etdi. U yerda Yevropa va AQSHning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashib, rekonstruktiv ortopediya sohasidagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishdi.

Sarvar Madraximov nafaqat iqtidorli mutaxassis, balki kelajakda o‘z tajribasi va bilimlarini yurtimiz tibbiyotiga joriy qiladigan yosh olimdir. Uning ortopediya va travmatologiya sohasidagi izlanishlari O‘zbekistonda tibbiy xizmat sifatini oshirishga, jarrohlik usullarini takomillashtirishga va xalqaro standartlarga mos keladigan tibbiy tajribalarni joriy etishga yordam beradi.

Sarvar Madraximov kabi yosh mutaxassislar Yangi O‘zbekistonning ilm-fan va tibbiyot sohasidagi rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shmoqda. Uning xalqaro maydondagi yutuqlari nafaqat uning shaxsiy zahmati, balki mamlakatimiz tibbiy ta’limining yuksalayotganini ham ko‘rsatadi.
Bu kabi iqtidorli yoshlar tajribasi boshqa talabalar va shifokorlar uchun ham katta ilhom manbaidir. Sarvarning yutuqlari shundan dalolat beradiki, mehnat, izlanish va xalqaro hamkorlik bilan har qanday yuksak marralarga erishish mumkin!