Imtihonga tez tayyorlanishga yordam beradigan 5 ta usul haqida gaplashamiz.
Ehtimol, bu holat sizga tanishdir?! Imtihonga roppa-rosa 24 soat vaqt qolgan, ammo siz hali hatto darsliklarni ham ochib ko‘rmagansiz. Bunday vaziyatda xayolga keladigan yagona chora – yodlab olish. Axir biz maktab paytidan ma’lumotlarni tinimsiz takrorlash orqali xotiramizga “o‘yib” yodlashga o‘rganib qolganmiz. Agar siz ushbu uslub tarafdori bo‘lsangiz, siz uchun yomon xabarimiz bor. Yodlangan ma’lumotlarning 60 foizi bir soat ichida yoddan chiqishi, keyinroq esa butunlay xotiradan o‘chib ketishi haqida bundan 100 yil oldin nemis psixologi Ebbingauz aytib o‘tgan va isbotlab bergan.
Biz sizlar uchun ma’lumotlarni tez va uzoq muddatga eslab qolishga yordam beradigan 5 ta haqiqiy usulni saralab oldik.
1. Hissiyotlar bilan boyiting
Bizning miyamiz o‘z «operativ xotirasi»ni keraksiz narsalar bilan to‘ldirmaslikka harakat qiladi, shu sababli faqat kerakli va bizda qandaydir hissiyotlarni uyg‘otuvchi maʼlumotlarni eslab qoladi. Eslab qolish jarayoni tezroq amalga oshishi uchun maʼlumotlarni shaxsiy kechinmalar bilan bog‘lashga yoki hayotiy misollar bilan solishtirib eslab qolishga harakat qiling.
2. Ovoz chiqarib o‘qing
Bir necha marta ovoz chiqarib takrorlangan maʼlumotlarning uzoq muddatli xotirada saqlanib qolishi isbotlangan. Siz ushbu usulda ifodali o’qish, ayniqsa, aktyorlik mahoratingizni ishga solish, rollarga bo‘lgan holda o‘qish orqali yaxshi natijalarga erishishingiz mumkin.
3. Har qanday tushunarsiz holatda – uxlashga yoting
*Ushbu usul muallifning shaxsan o‘ziga maktab imtihonlarini “a’lo” baholarga topshirishga ko‘p holarda yordam bergan.
Uxlashdan oldin bir necha bor o‘qigan narsangizga ko‘z yugurtirib chiqing, erta tongda tunda o‘qigan ma’lumotlaringizning ko‘pgina qismini eslab qolgan bo‘lasiz. Bu konsolidatsiya jarayoni orqali amalga oshadi, ya’ni uyqu paytida maʼlumotlar qisqa xotiradan davomiy xotiraga ko‘chadi.
Ushbu usul sheʼr va xorijiy so‘zlarni yodlashda yaxshigina qo‘l keladi.
4. Hayotiy misollar bilan bog‘lang
Metodning mazmuni yangi bilimni allaqachon mavjud tajriba bilan bog‘lashdan iborat. Masalan, “Konstitutsiya”dan modda yodlayotgan bo‘lsangiz, kimningdir huquqlari buzilgan hayotiy voqeani eslang. Marketingga doir ma’lumotlarni yodlash kerak bo‘lsa, bozor munosabatlarida shunga o‘xshash jarayonni toping. Bundan tashqari, boshqa ko‘plab hayotiy misollarni keltirish mumkin.
5. Do‘stingizga tushuntirib bering
Agar siz biror mavzuni boshqa insonga sodda va yaxshi tushuntira olsangiz, demak, siz o‘sha mavzuni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lasiz. Shuning uchun o‘zingizni o‘qituvchidek his qiling va o‘rganilgan maʼlumotni do‘stingizga tushuntirib bering. Bu yo‘l bilan mavzuga chuqurroq yondashasiz, qolaversa, ovoz chiqarib gapirish orqali o‘rganilgan mavzuni xotirada yanada yaxshiroq saqlab qolishingiz mumkin.
Samaradorligi ilmiy jihatdan isbotlangan ushbu metodlardan tashqari, biz ayrim talabalar bilan suhbatlashib, ma’lumotlarni yodda saqlab qolishning yana bir nechta qiziqarli usullarini to‘pladik.
Sardor Ikramov, Xalqaro Vestminster universiteti
Men uchun maʼlumotni eslab qolishning eng yaxshi usuli – uni amaliyotda qo‘llash. Ingliz tilida yangi so‘z o‘rgansam, uni so‘zlashuv amaliyotida ishlatganman. Agar bunday imkoniyat bo‘lmasa, TedXʼda chiqish qilayotganimni tasavvur qilaman va «nutqim»ga shu so‘zlarni qo‘shaman.
Boshqa sohalar — masalan, menejmentda o‘z bilimlarimni shu zahotiyoq amaliyotda qo‘llay olmayman. Lekin bu sohada tajribaga ega inson bilan suhbatlashishim mumkin. Bu orqali maʼlumot nafaqat eslab qolinadi, balki qo‘shimcha ma’lumotlar bilan yanada boyiydi.
Sabina Smirnova, Riga texnika universiteti
Men kinestetikman va maʼlumotni yozib olganda yaxshiroq eslab qolaman. Bu juda oddiy. Men, shunchaki, turli rangdagi ruchka va markerlardan foydalangan holda ma’lumotlarni yozib olaman. Bu orqali yodda saqlab qolish oson, qolaversa, qayta ko‘rib chiqish orqali ma’lumotlarni esga tushirish mumkin.
Izzat Qudratxojayev, Xalqaro Vestminster universiteti
Men vizualman, shuning uchun ma’lumotlarni video yoki slayd orqali eslab qolish men uchun osonroq. Ayniqsa, bir necha marta ko‘rish imkoni bo‘lsa, bu yanada zo‘r samara beradi. Menga onlayn-darslar va qo‘shimcha videolar yaxshigina yordam beradi.
Shuningdek, maʼlumotlarni yaxshiroq eslab qolish uchun ularni qisqa shaklda yozib olaman, albatta, dars jarayonida emas, aksincha darsdan keyin. Birinchidan, maʼruzadan chalg‘imayman, ikkinchidan, o‘zlashtirgan bilimlarimni takrorlab olaman.
So‘z oxirida shuni aytish kerakki, oddiy, ammo muhim qoidalarni yoddan chiqarmang – to‘yib uxlang, toza havoda ko‘proq vaqt o‘tkazing va o‘qish davomida tanaffuslar qilishni unutmang. Ushbu usullarni qo‘llash orqali maʼlumotlarni tezroq eslab qolishni o‘rganasiz va finjon to‘la qahva bilan o‘tadigan bedor tunlarni unutasiz.