Telegramda kanalingiz,  Instagram, Facebook sahifangiz bormi? Siz Blogerlik, haq-huquqlaringizni  bilasizmi?

Bugungi kunda talabalarning katta qismi blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Internetning keng tarqalishi va ijtimoiy tarmoqlarning ommalashishi tufayli, blogerlik o‘zining qulayligi va imkoniyatlari bilan yoshlar orasida juda mashhur bo‘lib bormoqda. Talabalar o‘z fikrlarini, tajribalarini va bilimlarini keng auditoriyaga taqdim etish orqali nafaqat mashhurlikni erishmoqda, balki o‘zlarini turli sohalarda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishyapti.

Blogerlik faqatgina ijodiy jarayon sifatida emas, balki kelajakda mustaqil ish imkoniyatlari yaratadigan va daromad olishga ham olib kelishi mumkin bo‘lgan faoliyat sifatida ham qaraladi. Talabalar o‘z bloglarini yuritish orqali nafaqat shaxsiy brend yaratishadi, balki o‘z sohalarida mutaxassis sifatida ham tanilishga erishishadi. Bunday faoliyat, shuningdek, o‘quv jarayonida o‘rgangan nazariy bilimlarni amaliyotda sinab ko‘rish va rivojlantirish imkonini ham beradi.

Shu bilan birga, blogerlikning qiyinchiliklari ham bor. Yaxshi kontent yaratish, auditoriyani jalb etish va uni saqlab qolish uchun muntazam ishlash va kreativlik talab etiladi. Ammo barcha bu muammolarni yengib o‘tgan talaba blogerlar o‘z faoliyatlarida katta muvaffaqiyatlarga erishishlari mumkin.

Bugungi kunda blogini yuritishni boshlayotganlar ichida har 3 dan  2 nafari, aynan bu faoliyat turi, uning haq-huquqlari haqida aniq tushunchaga ega emaslar. Maqolada aynan blogerlarning huquq va majburiyatlari bilan bo g’liq savollarga javob topasiz.

Bloger kim va blog nima?

Bugungi kunda, blog yuritishni tartibga soluvchi maxsus qonun mavjud emas. Biroq, «Axborotlashtirish to’g’risida»gi qonunda bloger tushunchasi va uning ayrim qoidalari keltirilgan. Bloger – internetda o’z sayti yoki sahifasida har kim erkin foydalanishi mumkin bo’lgan axborotni joylashtiruvchi, shu axborot ustida muhokamalarni tashkil etuvchi jismoniy shaxsdir.

Shunday qilib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, o’z sahifalarida yangiliklar yoki sharhlar chop etayotgan har bir shaxs bloger hisoblanadi. Masalan, Telegramdagi kanal, guruh, Instagram, Facebook, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan sahifalar ham blog sifatida qaraladi, chunki bu joylarda joylashtirilgan axborot keng jamoatchilikka yetib boradi. Bunday sahifalarni yurituvchi shaxs esa bloger hisoblanadi va unga qonun doirasida ayrim huquqlar hamda majburiyatlar yuklanadi.

 Blogda har qanday axborotni chop etish mumkinmi?

So’z erkinligi har bir fuqaroning huquqi bo’lib, blogerlar ham axborot qidirish va tarqatish huquqiga ega. Lekin, axborot tarqatish jarayonida qonunlarga rioya qilish zarur. Blogerlar qonunda taqiqlangan axborotlarni tarqatish huquqiga ega emaslar. Masalan, davlat tuzilishini, hududiy yaxlitligini buzishga da’vat qilish, urush va terrorizmni targ’ib qilish, millatlararo yoki diniy adovatni keltirib chiqarish kabi axborotlarni tarqatish noqonuniy hisoblanadi.

Blogerlar jurnalistlar singari tekshiruv olib bora oladimi?

O’zbekistonda «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to’g’risida»gi qonun mavjud bo’lib, jurnalistlar axborot to’plash va tekshiruv o’tkazish huquqiga ega. Ammo, blogerlar uchun bunday maxsus huquqlar ko’zda tutilmagan. Shunga qaramay, har bir shaxs axborotni izlash, olish va uni ommaga etkazish huquqiga ega. Bunda, blogerlar ham axborotni izlash va uni to’g’ri olish huquqiga egadirlar. Lekin, tarqatilgan har qanday noto’g’ri axborot uchun ular javobgar bo’lishi mumkin.

 Blogerlar qanday mas’uliyatga tortilishi mumkin?

Agar bloger tomonidan tarqatilgan axborot noxolis yoki yomon maqsadli bo’lsa, ular jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Masalan, agar bloger shaxsni tuhmat qilsa yoki haqorat etsa, ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Agar bu holat takrorlansa, jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin.

 Shaxsiy fikrlarni tarqatish uchun mas’uliyat

Blogda yoki ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy fikrlarni bildirayotganda, ular haqqoniy va haqiqatga asoslangan bo’lishi kerak. Shaxsiy fikrlarni ommaga taqdim etishda, ularning boshqalarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur etkazmasligi, haqorat yoki tuhmat sifatida qabul qilinmasligi lozim.

Tarqatilgan axborotga rad javob berish majburiyati bormi?

Tarqatilgan axborotga rad javob berish majburiyati yo’q, lekin jismoniy yoki yuridik shaxslar o’zlariga nisbatan rad javobini olish huquqiga ega. Axborotni tarqatgan shaxs, rad javobini va zararni qoplashni talab qilish uchun sudga murojaat qilishi mumkin.

Blogerlarning reklama faolligi

Blogerlar reklama qilish huquqiga ega, lekin bu faoliyat qonuniy tarzda amalga oshirilishi kerak. Reklama tarqatish uchun maxsus litsenziya talab etilmaydi. Biroq, blogerlar reklama shartnomalarini tuzish va ular bo’yicha barcha qonuniy cheklovlarga rioya qilishlari zarur. Reklama faoliyatidan olingan daromadlar soliq to’lovlariga taalluqlidir.

Shaxsning tasvirini ijtimoiy tarmoqqa joylash

Shaxsning tasvirini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishda uning roziligi talab qilinadi , chunki shaxsning tasviri bilan bog’liq huquqlar qonun bilan himoya qilinadi. Biroq, agar tasvir jamoat joylarida yoki davlat manfaatlarida tushirilgan bo’lsa, unda rozilik talab qilinmasligi mumkin.

Bloger bo ‘lishda  qaysi jihatlarga e’tibor berish kerak?

Blogerlarning faoliyati, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatish jarayonida, yuridik jihatdan aniq qoidalarga asoslanadi. Shunday ekan, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari axborotlarni tarqatishdan oldin, qonunlarni o’rganishlari va ularga amal qilishlari zarur. Bloger – o’z internet kundaligini mustaqil ravishda yurituvchi, unda hayotidagi voqealar, fotosuratlar, fikrlar va dolzarb masalalar yuzasidan boshqalar fikrini yig’ish uchun doimiy ravishda postlar joylashtiruvchi shaxsdir.

Bloger faoliyatining samarali bo‘lishi uchun, mantiq va mazmunning ustun bo‘lishi juda muhim. Agar blogerning tarqatgan kontenti faqat kulgi uyg‘otadigan, bema’nilikka asoslangan, saviyasiz  bo‘lsa, uning ahamiyati pasayadi. Tan olish kerak ba’zi blogerlar bemaza postlar va videolar orqali o‘z obunachilarini ko‘paytirmoqda.   Ammo  bunday bachkanalikning muddati qisqa bo‘ladi – bir vaqtlar kulgiga sabab bo‘layotgan kontent tezda eski bo‘lib qoladi, va jamoat sifatli materiallarni sifatsizidan ajratib olishni boshlaydi.

Blogerlar, albatta, jurnalistlardan ko‘ra erkinroq faoliyat yuritishi mumkin. Lekin bu erkinlikni suiste’mol qilmaslik kerak. Ular foydali va jamiyatga o‘rnak bo‘ladigan, kerakli maslahatlar berib, atrofdagi voqealarga dadil munosabat bildirishi orqali fuqarolar fikrlashlariga ta’sir o’tkazibgina qolmay, jamiyat rivojiga hissa qo‘sha olishadi. Shuning uchun har bir bloger bu faoliyat bilan shug‘ullanishda mas’uliyatni chuqur his etishlari foydadan holi emas.