Oliy ta’limda sifat samaradorligiga erishish uchun talabalarni telefondan cheklab qo‘yish chora emas!
Yon atrof, ko‘cha-kuy telefon quchoqlagan insonlar, boshini mobil telefonidan ko‘tara olmaydigan yoshlar bilan to‘la. Ayniqsa bugun mobil telefonsiz talaba yoshni uchratish qiyin masala. Xullas, yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan mobil telefonlar, bir tomondan, imkoniyatlar eshigini ochsa, ikkinchi tomondan, qator muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Maktablarda ota-onalar va ustoz murabbiylar, jamoatchilik birgalikda o‘quvchi -yoshlarni ushbu vositalardan cheklash imkoni kattagina, ammo oliygoh talablarini-chi? Oliy ta’lim muassasalarida talabalarni mobil telefondan cheklash masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. “Avlod media” bu masalaga e’tibor qaratishni davom ettiradi va bu borada talabalar uchun kerakli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Talabalar qancha vaqtini telefonga sarflashadi
Talabalarning telefon uchun qancha vaqt sarflashi yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ko‘pgina talabalar kuniga o‘rtacha 4 soatdan 8 soatgacha internetda vaqt o‘tkazishini ma’lum qilishgan. Agar dars bo‘lmaganda 12-14 soatlab telefonda vaqtimni o‘tkazaman degan javoblar ham bo‘ldi. Bu vaqtning asosiy qismi ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, video platformalar va o‘quv materiallari bilan ishlashga sarflanar ekan.
O‘qish davrida: Talabalar o‘qish davrida o‘quv materiallari bilan ishlash, tadqiqotlar o‘tkazish va onlayn darslarda ishtirok etish uchun ko‘proq vaqt sarflashadi.
Dam olish kunlarida: Dam olish kunlarida talabalar ko‘proq vaqtni ijtimoiy tarmoqlarda, o‘yin o‘ynash va video tomosha qilishga sarflashlar ekan
Shuni ham ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda internet tezligining oshishi va mobil internetning arzonlashuvi talabalarning internetga bo‘lgan qaramligini yanada kuchaytirmoqda. Bu esa ularning o‘qishga bo‘lgan motivatsiyasiga, sog‘lig‘iga va ijtimoiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mobil telefonlarning ijobiy va salbiy tomonlari
Mobil telefonlar va ularning sun’iy intellektga ulanishi yoshlarga bilim olish, muloqot qilish va ijod qilishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Internet orqali dunyo axborot resurslariga kirish imkoni, turli ilovalar va platformalar orqali o‘qish, loyihalar ustida ishlash, fikr almashish va yangi g‘oyalarni yaratish imkoniyati mavjud. Bu haqida ko‘p gapirmaymiz…
Ammo, mobil telefonlardan haddan tashqari foydalanishning salbiy oqibatlari ham yo‘q emas. Bunga diqqatni jamlashning qiyinlashuvi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishning susayishi, uyqu rejimining buzilishi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, psixologik muammolar (depressiya, xavotirlik) va ijtimoiy aloqalarning cheklanishi kabi omillarni kiritish mumkin. Ayni muammo haqida avval ham ko‘plab maqolada to‘xtalib kelmoqdamiz. Endi asosiy masala yechim!
Telefonni cheklash – yechimmi?
Bir kun telefonsiz yashab ko‘rish qanchalik mashaqqatligini har bir talaba yaxshi Talabalarni mobil telefondan cheklash siyosati ba’zi hollarda o‘z samarasini berishi mumkin, ammo bu doim ham to‘g‘ri yechim emas. Cheklovlar talabalarning motivatsiyasini susaytirishi, o‘z-o‘zini boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilishi va ularning ta’lim olish jarayoniga bo‘lgan qiziqishini kamaytirishi mumkin.
Muqobil yechimlar: cheklash emas, to‘g‘ri yo‘naltirish!
Talabalarni mobil telefondan cheklash o‘rniga, ularni ilm olishga qiziqtirish va texnologiyalardan oqilona foydalanishga o‘rgatish maqsadga muvofiqdir. Buning uchun quyidagi choralarni ko‘rish mumkin:
Ta’lim dasturlarini takomillashtirish: Talabalarning qiziqishini uyg‘otadigan, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiradigan va ijodiy fikrlashga undaydigan yangi ta’lim metodlarini joriy etish.
Sun’iy intellektdan oqilona foydalanishni o‘rgatish: Talabalarga sun’iy intellekt yordamida tadqiqotlar o‘tkazish, ma’lumotlarni tahlil qilish va yangi g‘oyalarni yaratishni o‘rgatish.
O‘z-o‘zini boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish: Talabalarga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, diqqatni jamlash, stressni boshqarish va texnologiyalardan oqilona foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatish.
Ota-onalar va professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlik: Talabalarning mobil telefonlardan foydalanishini nazorat qilish va ularni to‘g‘ri yo‘naltirishda ota-onalar va professor-o‘qituvchilarning rolini oshirish.
“Raqamli gigiyena” darslarini tashkil etish: Talabalarga internetdagi ma’lumotlarni tanqidiy baholash, onlayn xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va mobil telefondan foydalanish vaqtini cheklash kabi amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish.
Xulosa
Oliy ta’limda sifat samaradorligiga erishish uchun talabalarni mobil telefondan cheklab qo‘yish – yagona va to‘g‘ri yechim emas. Texnologiyalar rivojlangan zamonda talabalarni cheklash o‘rniga, ularni ilm olishga qiziqtirish, o‘z-o‘zini boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish va texnologiyalardan oqilona foydalanishga o‘rgatish maqsadga muvofiqdir. Shundagina biz raqamli dunyoda munosib o‘rin egallaydigan, bilimli, ma’rifatli va barkamol avlodni tarbiyalashga erishamiz.