So’nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) da bir buyruq bilan 500 ga yaqin talabani o’qishdan chetlashtirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. «Avlod media» mavzuni batafsil oʻrgandi. Xoʻsh, aslida vaziyat qanday bo’lgan?
TATU da sirtqi ta’lim va 2-oliy ta’limning sirtqi shakllarida tahsil oluvchi talabalar universitet bilan tuzilgan to’lov-shartnoma shartlari bo’yicha o’qish uchun to’lovning 100 foizini 2024-yil 1-iyulga qadar amalga oshirishlari kerak bo’lgan. Kontraktni o’z vaqtida to’liq to’lamagan talabalarga qo’shimcha imkoniyat berish maqsadida Universitet kengashi qarori bilan ushbu muddat 10-iyul sanasigacha uzaytirilgan. Berilgan qo’shimcha muddatlarda ham kontrakt to’lovini 100% amalga oshirmagan talabalar 2024-yil 10-iyul sanasidan talabalar safidan chetlashtirilgan. Ushbu buyruqdagi talabalar faqat sirtqi va 2-oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar ekanligi, ya’ni bu buyruqda kunduzgi hamda masofaviy ta’lim talabalari mavjud emasligini ko’rish mumkin. Yana shuni ta’kidlash lozimki, ushbu chetlashtirilgan talabalar soni TATU sirtqi bo’limida tahsil oluvchi talabalarning 5 foizini tashkil qilar ekan. Mas’ullarning ta’kidlashicha ushbu buyruq bilan chetlashtirilgan talabalarning aksariyati joriy o’quv yilida o’qishga qabul qilingan biroq o’quv jarayonlariga qatnashishmagan.
Jamshid Sultanov, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi TATU oʻquv ishlari boʻyicha prorektori
–Talaba o’qishga qabul qilinganidan so’ng har o’quv yili uchun universitet bilan bir yillik shartnoma tuzadi. Ushbu shartnomani olish uchun talaba Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining kontrakt.edu.uz sayti orqali ariza berishi kerak bo’ladi. Ariza berish orqali talaba darslarga o’z vaqtida qatnashishga va kontrakt to’lovini o’z vaqtida amalga oshirishga mas’ulligini tasdiqlaydi. Ushbu arizani Universitet ham tasdiqlaganidan so’nggina talaba shartnomani tizimdan yuklab olishi mumkin. Shartnoma bandlarida tomonlar majburiyatlari, talaba to’lovlarni qaysi muddatlarda amalga oshirishi kerakligi, amalga oshirmagan taqdirda universitet talabalari safidan chetlashtirilishi haqida batafsil yozilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-bob 36-bandining “e”-kichik bandiga asosan talaba o‘qish uchun belgilangan to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi sababli oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirilishi belgilab qo’yilgan. Shuningdek, ushbu Nizomning 4-bob 33-bandida O‘qishdan chetlashtirilgan o‘quv yilidagi kursiga talabani o‘qishga qayta tiklashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan. Lekin bu degani, talaba o’qishdan butunlay chetlashtirildi degani emas. Har yili ikki marotaba talabalardan o’qishini tiklash uchun arizalar qabul qilinadi. O’qishdan chetlashtirilgan talabalar o’qishini qayta tiklash uchun transfer.edu.uz sayti orqali belgilangan muddatlarda ariza berishlari mumkin. Shu o’rinda, shartnomada ko’rsatilgan to’lovni to’liq amalga oshirishning so’nggi sanasi 1-iyulga qadar universitetda o’quv jarayonlari tugashi, universitet tomonidan o’quv xizmatlari ko’rsatilib bo’linishi va talabalarni chetlashtirishdan universitet tomoni manfaatdor emasligini, qo’shimcha imkoniyatlar berilganligini, universitet esa yuqorida keltirilgan nizomga asosan buyruq chiqarganligini ta’kidlash lozim. Universitet tomoni talabalardan kelgusida o’qish uchun shartnoma to’lovlarini o’z vaqtida amalga oshirishlarini so’rab qolamiz.
Yana bir jihat, ijtimoiy tarmoqlarda nega TATU imkoniyat bermadi yoshlarga mazmunidagi «post»lar, munosabatlar bildirildi. Lekin bu aynan ushbu OTM talabalarga kontrakt toʻlashda keng imkoniyatlar berib kelganligi maʼlum boʻldi.
Masalan: TATU da 1 o’quv yili uchun o’rtacha kontrakt miqdori 8 200 000 so’mni tashkil etadi. Ushbu summani o’quv yilining boshi sentabr oyidan boshlab o’quv yilining oxiri iyul oyiga qadar 4 qismda 25% dan bo’lib-bo’lib to’lash imkoni yaratib berilgan. Bu degani o’quv yili mobaynida 10 oy uchun o’rtacha 820 000 so’mdan to’lovni amalga oshirish, to’lovni 100% o’z vaqtida amalga oshirishni anglatadi. Vaholanki hozirda biror bir xususiy o’quv markazlarida tahsil olish uchun oylik to’lovlar 1 000 000 so’mni tashkil etmoqda.
Biz holat yuzasidan oʻrganishlarimizni bayon etdik. Xulosa oʻzingizdan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu buyruq bilan chetlashtirilgan talabalar o’qishini qayta tiklash uchun transfer.edu.uz sayti orqali belgilangan muddatlarda ariza berishlari mumkin.