Ta’tilni maroqli o‘tkazish uchun qulay mashg‘ulotlar to‘plami

Yoz fasli yurtimizga o‘zining jazirama havosi bilan kirib keldi. Talabalar, o‘quvchilar o‘qishdan ta’tilga chiqishadi va tabiiyki ularning bo‘sh vaqti ko‘payadi. Kun issig‘ida dam olib, havo salqin paytlari nima qilsam ekan deb o‘ylanib qolmasligingiz uchun Avlod Media siz uchun ajoyib mashg‘ulotlar to‘plamini sizga tavsiya qiladi.

Sport bilan shug‘ullaning

Tabiat qo‘ynida yugurish, velosipedda sayr, sportning turli xillari bilan shug‘ullanish nafaqat ko‘ngilni ko‘taradi, balki tanani jismoniy holatda saqlaydi. Sportning istalgan turini olib qarasangiz ham barchasida harakat mavjud, shuning uchun qon aylanishi, nafas yetishmovchiligi va garmonal kasalliklardan qutulish uchun yaxshigina foyda beradi.

Velosipedda sayr qiling

Velosipedda sayr sizdagi jismoniy faollikni oshiradi va surunkali kasalliklarga chalinish xavfini kamaytiradi. Shuningdek, bu sayr toza havodan nafas olish, tabiatda bo‘lish, odamning ruhiy holatini ijobiy aks ettirish imkoniyatini beradi. Velosipedda sayr qilishning o‘zgacha adrenalini bor negaki, siz butun jussangiz bilan harakat qilasiz natijada, o‘zidan-o‘zi kayfiyatingiz ko‘tariladi va o‘zingizni yanada yengil his qilishni boshlaysiz. Bundan tashqari, velosipedning eng katta foydasi shundaki, tabiat uchun ekologik toza transport desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sevimli kitobingizni mutolaa qiling

O‘qish miyaga madaniy hordiq baxsh etadigan yana bir faoliyat turidir. Shunday qilib, agar siz o‘qishni juda yaxshi ko‘rsangiz, o‘zingizni bu zavqni mosuvo etmang. Bundan tashqari, kitoblar eng samarali tinchlantiruvchi vositalardan biri ekanligi olimlar tomonidan isbotlangan. Adabiyot bilan mutolaaning dastlabki olti daqiqasidan so‘ng sizda stress darajasi 68% ga kamayadi. Boshqa narsalar qatori, o‘qish yurak urishini normallashtirishga va mushaklarning zo‘riqishini yengillashishiga yordam beradi.

Foto suratlar oling

Ushbu mashg‘ulot juda maroqli. Fotosurat linzalari orqali odam tanish narsalarni yangicha idrok qila boshlaydi. Go‘zallikni topish jarayoni – siz abadiylashtirishni xohlagan daqiqani kutish, maksimal kontsentratsiyani, katta e‘tiborni va cheksiz sabr-toqatni talab qiladi. Atrof-muhitga qarash va unga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgaradi va hayotdagi barcha muammolar ahamiyatsizdek tuyila boshlaydi. Sizning qalbingizda atrof-muhit va butun olamga boshqacha mehr uyg‘ona boshlaydi. Umuman olganda ko‘pchilik insonlar ushbu mashg‘ulotni sevadilar va odatiy hobbyga ham aylantirishgan.

O‘zingiz sevgan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullaning

Siz bajarishdan zavqlanadigan, sizni xursand qiladigan, ichki olamingiz bilan berilib ketadigan sevimli mashg‘ulotingiz bilan shug‘ullaning. Odatda, qizlar onalarining yonida yurib to‘qish, tikish, pishiriqlar va turli xil taomlar tayyorlashni yoqtirishadi. O‘g‘il bolalar ko‘proq ko‘cha ishlarini qilishi, avtotexlarda avtomobil tuzatishni o‘rganishni va futbol o‘yinlariga borishni xush ko‘rishadi. Bundan tashqari, bir qator tadqiqotlar o‘tkazilganidan so‘ng, olimlar bunday sevimli mashg‘ulotlar ijodiy fikrlashni rivojlantirishga yordam berishini isbotladilar.