Bugun ta’lim sifatini oshirish eng dolzarb vazifa ekan buning asosiy omillaridan biri o‘qituvchi-pedagoglar mas’ulligi birlamchi vazifa hisoblanadi. Afsuski, hozirgi pedagoglari soha xodimlariga e’tibor berilmagan davrda shakllangan mutaxassislardir. Tan olish kerak, bugun bilim va mahorati, pedagogik qobiliyati o‘ziga xos bo‘lgan pedagoglar yetarli deb bo‘lmaydi. Shu bois ularni malakasini oshirish, moddiy qo’llab-quvvatlash hamon dolzarbligicha qolmoqda
Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida 44822 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Shundan 52,21%, ayollar 47,79% erkak soha hodimlaridir. 4,29 % professorlar, 1,22 % katta ilmiy xodim, 15,84 % dotsentlar va 78,64 % unvonsiz o‘qituvchilarni tashkil etadi.
To‘g‘ri, so‘nggi yillarda yurtimizda pedagog kadrlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, faoliyatida qog‘ozbozlikni kamaytirish, malakasini oshirish, ularni oylik maoshlarini oshirish, imtiyozli kreditlar berish borasida qator yutuqlarga erishildi. Ammo, ta’lim sohasi vakillarining oyliklari boshqa sohalardan ancha orqadaligicha qolmoqda.
O’qituvchilarning maoshi kammi?
Prezidentimiz pedagoglik kasbi eng sharafli eng obro‘li kasbga aylanishi lozimligini alohida ta’kidlagan edilar. Ularni oyligi ming AQSH dollarga yetadi degan prognozlar bor edi. Xo‘sh shunday bo‘ldimi?
Demak, tahlillarga ko‘ra, o‘qituvchilarning oyligi 4 yilda 1 545 ming so‘m oshgan.
Statistika agentligi 2024-yil yanvar-sentyabr holatiga ko‘ra, 2024-yilning III choragida O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshi 5,1 million so‘mga teng bo‘lib, bu ko‘rsatkich ko‘plab sohalarda ijobiy o‘sishni aks ettiradi. Biroq, ta’lim sohasidagi ko‘plab vakillar uchun bu o‘sish ancha past darajada qolmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra,ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha maoshi 3 million 484,7 ming so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ta’lim sohasi so‘nggi yillarda quyi pog‘onadan ko‘tarilmagan. Pedagoglarning 2020-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrdagi o‘rtacha ish haqi oshishi esa atigi 1 million 545 ming so‘mni tashkil etgan. Bu vaqt ichida boshqa sohalar, xususan bank, sug‘urta, va lizing kabi tarmoqlardagi ish haqlari 8 million 674 ming so‘mga oshgan.
Ayni paytda, eng yuqori oylik ko‘rsatkichlari bank, sug‘urta, lizing va vositachilik faoliyati xodimlariga tegishli bo‘lib, ushbu sohalarda o‘rtacha oylik ish haqi 14 million 488,8 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Shuningdek, ta’lim sohasidagi asosiy tarmoqlarda oyliklar o‘rtasida ham tafovut mavjud. Eng yuqori ko‘rsatkich oliy ta’lim sohasida (8 million 115,6 ming so‘m) bo‘lsa, maktabgacha ta’lim tizimidagi xodimlarning maoshi sezilarli darajada past bo‘lib, ularning oyligi o‘rtacha 1 million 874,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ta’lim sohasida ish haqlarining oshishi ta’lim sifati va pedagoglarning motivatsiyasini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Malakali o‘qituvchilar qayerda?
OTMlarida pedagog kadrlarning oyligini oshirish bo‘yicha sezilarli islohotlar amalga oshirilgan. To‘g‘ri, oyliklar ming dollarga yetmasada, bosqichma-bosqich yuqorilab borilmoqda. Masalan Toshkent Davlat Yuridik Universiteti professori Feruza Muhiddinova shunday deydi:
-“Oliy ta’lim tizimidagi pedagog kadrlarni maoshlari so‘nggi yillarda oshirildi. Qolaversa, paxtaga chiqish va majburiy tadbirbozliklarda ishtirok etish kabi ovoragarchiliklardan xalos bo‘lganmiz. Qolaversa, KPI 30% ва 60%ustamalar ham bor.”
Yana bir jihat, bugun davlat OTMlarida faoliyat olib borayotgan professor-
o‘qituvchilarni oyliklari xususiy-nodavlat OTMlarnikidan past. Shu boisdan ham tajribali ko‘plab soha xodimlari nodavlat oliygohlarga ishlash uchun o‘tib ketmoqda.
Ozoda Hazratqulova -Termiz Iqtisodiyot va Servis universiteti Filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori:
“Bugun har bir pedagog o‘z ustida tinmay ishlashi kerak. Davr talabi ham shu. Ta’lim sifati nodavlat OTMlarda past degan fikrlar yuradi. Ammo men bu qarashga umuman qarshiman. Masalan: Termiz Iqtisodiyot va Servis universitetida ta’lim sifati, dars uslubi davlat OTMdan ancha yuqori, sharoitlari ham. Zamonaviy texnologiyalar asosida dars jarayonlari tashkil etiladi. Shaxsan o‘zim dastlab Davlat OTMsida faoliyat olib bordim, hozirda esa xususiy OTMda ishlayapman. Davlat OTM sida 12 mln oylik olardim, hozirda 20 mln so‘m maosh olaman.”
O‘qituvchining malakasiga yuqori talab qo‘yish tizimini joriy etish kerak!
Ha,bugun pedagoglar uchun sharoitlar, imtiyozlar, imkoniyatlar yaratilmoqda, oylik-maoshlar oshirilmoqda. Nodavlat ta’lim muassasalari ko‘payib, ishlash uchun ta’lim muassasalari ham kam emas. Eng talabgor sohalardan biri ham o’qituvchilikka aylanib bormoqda.
Ammo bu borada, tan olib aytish kerak, ba’zi pedagoglar bilim va mahorati talabga javob bermaydi. Eskicha o‘qitish, eskicha usulda dars o‘tish ishlarini davom etmoqda.
Shuning uchun bugunning talabasi faqat diplom olish uchun darsga boradi, bilim olish uchun emas. Shuning uchun endilikda oliy o‘quv yurtlarida ishlaydigan o‘qituvchining malakasi va saviyasiga yuqori talab qo‘yish tizimini joriy etish kerak.
Zero, bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak.