Mamlakatimizda talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ular uchun ta’lim kreditlari ajratish, viloyatlik talabalarni turar-joy bilan ta’minlash, darsdan bo‘sh vaqtlarida ishlash imkoniyatini yaratib berilishi ham imkoniyatlar eshigini ochadi. Ammo afsus bilan aytish kerakki, talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklar jinoyatlar sodir etilayotgani achinarli holat. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda talabalar o‘rtasida o‘g‘irlik bilan bog‘liq noxush huquqbuzarliklar uchramoqda. Bu yoshlikdanmi, sho‘xlikdanmi yoki nochorlikdanmi? Xullas, oltin davrni tillaga teng soniyasini ilm olishda sarflamay kelajagini barbod qilayotgan talabalar ham yo‘q emas. Maqolamizdagi ikki talaba ham o‘zi faoliyat olib borayotgan kompaniyadan o‘g‘irlik qilib qamaldi.
Gap shundaki, “Uzum Market” xodimlari bo‘lgan ikki talaba kompaniya omboridan tovarlarni o‘g‘irlagani aniqlandi.
Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi ikki nafar 23 yoshli talaba A.T. va S.R.ni “Uzum Market” mulkini talon-toroj qilishda aybli deb topib, ularga nisbatan 2 (ikki) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Qayd etilishicha, ikki talaba “Uzum Market” internet-do‘konida o‘z xizmat mavqelaridan foydalanib, tovarlar shtrix kodini almashtirib, kompaniyaning 136.864.so‘mlik mulkini talon-toroj qilishgan.
Ular arzon tovarlarning kodlari orqali qimmatbaho tovarlarni olib chiqib, sotib yuborishgan. Sud jarayonida sudlanuvchilar o‘z ayblarini tan olmagan, biroq ularning aybi guvohlar va dalillar orqali isbotlangan.
Jinoiy sxema qanday ishlagan?
1. Shtrix kodlarni almashtirish: sudlanuvchilar omborda arzon va qimmat tovarlarning shtrix kodlarini almashtirgan. Masalan, qimmatbaho Apple Watch uchun arzon replika soatlarning shtrix kodini yopishtirishgan;
2. Buyurtma berish: ular tanishlarining hisoblari orqali arzon tovarlar uchun buyurtmalar rasmiylashtirgan;
3. Olib chiqib ketish: shtrix kodi almashtirilgan qimmat tovarlar buyurtmalarga qo‘shilib qadoqlangan va belgilangan punktlardan sudlanuvchilar yoki ularning tanishlari tomonidan qabul qilingan.
Jinoyatchilar tizimdagi mavjud zaifliklardan ham foydalanishgan. Xususan, ular omborda videokuzatuv kameralarining “o‘lik zonalari”da harakatlangan, shtrix kodlarni qayta yopishtirish imkonini beradigan logistika jarayonini suiiste’mol qilgan.
Sudlanuvchilar jami 25 dona mahsulotni talon-toroj qilgani aytilmoqda.
Xususan:
- Apple Watch (turli modellari, jumladan Series 9, SE 2)
- Samsung Galaxy Watch (5 va 6 modellari)
- Lenovo noutbuklari
- HP noutbuklari
- Quloqchinlar va boshqa aqlli gadjetlar
Hujjatlarda qayd etilishicha, o‘g‘rilik sxemasi kompaniyaning ichki xavfsizlik tizimidagi zaifliklardan samarali foydalangan holda amalga oshirilgan.
Talabalik shunday davrki, u kelajagingiz uchun tamal toshi qo‘yiladigan palladir. Shunday ekan uning har bir daqiqasidan unumli foydalanish lozim. Jinoyat ko‘chasiga kirish u yog‘da tursin, jinoyat qilishni o‘ylashning o‘zi katta xato, gunoh. O‘qish bilan bir paytda ishlash imkoni berilgan ekan, vijdonan, halol ishlash nafaqat talabaning balki, har bir insonning burchi hamdir.