2019/2020 – yildan boshlab, Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun qator islohotlar va imkoniyatlar eshigi ochildi. Davlat granti orqali talabalarni o‘qishga qabul qilish ko‘rsatkichlari oshirilib (nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj) oilalar farzandlariga ajratildi. Quvonarlisi shundaki, yurtimizdagi oliygohlarning barchasida “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasini shakllantirilib, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan talabalarga moddiy rag‘batlantirishlarni tayinlash” yo‘lga qo‘yildi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun to‘lov shaklidan qat’i nazar(stipendiyali yoki stipendiyasiz) belgilangan mezonlar asosida rag‘batlantirish to‘lovlari tayinlanadi.
Jamg‘arma mablag‘lari qayerdan shakllantiriladi?
Jamg‘arma mablag‘lari oliy ta’lim muassasalarining stipendiya to‘lovlari uchun belgilangan budjetning 10% miqdori hamda to‘lov-kontrakt bo‘yicha rejalashtirilgan tushumlarning 2 % miqdordagi manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Jamg‘arma talabalarga qanday moliyaviy ko‘mak bera oladi?
Agarda, oliy o‘quv yurtida ta’lim olayotgan talaba quyidagi mezonlarga:
– o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari a’lo darajada bo‘lsa;
– alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lsa;
– jamoat ishlarida faol;
– ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha talabalar;
to‘g‘ri kelsa, belgilangan stipendiyalarga nisbatan qo‘shimcha ravishda Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga 50 foizgacha miqdorda rag‘batlantirilishi mumkin.
Jamg‘arma tomonidan bir martalik yordam pulini qanday talabalar oladi?
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan oliy ta’lim muassasasida davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan iqtidorga ega, xalqaro, respublika va oliy ta’lim miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblari, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yokioila a’zolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo‘lgan bir martalik rag‘batlantirish yoki moddiy yordam to‘lovi beriladi.
Stipendiya to‘lovlariga ajratilgan, O‘zbekiston Respublikasining budjeti mablag‘larining hisobot davri yakuni bo‘yicha bo‘shab qolgan qismidan talabalarni qo‘shimcha ravishda moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirishi mumkin.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot yetakchisi bo‘lgan talabaga imtiyoz bormi?
Oliy ta’lim muassasalaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot yetakchisi bo‘lgan bakalavr va magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talabalarga, ularning ta’lim olish turi (grant yoki to‘lov-shartnoma) hamda fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bazaviy stipendiyaning besh baravari miqdorida har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalaridagi bakalavr va magistratura bosqichida ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga, ularning ta’lim olish turi (grant yoki to‘lov-shartnoma asosida) va o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bazaviy stipendiyaning 50 foizi miqdorida har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi. Agarda siz stipendiya tayinlash va to‘lashni amalga oshiruvchi stipendiya komissiyalari faoliyati, talabalarning o‘zlashtirish baholaridan kelib chiqqan holda to‘lanadigan stipendiyalar miqdori haqida to‘liq ma’lumot kerak bo‘lsa havola orqali tanishishingiz mumkin. https://www.lex.uz/ru/docs/-4725554#-4727877