Xronik stressni qanday aniqlash mumkin?
Agar siz doimiy ravishda salbiy hissiyotlarni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, bu xronik stressni ilk alomati. Keyingi bosqichlarda esa hayotga qiziqishning kamayishi, doimiy charchoq, motivatsiya yetishmasligi, yomon kayfiyat, depressiya, tez-tez kasallanish va hech qanday sababsiz asabiylashish bo‘lishi mumkin.
Muhayyo Xolmurodova
Shifokor
“Har qanday odamning tanasida doimiy ravishda u yoki bu miqdorda mavjud bo‘lgan stress gormoni kortizol deb ataladi. Buyrak usti bezlari po‘stlog‘i tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu kimyoviy modda ko‘plab biokimyoviy reaksiyalar uchun juda muhimdir. Xususan, qon tomirlarini toraytiradi, jigar va miyaning yaxshi ishlashini ta’minlaydi, shuningdek, qon bosimini oshiradi. Qondagi kortizol miqdorini tahlil qilish shifokorga turli xil kasalliklarni erta bosqichda aniqlash imkonini beradi. Xronik stress — bu uzoq davom etadigan va odamning ruhiy, jismoniy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan stress turi. Xronik stressning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin, masalan, doimiy ish bosimi, oilaviy yoki moliyaviy muammolar, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar yoki hayotdagi boshqa stressli holatlar. So‘nggi paytlarda talabalar o‘rtasida aynan xronik stress belgilari bilan shikoyat qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Buning asosiy sababi nosog‘lom turmush tarzi, tezpishar ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish bilan bog‘liq. Bunday holatlarda talabalar stressni yengish, dam olish va psixologik yordam olish juda muhim.”
Stressni qanday yengish mumkin?
Xronik stress odamni nafaqat ruhiy jihatdan charchatadi, balki uning umumiy salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday stressni yengish uchun sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, vaqtincha dam olish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga murojaat qilish va zarur bo‘lsa, professional yordam olish zarur.
Talabalik davri ko‘plab o‘zgarishlar va yangi tajribalar bilan bog‘liq bo‘lib, bu davrda stressning turli sabablari yuzaga kelishi mumkin. Talabalar bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum bo‘lishicha, talabalarning katta qismi o‘qish yuklamasi va imtihonlar, moliya bilan bog‘liq muammolar ta’sirida yuzaga kelishi haqida ma’lum bo‘ldi. Talabalar o‘rtasida o‘qishni tugatgandan so‘ng, talaba kelajakda qanday ish topishi, kasb tanlashi va hayotini qanday rejalashtirishi kerakligi haqida xavotir olayotganlar talaygina.
Eslatma! Agar talabalarda shunday holatlar kuzatilsa, stressni yengish, dam olish va psixologik yordam olish juda muhimdir. Shuningdek, samarali vaqtni boshqarish, muntazam jismoniy mashqlar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimiga ega bo‘lish va muammolarni ochiq muloqot orqali hal qilish stressni kamaytirishda yordam beradi. Unutmangki, agarda, oila muammolari, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar yoki boshqa shaxsiy stress omillari ham xronik stressni kuchaytirishi mumkin.
Jahon miqyosidagi mutaxassislar tavsiyalari
Yelena Lyubchenko, psixologiya fanlari nomzodi, trener, psixolog, terapevtga borishdan tashqari, har kim o‘ziga e’tibor berish kerak. Stress o‘zi yo‘qolmaydi, buning uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish lozim:
Jismoniy salomatlik: Sport bilan shug‘ullanish, toza havoda sayr qilish. Oziq-ovqat va uyquga e’tibor berish — bu asosiy ehtiyojlar, ular ruhiy holatni saqlash uchun juda muhim.
Ijtimoiy muloqot: Do‘stlar bilan muloqot qilish. Yaqinlar bilan hissiy qo‘llab-quvvatlash stressni yengishda juda katta rol o‘ynaydi.
Yomon xabarlardan yiroq yuring Yangiliklar va yomon xabarlarni cheklashga harakat qiling. Bir kun yangiliklarni o‘qimay yoki televizor tomosha qilmasdan o‘tkazish, stressni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Ish yukini boshqarish: Ish va o‘zingiz uchun ajratgan vaqtni taqqoslang. Mutanosiblikni me’yorida ushlang. Dam olish va o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish sizning ustuvorligingizga aylanishi kerak..
Ovqatlanish: Stress vaqtida tanamiz yuqori kaloriyali va shirin ovqatlarga intiladi, bu esa ortiqcha vazn va foydali moddalar yetishmasligiga olib keladi. Stress ostida doimo tez hazm bo‘ladigan ovqatlarga moyil bo‘lsak, bu vazn ortishiga va zarur mikroelementlarning yetishmasligiga olib keladi.
Tana parvarishi: Tana va jismoniy faollikka g‘amxo‘rlik qilish, kuchsizlik va depressiyadan chiqishga yordam beradi. Doimiy sayrlar, massajlar va aromatik yog‘lar bilan vanna olish holatingizni sezilarli darajada yaxshilaydi.
Rejalashtirish: Ertaga nima qilishingizni oldindan rejalashtiring — bu chalg‘ish va apatiya hislarini kamaytirishga yordam beradi. Hatto kichik qadamlar, oldindan o‘ylangan holda, ishonchni oshiradi va stressni kamaytiradi.
Aziz talabalar! Bu tavsiyalar o‘z ustingizda nazoratni ushlashga yordam beradi va stressni kamaytiradi. O‘zingizga e’tiborli bo‘lish sog‘lik uchun o’ta muhim, qolaversa, ruhiy salomatlik uchun zarurdir.