Talabalar yozgi ta’tilni qanday o‘tkazishmoqda?

Ha, yozgi ta’til barcha uchun bolalik davrlaridan beri o’qishlarsiz maroqli hordiqni esga soladi. Ammo inson ulg’aygani sari katta hayotga qadam bosar ekan, ta’tillar ham borgan sari qisqarib boraveradi.

Maktab davri yozgi ta’til 3 oy davom etar, bolalar bu 3 oyni o’ynab-kulib, mazmunli o’tkazishardi. Talabalarda esa, afsuski, yozgi ta’til bor yo’g’i 2 oygina bo’lib va mana shu 2 oy ko’z ochib-yumguncha birzumda o’tib ketadi. Nima ham derdik, boriga baraka, axir o’qishni bitirgach, biz talabalar ishga joylashamiz, u paytda ta’til vaqtlari yanada qisqarib ketadi. 

Keling, bu haqida hozir o’ylamaymiz, yaxshisi, talabalar yozgi ta’tilni qanday o’tkazayotganliklari haqida ularning o’zidan so’rab ko’ramiz:

Mohichehra Jamoliddinova

Samarqand davlat universiteti

Yozgi ta’til men uchun sayohatlar mavsumi, chunki yoshligimdan oilamiz bilan yoz faslida yurtimizning turli viloyatlari, tarixiy maskanlari, tog’ va suvli maskanlariga sayohat qiliib kelamiz, Bu an’anaga aylangan desam ham, bo’laveradi.

Ko’pchilik yoshlar chet elga sayohat qilishni orzu qilishadi, ammo men aniq bilaman: ular hali yurtimizdagi barcha bri-biridan go’zal va tarovatiga ega maskanlarni ko’rishga ulgurishmagan. To’g’ri, men ham kelgusida dastlab, Sharq mamlakatlariga, so’ngra Yevropa davlatlariga sayohat qilishni xohlayman, ammo yoshlarga shuni tavsiya qilardimki, avvalo, ona diyorimizning ko’plab tarixiy va go’zal maskanlarini ko’rishsin, keyin chet elga borishsa ham bo’laveradi. Nima bo’lganda ham, bu mening shaxsiy fikrim.

Botirali Daminov

O’zbekiston davlat konservatoriyasi

Yoz men uchun “sezon” payti! Chunki xalqimiz hamisha yoz faslida o’zining to’y-u tomoshalarini o’tkazadi. Musiqa sohasida o’qiganim uchun asosiy daromadim manbayi ham to’y hisoblanadi. Yoz faslida hatto kuniga 5-6 ta tagacha to’yga chiqishga ulguraman, albatta, risqim nasibaga yarasha.

Lekin yozgi ta’tilda dam olishni ham unutmayman. Do’stlarim yoki musiqiy guruhimiz a’zolari bilan vaqt topib bo’lsa ham, 2-3 kun dam olish uchun tog’ yon-bag’irlariga sayohat qilamiz, mazza qilib toza havodan bahramangd bo’lamiz va miriqib cho’milamiz. Yozni muzdek suvda cho’milishsiz tasavvur qilish qiyin bo’lsa kerak.

Yusufbek Qobilbekov

Inha universiteti

Yoz fasli ishlab oyoqqa turib olish yoki o’rganmoqchi bo’lgan narsalaringizni o’rganish uchun ajoyib fursat. Shaxsan o’zim bolaligimdan yozgi ta’tilda 3 oy ishlab pul topardim. Yo’q, bunga oilaviy ahvolim sabab emas, o’ziga to’q oilada voyaga yetganman, lekin yoshligimdan o’zimning shaxsiy pulim bo’lishini xohlardim va shuning uchun yoz kelmasidan oldin: yoz kelsa, u ishni qilaman, buncha pul topaman deb o’ylab yurardim. Balki, shuning uchun ham kichik bo’lsa ham, o’zimning shaxsiy biznesim bor.

Ammo talablik davrida yoz faslini qo’shimcha narsalarni o’rganishga sarflayman: turli  chet tillarini o’rganaman (hozirda koreys va ingliz tillarini bilaman), qo’shimchasiga, zamonaviy digital kasblarni ham o’rganib bormoqdaman. Fikrimcha, yo’nalishi va kasbidan qat’iy nazar, har bir yosh avlod ushbu digital kasblardan he ch bo’lmaganda bittasini bilishi kerak. Bu, albatta, kelgusida kerak bo’ladi!

Nigora Botirova

Andijon davlat tibbiyot instituti

Yozda meni mollar to’la qishlog’im o’z bag’riga chorlaydi, men buni aytishdan uyalmayman, chunki oilamizning asosiy daromadi ana shu mollar: sigir-u qo’ylardan. O’quv yili davomida uydagilar menga tegishmaydi, dadam: “Sen hozir o’qishing, o’z ustinigda ko’proq ishlashing kerak!”, deydilar.

Bunga onam ham bo’sh kelmaydilar: “Yoz kelsin, hamma ishni o’zing qilasan”, deydilar. Ha to’g’ri-da, uydagilar men qarashmasam, kim qarashadi? Axir hali ukalarim juda kichkina, ota-onamga ham oson emas, men yozda jon-jon deb ularga yordam beraman: mollarga qarayman, tagini tozalayman, yemini beraman, sutini sog’aman, dalaga olib chiqaman, xullas, ularni parvarish qilaman. Balki, uzatilib ketsam, kelin bo’lib tushgan uyimda bu ishlarni qilmasman, yana ham bilmadim, nima nasib qilgan bo’lsa, shu bo’ladi!