Talabalar orasida har yili o‘zining yutuqlari va ta‘limdagi yaxshi natijalari bilan boshqalariga o‘rnak bo‘ladiganlari ko‘paymoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan iqtidorli talabalarni qo‘llab – quvvatlash va rag ‘batlantirish maqsadida nomli davlat stipendiyalari joriy etilgan. Qanday qilib ularni qo‘lga kiritsa bo‘ladi? Stipendiya qanday talabalarga beriladi? degan savollarga maqola davomida javob olamiz. Dastlab, stipendiyalar qanday yo‘nalishlar uchun qanaqa nom bilan ta‘sis etilganiga birma-bir to‘xtalamiz:
- Aniq fanlar va texnika yo‘nalishlarida – Abu Rayhon Beruniy
- Tibbiyot yo‘nalishlarida – Abu Ali ibn Sino
- Gumanitar yo‘nalishlarda – Alisher Navoiy
- Tabiiy yo‘nalishlarda – Mirzo Ulug‘bek
- O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida – Imom al Buxoriy
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan (10.08.2023, PF – 132) sonli qaroriga muvofiq, 2- bandiga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan,
- Tas‘viriy san‘at va dizayn yo‘nalishlarida – Kamoliddin Behzod
- Kinemotografiya yo‘nalishlarida – Xudoybergan Devonov
- Tarix va geoegrafiya yo‘nalishlarida – Zahiriddin Muhammad Bobur
- Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida – Pahlavon Mahmud
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy ta‘lim muassasalarida – To‘lipbergen Qayipbergenov va Ibrayim Yusupov
- Barcha yo‘nalishlarda – Islom Karimov nomidagi yangi stipendiyalar joriy etildi.
Ushbu stipendiyalar barcha fanlardan yaxshi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ‘’a‘lo’’ (ko‘pi yaxshi 25 foizi ‘’yaxshi’’) bo‘lgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat ta‘lim yo‘nalishida o‘qiyotgan oxirgi ikki kurs ( keyingi o‘rinlarda – yuqori kurs ) talabalari uchun beriladi. Talabalar ushbu imkoniyatni taqdim etgan muassasa yoki tashkilotga ariza topshirish orqali stipendiya olish huquqiga ega bo‘lishlari mumkin. Ular o‘zlarining yutuqlari va homiylar tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiqligini ko‘rsatish uchun zarur hujjatlarni taqdim etishlari kerak. Odatda, ular ma‘lum bir vaqt uchun taqdim etiladi, lekin ba‘zi hollarda ular uzaytirilishi mumkin. Stipendiyalarning afzalliklari orasida sizning ta‘lim olishingiz uchun qo‘shimcha moliyaviy yordam, o‘qish va malaka oshirishga e‘tibor qaratish imkoniyati shuningdek, talabaning yutuqlari uchun e‘tirof va mukofotlar kiradi. Ular ko‘pincha obro‘li hisoblanadi va keyingi marotaba rivojlanishga olib kelishi mumkin. Shu o‘rinda nizom bilan tasdiqlangan qaror bo‘yicha stipendiyalar quyidagi kurs talabalari uchun tayinlanadi:
- Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod va Mirzo Ulug‘bek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat ta‘lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori kurs talabalarning har ming nafaridan bittasiga;
- Imom al Buxoriy nomli davlat stipendiyasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 3 nafar yuqori kurs talabasiga;
- Xudoybergan Devonov nomli davlat stipendiyasi kinemotografiya sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta‘lim muassasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
- Bobur nomidagi davlat stipendiyasi tarix va geografiya yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta‘lim muassasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
- Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta‘lim muassasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
- To‘lipbergen Qayipbergenov va Ibrayim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi har bir oliy ta‘lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
- Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi har bir oliy ta‘lim muassasining bir nafar yuqori kurs talabasiga tayinlanadi.
Agar stipendiyalarni qo‘lga kiritish uchun hujjat topshirishga ishtiyoqi bor talabalar bo‘lsa fakultetingiz dekanatiga murojaat qilsangiz bo‘ladi. Yanada ko‘proq ma‘lumotlar yoki savollar paydo bo‘lsa Lex.uz saytida batafsil qaror va nizomlar mavjud bo‘lib, tanishib chiqsangiz bo‘ladi. Stipendiyani qo‘lga kiritgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan tasdiqlangan guvohnomaga ega bo‘ladi. Shu bilan birga g‘oliblar o‘qishni tugatgandan so‘ng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat grandi asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bundan tashqari xayriya tashkilotlari va homiylar tomonidan ta‘sis etilgan nomli stipendiyalar ham mavjud bo‘lib, ular talabalarning yanada yaxshi ta‘lim olishilari uchun yordam tariqasida beriladi. Har yili, Ziyo Forum ilm – fan va ta‘lim tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi ham o‘zining stipendiyalari bilan talabalarning yaxshi ta‘lim olishi uchun imkoniyat yaratib kelmoqda. Bilimlaringizni oshirishda davom etsangiz, albatta bir kun kelib katta marralarga siz ham erishasiz.