Talaba qaysi sohalarda ishlayapti?
Toshkentdagi talabalar o‘qish bilan birga moliyaviy mustaqillikni ta’minlash maqsadida turli ishlar bilan shug‘ullanishadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2024- yilda O‘zbekistonda rasman ishlayotgan talabalar soni 114 239 nafarni tashkil etgan. Ularning – 61 977 nafari (54,3 foiz) davlat tashkilotlarida; 48 371 nafar (42,3 foiz) xususiy subyektlarda faoliyat olib borgan.
Hududlar kesimida tahlil etganimizda, eng ko‘p Toshkent shahrida – 35 939 nafar (31,5 foiz) talabalar bandligi ta’minlangan. Bu ko‘rsatkich, Samarqand viloyati – 9 914 nafar (8,7 foiz)ni, Farg‘ona viloyati – 9 697 nafar (8,5 foiz)ni tashkil qiladi. Mavzuni o‘rganish davomida dastlab talaba-yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Natijaga ko‘ra eng ko ‘p ishlayotgan poytaxtdagi talabalar bo‘lib, ular asosan quyidagi soxalarda faoliyat olib borishmoqda.
Avvallari talabalarni aksariyati repetitorlik bilan shug‘ullangan bo ‘lsa, endilikda IT va Dasturlashga bo‘lgan qiziqish tufayli ko‘plab talabalar IT sohasida frilanser sifatida ishlashayotgani ma’lum bo ‘ldi. Veb-dizayn, mobil ilovalar yaratish va dasturlash bo‘yicha ishlash talabgorlar orasida juda mashhur. Shuningdek, SMM (Social Media Marketing) – Talabalar o‘z vaqtlarini internetda ijtimoiy tarmoqlarni boshqarish, reklamalar joylashtirish va kontent yaratish kabi ishlar bilan shug‘ullanishadi.
Poytaxtdagi talabalar qancha daromad topishadi?
Eng ommabop sohalardan biri bu mobilografiya va SMM (ijtimoiy tarmoqlarni boshqarish) bo‘lib, bu sohalar talabalar uchun moslashuvchan ish jadvali taqdim etadi, bu esa o‘qish bilan ishni birgalikda amalga oshirish imkonini beradi.
Misol uchun, Toshkent Davlat Texnika universiteti talabasi Zahro Mamatmo‘minova – SMM sohasida ishlaydi. Oyiga ming AQSHdollargacha daromad topadi va haftasiga 30 soat ish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi Ulmeken Jarasbaeva esa, har oyda 400 AQSH dollarigacha o‘rtacha daromad qiladi va haftasiga 30 soatgacha ishga vaqt ajratadi.
Shuningdek, ba’zi talabalar bir martalik loyihalarda ishlashni afzal ko‘rishadi. Masalan,Toshkent Davlat Stomotologiya instituti talabasi Fotima o‘qish yuklamasi yuqori bo‘lgani uchun doimiy ishlardan voz kechgan, ammo video suratga olish va montaj qilish orqali bir soatlik ish uchun 2 million so‘mgacha pul topadi.
Talabalar o‘zlarining o‘qish va ishlash orasidagi muvozanatni saqlashga intilib, moliyaviy mustaqillikni ta’minlash uchun turli ish imkoniyatlarini izlaydilar.
Repetitorlik
Repetitorlik talabalar orasida eng mashhur ishlash yo‘llaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yosh o‘qituvchilar ko‘pincha til o‘rgatish markazlarida ishlaydi yoki abituriyentlarga test topshirishga tayyorlanishda yordam beradi. Bu soha talabalar uchun qulay, chunki ish va o‘qishni birgalikda olib borish imkonini beradi. Bu orqali ham o‘rtacha 500 AQSH dollari va undan ko‘p daromad qilayotgan talabalar bor. Ayniqsa, ingliz-tili yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar bu borada ancha ilg‘or.
Kafelar va Restoranlarda ishlash
Xizmat ko‘rsatish sohasida ishlash ham talabalar o‘rtasida juda ommabop bo‘lgan yana bir ish turi. Ko‘pincha ular ofitsiant yoki barista sifatida kafelarda va restoranlarda ishlashadi. Ayniqsa o‘tgan yillar davomida talabalar o‘rtasida ushbu sohada ishlash keng tarqalgandi.
Poytaxtimizdagi o‘rtacha xizmat ko‘rsatish sifatiga ega kafeda ishlagan talaba oyiga 5-6 million so‘mgacha daromad olishadi, bunda ular kuniga 8-10 soatlik smenada ishlashadi. Biroq, bunday smena ko‘p vaqt va kuch talab qiladi, bu esa o‘qishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Ba’zi talabalar esa o‘qish bilan birga ishlash uchun yanada moslashuvchan variantlarni afzal ko‘rishadi, masalan, faqat yakshanba kunlari yoki kechqurun ishlash. Shuningdek, keng tarqalgan ish variantlaridan biri – idish yuvuvchi bo‘lish. Bu esa o‘qish va ishlashni birlashtirish imkonini beradi, ammo daromad pastroq bo‘ladi.
Talabalar bilan suhbatlar
Maqola yozish jarayonida Toshkentdagi “fast-food” ovqatlanish tarmoqlaridan birida ishlaydigan, Toshkent Tibbiyot Akademiyasi talabasi bo‘lgan alijon (ism o‘zgartirilgan) bilan suhbatlashdik. U birinchi kursdan boshlab kechqurun va tunlarda tez ovqatlanish joyida ishlaydi va har smenada 200 ming so‘mgacha pul topadi. U o‘qish va ishga bir vaqtda ulgurib, o‘zining o‘qish jadvaliga mos ravishda ish vaqtini tanlagan
Kuryerlar
So‘nggi paytlarda oziq-ovqat va tovarlarni yetkazib berish xizmatlarida ishlash talabalar orasida eng keng tarqaldi. Sababi bu ish moslashuvchan ish jadvalini taqdim etadi va talabalarga vaqtlarini mustaqil ravishda rejalashtirish imkonini beradi. To‘liq ish vaqti bilan ishlaydigan kuryerlar oyiga 800 AQSH dollarigacha daromad olishadi, ammo haqiqiy daromad buyurtmalar soniga, yetkazib berish masofasiga bog‘liq bo‘ladi.
Talabalar ko‘pincha kechki smenalarni yoki dam olish kunlari ishlashni afzal ko‘rishadi, chunki bu ularning o‘qish bilan ishni birlashtirishlariga imkon beradi. Daromad, shuningdek, yetkazib berish usuliga – velosiped, skuter, avtomobil yoki piyoda ishlashga qarab o‘zgaradi.
Talabalar orasida kuryerlik qilib oyiga 400-500 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ ishlab topayotgan, o‘zini ijara va kontrakt to‘lovlarini to‘ lab kelayotgan ikki nafar talaba yigitlar bilan ham suhbatda bo‘ldik. Ularning aytishicha, ular yo‘l harakati qoidalarida asabbuzarliklarni hisobga olmaganda hammasi joyida ekanligini e’tirof etishdi. Ismi oshkor etilishini istamaggan talabalar bu orqali nafaqat o‘qish harajatlari qolaversa, uyidagi oila a’zolariga ham yordam berib kelayotganligini aytishdi.
Fotograflar va Videograflar
Fotografiya va videografiya bilan shug‘ullanishni bilgan talabalar ko‘pincha bu sohani o‘zlarining qo‘shimcha daromad manbai sifatida tanlashadi. Talaba agar mustaqil fotograf sifatida ishlashsa, oyiga 3-4 mln- so’mgacha daromad olish mumkin. Boshlovchi videograflar loyihaning turiga qarab, oyiga 3-5 mln so ‘mgacha daromad olishlari mumkin.
Call-markazlarda ishlash
Call-markazlarda ishlash maxsus ko‘nikmalarni talab qilmaydi. Toshkentdagi ish qidirish platformalariga ko‘ra, call-markaz operatorlarining o‘rtacha daromadi oyiga 5-15 mln so‘m atrofida. Daromad miqdori ish jadvali, ishlangan soatlar va bonus tizimiga qarab o‘zgaradi.
Talabalar ko‘pincha call-markazlarda operator, issiq liniya bo‘yicha mas’ul, maslahat beruvchi yoki buyurtmalarni qayta ishlash mutaxassisi sifatida ishlashadi. Biroq, bu sohada ishlash uchun ish jadvali har doim o‘qish bilan birga bajarishga mos kelmasligi mumkin, chunki ish beruvchilar ko‘pincha to‘liq smenalarni taklif qilishadi, bu esa talabalar uchun qo‘shimcha yuk bo‘lishi mumkin.
Taksi xizmati
Shaxsiy avtomobili bo‘lgan talabalar ko‘pincha taksi xizmatlarida ishlashni qulay va moslashuvchan daromad olish usuli sifatida tanlashadi. Ba’zi talabalar avtomobilni ijaraga olishadi.
Talabalar- haydovchilarning o‘rtacha daromadi kuniga 200-300 ming somni tashkil qiladi, bu buyurtmalar soniga, vaqtga va talabga qarab o‘zgaradi. Biroq, avtomobilning yoqilg‘i va texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini ham hisobga olish zarur, chunki ular yakuniy daromadga ta’sir qiladi. Akbar ismli talaba haydovchi so ‘nggi paytlarda poytaxtda haydovchilik qilish orqali kun kechirish muammoga aylanib borayotganligini aytadi. Ayniqsa qish paytida yonilg‘i masalasi biz talabalarni ham qiynadi deydi u.
Xulosa
Eng foydali yo‘nalishlar IT, SMM va mobilografiya bo‘lib, ular masofadan ishlash imkonini beradi. Repetitorlik, kuryerlik va taksi xizmatlari esa moslashuvchan ish jadvali taqdim etadi. Biroq, bu ishlar daromadi buyurtmalar soni va talabalar soniga qarab o‘zgaradi. Kafelarda, do‘konlarda va call-markazlarda ishlash barqaror daromadni ta’minlasa-da, bu sohalar belgilangan jadvalni talab qiladi, bu esa o‘qishga to‘sqinlik qilishi mumkin. Chet elda yozgi ishlar, ayniqsa Germaniya va Turkiyada, talabalar o‘rtasida mashhur, lekin bu ishlar tayyorgarlik va moliyaviy sarmoyalarni talab qiladi.
Umuman olganda, talabalar o‘zlarining individual imkoniyatlari va o‘qish jadvaliga mos ravishda ish tanlaydilar. Asosiysi, ishni o‘qish bilan uyg‘unlashtirib, nafaqat daromad, balki foydali tajriba ham orttirishdir. Endilikda Grantlarni taqsimlashdagi yangi tartibga asosan yaxshi o ‘qigan talabalarga qo‘shimcha grantlar ajratiladi, bu esa kontraktini to‘lash uchun ishlayotgan tallabalarga ham katta imkoniyat bo‘ladi, agarda ular yaxshi o‘qisa. Kontraktni ishlab emas balki yaxshi o‘qib grant yutib to‘lash yaxshiroq emasmi? Bu borada siz nima deysiz?